O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta


Oltinchi mavzu: XX asr o‘zbek terminologiyasi



Yüklə 350,23 Kb.
səhifə20/62
tarix20.06.2023
ölçüsü350,23 Kb.
#133287
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   62
jITmmj7T4l6WJhod972

Oltinchi mavzu: XX asr o‘zbek terminologiyasi




Reja:

  1. Sobiq sho‘rolar davri o‘zbek terminologiyasi.

  2. O‘zbek terminologiyasining baynalmilal terminlar hisobiga kengayishi.

  3. Terminologiyada yuzaga kelgan muammolarni hal etish borasidagi harakatlar.



Asosiy tushunchalar: “Davlat tili haqida”gi Qonun, baynalmilal terminlar, tub lug‘at boylik, noilmiy terminlar, taraqqiy etish yo‘li, yangi tushunchalar, so‘z yasash imkoniyatlari, semantik usul, sintaktik usul, morfologik usul, arabcha o‘zlashmalar, forscha-tojikcha o‘zlashmalar, Atamashunoslik qo‘mitasi.

Hozirgi vaqtda o‘zbek terminologiyasi har tomonlama shahdam qadamlar bilan taraqqiy etmoqda. Ilm, fan va texnika, siyosat, iqtisodiyot va madaniy hayotga doir asosiy tushunchalar mutanosib terminologiya tizimi bilan ta’minlangan. Mustaqillik yillari mamlakatda turfa ikki tilli, ko‘p tilli hamda izohli lug‘atlar dunyo yuzini ko‘rdi. Ayni paytda turli sohaga oid terminologik lug‘atlar tuzish borasida jadal ishlar amalga oshirilmoqda, terminlogiyaga oid o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy adabiyot nashrdan chiqmoqda. O‘zbek terminologiyasining yanada rivojlanishida ommaviy axborot vostalarining o‘rni salmoqli bo‘lmoqda.


