Pedagogikaningob’ekti, predmeti, maqsadva vazifalari. Pedagogika fanining ob’ekti uzluksiz ta’lim sub’ektlari bo’lib, predmeti esa – ta’lim-tarbiyaning zamonaviy qonuniyatlari, mazmuni, usullari va vositalari bilan, o’sib kelayotgan yosh-avlodni hamda mutaxassislarni qurollantiruvchi fan bo’lganligi uchun uning metodologik asoslari, maqsad va vazifalari dunyoning moddiy-ma’naviy rivojida shaxs kamoloti uyg’unligi qonuniyatlari va davlatning zamonaviy siyosatidan kelib chiqadi.
- Pedagogika fani shaxsni shakllantirishdek ijtimoiy buyurtmani bajarish orqali jamiyat taraqqiyotini ta’minlashga alohida hissa qo‘shadi. Fanning maqsadi va vazifalarini belgilashda ijtimoiy munosabatlar, davlat va jamiyat qurilishi, uning hayotida yetakchi o‘rin tutuvchi g‘oyalar muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasida pedagogika fani yuksak ma’naviy-axloqiy sifatlarga ega yuqori malakali kadrni tarbiyalash tizimini ishlab chiqish, ta’lim va tarbiya nazariyasini milliy istiqlol g‘oyasi asosida ijodiy rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu jarayonda quyidagi vazifalar bajariladi:
Pedagogikaning boshqa fanlar bilan aloqasi.Ijtimoiy tarbiya mohiyatini ilmiy jihatdan asoslash ma’lum pedagogik hodisaning muayyan vaziyatlarda namoyon bo‘lish qonuniyatlarini bilishni taqozo etadi. Bizga ma’lumki, pedagogik hodisa murakkab tuzilmaga ega bo‘lib, uning umumiy mohiyatini to‘laqonli anglash uchun bir qator fanlarning imkoniyatlariga tayaniladi.
Falsafa – shaxs rivojlanishi jarayonining dialektik xususiyatlari, muayyan pedagogik g‘oya, qarash hamda ta’limotlarning falsafiy jihatlari kabi masalalarni tahlil etishga imkon beradi.
Iqtisodiyot nazariyasi – ta’lim muassasalarining faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘quv binolarini qurish, ta’lim-tarbiya jarayonlarini tashkil etish va ularning moddiy-texnika va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash kabi masalalarning iqtisodiy jihatlarini anglashga xizmat qiladi.
Sotsiologiya – ijtimoiy munosabatlar mazmuni, ularni tashkil etish shartlari xususida ma’lumotlarga ega bo‘lish asosida ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining o‘zaro munosabatlarini samarali tashkil etish uchun imkoniyat yaratadi.
Etika (axloqshunoslik) – shaxs ma’naviyatini shakllantirish, unda eng oliy insoniy sifatlar, axloqiy ong va ma’naviy-axloqiy madaniyatni tarbiyalashda muhim o‘rin tutuvchi nazariy g‘oyalarni pedagogik jarayonga tatbiq etishda alohida o‘rin tutadi.
Estetika – shaxs tomonidan go‘zallikning his etilishi, unga intilishi, shuningdek, unda estetik didni tarbiyalashda muhim yo‘nalishlarni aniqlashga xizmat qiladi.
Fiziologiya – o‘quv-tarbiya jarayonida bolalarning fiziologik, anatomik xususiyatlarini inobatga olinishi uchun boshlang‘ich asoslarni beradi.
Gigiyena – o‘quvchilarning salomatligini muhofazalash, ularning jinsiy jihatdan to‘g‘ri shakllantirishda nazariy va amaliy g‘oyalari bilan yordam beradi.
Psixologiya – shaxsda ma’naviy-axloqiy, ruhiy-intellektual, hissiy-irodaviy sifatlarni tarkib toptirish uchun zamin yaratadi.
Tarix – pedagogika fani taraqqiyoti, ta’lim-tarbiya jarayonlarining dinamik, dialektik xususiyatlarini inobatga olish, shuningdek, xalq pedagogikasi g‘oyalarini kelgusi avlodga uzatish uchun yo‘naltiriladi.
Madaniyatshunoslik – o‘quvchilarda insoniyat tomonidan yaratilgan moddiy va ma’naviy madaniyat asoslari haqidagi tasavvurni shakllantirish, ularda madaniy xulq-atvor xislatlarini tarkib toptirish uchun xizmat qiladi.
Tibbiy fanlar – shaxsning fiziologik-anatomik jihatidan to‘g‘ri rivojlanishini ta’minlash, uning organizmida namoyon bo‘layotgan ayrim nuqsonlarni bartaraf etishga amaliy yondashuv, shuningdek, nuqsonli bolalarni o‘qitish hamda tarbiyalash muammolarini o‘rganishda ko‘maklashadi.
Ma’naviyat asoslari – jamiyat, inson va ma’naviyat o‘rtasidagi munosabatlarni, ma’naviyatning jamiyat taraqqiyoti, inson ongini rivojlanishidagi roli, fuqarolarni ma’naviy tarbiyalash omillarini o‘rganadi.
Shaxs kamolotini ta’minlash, uning intellektual, ma’naviy-axloqiy hamda jismoniy jihatdan rivojlanishiga erishishda turli yosh davrlari, har bir davrning o‘ziga xos jihatlari, shuningdek, bolaning fiziologik, psixologik holatini inobatga olish maqsadga muvofiqdir. Yaxlit pedagogik jarayon muayyan turkumni tashkil etuvchi pedagogik fanlar tomonidan o‘rganiladi.
Pedagogika nazariyasi – ta’lim yoshidagi bolalar, o‘smirlar va o‘spirinlarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish masalalarini o‘rganadi.
Pedagogika tarixi – ta’lim-tarbiyaga oid pedagogik fikrlarning rivojlanish, taraqqiy etish tarixini, shaxsni o‘qitish va uni tarbiyalashning tarixiy shakllarini, shuningdek, asrlar davomida pedagogik jarayonda qo‘llanilib kelingan metod va vositalarni o‘rganadi.
Maktabgacha ta’lim pedagogikasi – maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni tarbiyalash, ularni intellektual, ma’naviy-axloqiy va jismoniy jihatdan kamolotga yetkazish masalalarini o‘rganadi.
Boshlang‘ich ta’lim pedagogikasi – boshlang‘ich sinflar o‘quvchilarini tarbiyalash, ta’lim berish, ularning o‘ziga xos psixologik, fiziologik xususiyatlarini tadqiq etish, ularni intellektual, ma’naviy-axloqiy va jismoniy kamolotga yetkazish masalalarini o‘rganadi.
Korreksion (maxsus) pedagogika – rivojlanishida turli psixologik va fiziologik nuqsonlari bo‘lgan bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bilan bog‘liq muammolarni o‘rganadi. Korreksion pedagogika tarkibiga turli sohalar kiradi. Ya’ni:
Surdopedagogika va surdopsixologiya – yeshitish qobiliyati buzilgan bolalarni rivojlantirish, o‘qitish va tarbiyalash masalalarini o‘rganadi.
Oligofrenopedagogika va oligofrenopsixologiya – aqli zaif bolalarni rivojlantirish, o‘qitish va tarbiyalash masalalarini o‘rganadi.
Tiflopedagogika va tiflopsixologiya – ko‘rish qobiliyati buzilgan bolalarni rivojlantirish, o‘qitish va tarbiyalash masalalarini o‘rganadi.
Nutq buzilishlari psixologiyasi – nutqi, motorli-harakatlanish doirasida murakkab nuqsonlar bo‘lgan bolalar (ko‘r, soqov va kar bolalar)ni rivojlantirish, o‘qitish va tarbiyalash masalalarini o‘rganadi.
Metodika xususiy fanlarni o‘qitish xususiyatlarini o‘rganadi
Pedagogik mahorat – bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy mahoratlarini oshirish, takomillashtirish muammolarini o‘rganadi.
Pedagogik texnologiya – ta’lim va tarbiya jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash, texnologik yondashuv asosida ta’lim va tarbiya jarayonining samaradorligini oshirish muammolarini o‘rganadi.
Ijtimoiy pedagogika – shaxsni ijtimoiylashtirish jarayoniga salbiy ta’sir etuvchi omillarni, ularni bartaraf etish yo‘llarini, ijtimoiy yordamga muhtoj shaxslar toifalariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy-pedagogik yordam mohiyatini, turlari, shakl, metod va vositalarini o‘rganadi.
Kasbiy pedagogika – ta’lim oluvchilarga muayyan kasb yoki hunar yo‘nalishida maxsus bilimlarni berish asosida ularda amaliy ko‘nikma hamda malakalarni shakllantirish, kasbiy faoliyatni malakali tashkil etish, kasbiy mahoratni takomillashtirish masalalarini o‘rganadi.
Ta’lim menejmenti – ta’lim muassasalarining faoliyatini yo‘lga qo‘yish, boshqarish, nazorat qilish, istiqbolni belgilash masalalarini o‘rganadi.
Qiyosiy pedagogika – turli xalqlarning shaxsni tarbiyalashga oid pedagogik qarashlari, ta’lim-tarbiya tizimi, pedagogik ta’limotlarning mohiyati, shuningdek, jahon ta’limiga xos bo‘lgan samarali shakl, metod, vosita va innovatsion yondashuvlarni qiyosiy-ginetik jihatdan o‘rganadi.
Konfliktologiya – ta’lim jarayonida yuzaga keladigan pedagogik muammolar, ta’lim oluvchi va ta’lim beruvchi o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyatlar mohiyati, ularni samarali bartaraf etish yo‘llarini o‘rganadi.