Ta’lim tizimini boshqarishda axborotlarning obyektivligi va to‘liqligi. Tizimni boshqarishning samaradorligi axborotlarning qanchalik aniq va to‘liqligiga ham bog‘liq. Agar axborotlar to‘liq, ammo haddan ziyod ko‘p bo‘lsa, qaror qabul qilishda chalkashlikka yo‘l qo‘yiladi. Boshqaruv jarayonida axborotdan samarali foydalanish ta’lim muassasasi faoliyatining muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga yordam beradi.
Ta’lim muassasini boshqarishda muayyan vazifalarning ijobiy hal qilinishi ko‘zda tutiladi. Ular quyidagilardir:
Ta’lim-tarbiya jarayonini pedagogik tahlil qilish
Maqsad qo‘yish va rejalashtirish
Ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil qilish
Muassasa ichki boshqaruvini nazorat qilish
Muassasa faoliyatini tartibga solish.
Pedagogik jamoaning o‘ziga xosligi.Fan-texnika taraqqiy etib, ijtimoiy munosabatlar mazmuni axborotlarga tobora boyib borayotgan, fan olamidagi yangiliklar, psixologiya-pedagogika fani rivoj topayotgan bir davrda o‘qituvchilarning o‘z ustida mustaqil ravishda ishlashlari, malakalarini oshirib borishlari, mustaqil izlanish ko‘nikmasiga ega bo‘lish va ijodkor bo‘lishlarini talab qiladi. O‘quv-tarbiyaviy jarayonni boshqarish pedagogik jamoa faoliyatini tashkillashtirish orqali amalga
oshiriladi. Shu sababli ta’lim muassasini boshqarishning asosiy obyekti pedagogik jamoa hisoblanadi.
Ijtimoiy boshqaruvning asosiy mohiyati ikki asosiy masalani yechishga qaratiladi:
Pedagoglar faoliyatini yo‘naltirish.
Pedagoglar faoliyatini faollashtirish.
Birinchi masalani hal qilish uchun boshqaruv subyekti xodimlar faoliyatini talab etiladigan yo‘nalishga soluvchi ma’lum dasturni ishlab chiqishni amalga oshiradi. Ikkinchi masalani hal etish uchun shaxsning hissiy-ehtiyoj sohasidagi talablarini (moddiy va ma’naviy, jamoadagi ijtimoiy-psixologik muhitni yaxshilash, mehnatni tashkillashtirishning samarali yo‘llarini ishlab chiqish) rag‘batlantirishni qondiruvchi imtiyozli sharoitlar yaratiladi.
Pedagogik faoliyatni faollashtirishda boshqaruv dasturining sifati, ya’ni aniqligi, real sharoitga asoslanganligi, pirovardida yuqori natija berishi, ishlanganlik darajasi ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Har bir sohaga oid dasturlar alohida xususiyatlarga ega bo‘ladi, biroq ularning barchasida quyidagi qonuniyatlar kuzatiladi: bajariladigan ish qay darajada ko‘proq ijodiy mehnatni talab qilsa, jamiyat shu darajada insonparvarlashib va demokratlashib boradi, cheklashlar qay darajada kam bo‘lsa tashabbus bilan ishlash darajasi shuncha ortib boradi.
Respublikamiz hukumati ta’lim sohasida o‘rtaga qo‘yyayotgan vazifalarni bajarish ko‘p jihatdan pedagogik jamoaga bog‘liq. Yangi iqtisodiy siyosatga o‘tish sharoitida ta’lim-tarbiyadan ko‘zlangan maqsadga erishish vazifasi asosan pedagogik jamoa zimmasiga yuklatilgan. Bu o‘z navbatida o‘quv muassasasini boshqaradigan rahbarning faoliyati bilan bevosita bog‘liqdir. Qaysi o‘quv muassasasida ichki va tashqi tnazorat yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, o‘sha ta’lim maskanida ta’lim-tarbiya ishlari ham izchil bo‘ladi. Pedagoglar jamoasi ishini sistemali nazorat qilish bir tomondan har bir pedagogning o‘z ishi uchun mas’uliyatini oshiradi hamda o‘z ishida kamchiliklarni vaqtida aniqlash va tuzatish imkonini beradi.
Ta’lim muassasi ishini har jihatdan to‘g‘ri tashkil qilish, uning samaradorligi natijasi garovidir. Bu esa jamoa mehnati jarayonlarini oqilona yo‘lga qo‘yishni taqoza etadi. Binobarin, yoshlarni tarbiyalash ko‘plab kishilarning umumiy mehnati jarayonida hal qilinar ekan, demak bu mehnatning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan ularning kuchlari qanchalik to‘g‘ri yo‘naltirilganligiga, maqsadlar birligi va harakatlar muvofiqligi qanday ta’minlanayotganligiga bog‘liqdir. Aks holda birgalikda qilinayotgan jamoa mehnatining samaradorligi pasayib ketishi mumkin. Maqsadlarni tushunish birligini amalga chiqarish, so‘ngra bu maqsadlarga erishish jarayonida o‘zaro aloqalarni ta’minlash maktabni boshqarishning muhim vazifasi bo‘lib, bu vazifaning pirovard natijasi asosan rahbarning faoliyatiga bog‘liq.