vazifalar hal qilinadi:
Ma’naviy-axloqiy tarbiya mazmuni va ilmiy dunyoqarash. Jamiyatda kechayotgan ijtimoiy islohotlarning samaradorligi uning fuqarolari ega bo‘lgan ma’naviyatga bog‘liq. Ijtimoiy tarbiyaning boshqa turlari kabi ma’naviy-axloqiy tarbiya asosini ham ilg‘or milliy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlar, xalq pedagogikasi g‘oyalari tashkil etadi. Ma’naviyat shaxs, davlat va jamiyatning kuch-qudrati, taraqqiyoti, imkoniyatlari va istiqbollarini belgilaydigan ichki ruhiy omildir.
Axloq esa shaxsning xatti-harakatlari, yurish-turishi, turmush tarzi, hayot kechirish tamoyillari, qoidalari, ijtimoiy munosabatlar mazmunini ifodalaydi. U ijtimoiy hodisa sifatida jamiyat ma’naviy-ruhiy hayotida o‘ziga xos o‘rin tutadi.
Axloq ma’naviyatning tarkibiy qismi sifatida shaxs kamolotining yuqori bosqichi sanaladi. Zero, axloq, axloqiy meyorlarsiz shaxsning ruhiy va jismonan yetukligining mezoni bo‘lgan ma’naviy kamolotga erishib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham ma’naviy- axloqiy tarbiyada uzviylik, aloqadorlik dialektik xarakterga ega bo‘lib, shaxsning ma’naviy-axloqiy shakllanishida muhim sanaladi.
Ma’naviy-axloqiy tarbiya va unga qo‘yiladigan talablar bu jamiyatda ma’lum ijtimoiy-axloqiy talablarga mos axloqiy xislatlarni shakllantirish maqsadida o‘quvchilar ongi, hissiyotlari hamda xulqiga muvofiq va tizimli ta’sir etishdir.
Ma’naviy-axloqiy tarbiya mohiyatiga ko‘ra inson ongining jamiyat bilan aloqadorligi, jamiyat oldida burchli ekanligi, o‘z xulq-atvorini jamiyat taraqqiyoti darajasiga bog‘liqligini tushunishi, jamiyat tomonidan tan olingan axloqiy meyor, ideal hamda talablarni bajarishda mas’uliyatni his etishi, ma’naviy-axloqiy bilimlarning e’tiqodga aylanishi va bu e’tiqodlarning tizimliligi, mustahkam ma’naviy-axloqiy his- tuyg‘u va xislatlarni shakllantirish, o‘quvchilar tomonidan ma’naviy-axloqiy xulq-atvor jamiyat a’zolariga bo‘lgan hurmat-e’tiborni namoyon etuvchi mezonlardan ekanligining anglab yetilishi, ma’naviy-axloqiy odatlarning shakllanishi va boshqalardan iborat.
Ma’naviy-axloqiy tarbiya tizimida ma’naviy-axloqiy his-tuyg‘ular inson tomonidan, uning voqea-hodisalar, kishilar hamda o‘z xulqiga nisbatan his-tuyg‘ularni uyg‘otishga rag‘bat paydo qiluvchi tarbiyaviy ishlar tizimli tashkil etilgandagina samarali kechadi. Mazkur tizimda xulq-atvorni shakllantirishga oid tarbiyaviy ishlar aks etadi. Shunga ko‘ra ma’naviy-axloqiy xulq-odobga doir xislatlarni shakllantirishga undovchi rag‘bat bilan hosil bo‘ladigan faoliyat eng asosiy bo‘lib hisoblanadi.
O‘quvchida ma’naviy-axloqiy xislatlarni shakllantirishga nisbatan ehtiyoj bo‘lishi shart. Shu bois ma’naviy-axloqiy tarbiyani tashkil etish jarayonida uyushtiriluvchi tadbirlar xulq-odobga doir xatti-harakatlar zanjiridan iborat bo‘ladi. Ma’naviy-axloqiy xatti-harakatlar o‘quvchi tomonidan axloqiy meyor va tamoyillar mohiyatini o‘rganish, ularni anglash negizida tashkil etiladi.
Ma’naviy-axloqiy tarbiyani tashkil etishda o‘quvchilar xatti-harakatlarida ko‘zga tashlanadigan salbiy odatlar – jamoa joylarida qattiq gapirish, qo‘pol so‘zlarni ishlatish, hissiyotga berilish, o‘ylamay gapirish, ishonli bo‘lmagan hamda dalillar bilan tasdiqlanmagan voqea-hodisalar haqida fikr yuritish, boshqalarning suhbatini bo‘lish, qo‘lini silkitib gapirish kabilarni bartaraf etishga e’tibor qaratish zarur.
Yuksak ma’naviy komillik, yurt ozodligi, obodligi va xalq farovonligi yo‘lida fidokorona mehnat qilish, o‘ziga va atrofdagilarga nisbatan talabchan bo‘lish, o‘zida irodaviy sifatlarni tarbiyalay olish, intiluvchanlik, tashabbuskorlik, tashkilotchilik, ijodkorlik hamda mustaqil fikrlash layoqatiga ega bo‘lish kabi xislatlarni mustaqil O‘zR hayotida ustuvor bo‘lgan tamoyillar sifatida e’tirof etish mumkin.
O‘quvchilarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashda milliy istiqlol g‘oyasi va mafkurasi asoslari tayanch omillar sanaladi.
Axloqiy tarbiyani tashkil etish jarayonida axloqiy mazmundagi suhbat, ma’ruza, bahs-munozara, konferensiya, seminar hamda debatlardan foydalanish o‘zining ijobiy natijalarini beradi.
Dostları ilə paylaş: |