Hozirgi o‘zbek adabiy tili muayyan terminologik tizimi boyishi,
to‘ldirilishi va takomillashishining bosh manbasi, boshqa tillarda kechayotganidek, shubhasiz, o‘z lug‘at boyligi ekanligi ayni haqiqat.
O‘zbek terminologiyasining o‘z boyliklari va imkoniyatlari hisobiga taraqqiy etishi ikki yo‘l bilan voqelanadi: a) tilda mavjud, tayyor so‘zlardan yangi narsa-predmet va tushunchalarni ifodalashda foydalanish; b) o‘zbek adabiy tili so‘z yasash imkoniyatlari zaminida yangi terminlar yaratish.
Yangi terminlarni ro‘yobga keltirishda so‘z yasashning morfologik, semantik va sintaktik usullaridan unumli istifoda etiladi. Terminlar yaratishda kalkalash usulining ham sezilarli o‘rni bor.
O‘zbek tili terminologiyasining ulkan ulushini ruscha-baynalmilal fond asosida yuzaga chiqqan nomlar tashkil etadi. Boshqa noturkiy tillardan o‘zlashgan terminlar o‘zbek xalqi faoliyatning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, sotsial, madaniy, ma’naviy jabhalarini qamrab olganligi bilan xarakterlidir.
O‘zbekiston Oliy Kengashi tomonidan 1989-yilning 21-oktabrida “Davlat tili haqida”gi Qonunning qabul qilinishi o‘zbek tili so‘z boyligining asosiy qatlamlaridan hisoblanmish terminologik leksikaga yangicha munosabatda bo‘lishni taqozo etdi. Qonunning 7-moddasida ta’kidlanganidek, “Davlat o‘zbek tilining boyitilishi va takomillashtirilishini ta’minlaydi, shu jumladan, unga hamma e’tirof qilgan ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy-siyosiy atamalarni joriy etish hisobiga ta’minlaydi”.
Ushbu jahonshumul ahamiyatga molik Qonunning qabul qilinishidan so‘ng, taxminan 3-5 yil davomida ilgaridan tilda qo‘llanishda bo‘lgan terminlarni, ayniqsa, ruscha-baynalmilal qatlamni qaytadan ko‘rib chiqish tendensiyasi kuchayib ketdi. So‘zsiz, bunday sa’y-harakatlar o‘zbek tilining sofligini saqlash, uning asl tabiatini qayta tiklashga qaratilganligi bilan muhim ahamiyat kasb etdi. Sobiq sho‘rolar hukmronligi davrida o‘zbek tili lug‘at tarkibining shakllanishi va rivojlanishida alohida rolga ega bo‘lgan ko‘pdan ko‘p ko‘hna so‘zlar asossiz ravishda eskirgan leksik birliklar kategoriyasi, ya’ni arxaizmlar sirasiga kiritilgan edi. Ayni nohaqlikni o‘nglash, tarixiy haqiqatni tiklash muhim vazifa sifatida kun tartibiga qo‘yilgan edi.
O‘zbek ziyolilari, chunonchi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshida tashkil qilingan Atamashunoslik qo‘mitasining samarali mehnati evaziga muxtoriyat, ma’muriyat, ma’mur, muqobil, hakam, tashrif, insonparvarlik, xususiylashtirish, boshboshdoqlik, qoldiq (saldo), iqtisodiyot, ma’lumotnoma, reja, dastur, kengash singari juda
ko‘p ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy terminlar qaytadan qo‘llanishga kiritildi. Biroq bu kezlarda terminlarni almashtirish va ishlatishda ma’lum chalkashlik hamda xatoliklarga ham yo‘l qo‘yildi. Terminologiyaga xos me’yorlarga har doim ham amal qilinmadi. Ilgari muvaffaqiyatli qo‘llangan terminlarni muomaladan zo‘rma-zo‘raki siqib chiqarish, ularni so‘z yasalish qonuniyatlariga javob bermaydigan leksik birliklar bilan almashtirish harakati avj oldi.
Vaqtinchalik eyforiya natijasida totalitar tuzumga nisbatan yillar davomida shakllangan sovuqlik oqibatida qator ruscha-baynalmilal terminlarni almashtirish harakati ko‘zga yaqqol tashlandi. Masalan, aeroport termini o‘rnida qo‘nalg‘a, tayyoragoh, bandargoh terminlari ishlatila boshlandi, institut termini oliygoh, ilmgoh, bilimgoh so‘zlari bilan almashtirildi, jurnal termini o‘rnida oynoma, majalla, jarida, oybitik so‘zlarini ishlatish tavsiya etildi va h.k. Chetpul (valyuta), pultopar (biznes), hujjatasrov (arxiv), nusxakash (notarius), naqliyot (transport), malakasinov (attestatsiya) singari yangi yasamalar sun’iyligi, termin yasash me’yorlarigi javob bermasligi bilan ajralib turar edi (Bektemirov, 2002; 34). Bunday shoshqaloqlik oqibatida o‘zbek terminologiyasida noilmiy terminlar paydo bo‘ldi, terminlar tizimida sinonimiyaning kuchayishi yuz berdi.
Ma’lumki, har qanday til, avvalambor, o‘z ichki imkoniyatlari zaminida rivojlanadi. Ayni chog‘da, mamlakatlar va xalqlararo rang- barang munosabatlar har qanday tilda o‘zlashmalarning vujudga kelishida muhim omil hisoblanadi. Mazkur hodisa o‘zbek tili uchun ham yot emas.
O‘zbek tilida katta miqdordagi arabcha va forscha-tojikcha o‘zlashmalarning qo‘llanishda qolayotgani sir emas. Bularning muayyan qismi ilmiy terminologiya tarkibida o‘z faolligini yo‘qotmagan. Xususan, maktab, sinf, muallim, ma’ruza, muvozanat, vazn, tijorat, bojxona, viloyat, falak, huquq, tarkib, matn, mavzu, hokim, narx,payvand singari termin hamda terminologik leksika nafaqat mutaxassislar, shuningdek, aholining keng qatlamlari nutqida hech qanday qiyinchiliksiz faol ishlatiladi. Garchi, hozirgi vaqtda o‘zbek tilida terminlar yasash jarayonida arab va fors-tojik tillari manba sifatida deyarli ishtirok etmasa-da, ammo o‘zga qarindosh turkiy tillarda bo‘lgani singari o‘zbek tili lug‘at tarkibidagi terminlarning aksariyati shu qadimiy tillarga mansubdir. Bu o‘zlashmalar o‘zbek tilining fonetik va grammatik qoidalariga bo‘ysungan holda yangi mazmun kasb etgan va yangi voqelangan tushunchalarni ifodalashda xizmat qilmoqda.
Ruscha-baynalmilal so‘z va terminlarning o‘zbek tiliga kirib kelishi XIX asrning birinchi yarmidan boshlangan bo‘lib, uning haddan tashqari kuchayishi o‘lkaning chor Rossiyasi tomonidan zabt etilishi, keyinchalik bu yerda sho‘rolar hukmdorligining qaror topishi davriga to‘g‘ri keladi.
Bu jarayon o‘zbek tili terminologiyasi dinamikasini kuzatishda yorqin namoyon bo‘ladi.
O‘zbek tiliga xos ilmiy-texnikaviy terminlarning ulkan qismini boshqa tillar (rus tili orqali lotin, yunon, german, roman va h.k.)dan o‘zlashgan leksik birliklar tashkil qiladi.



Yüklə 350,23 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   62




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin