kűműš “kumush”, teműr “temir”, baqïr “mis” va h.k.
Dunyo (kurra)ning to‘rt tomoni va vaqt (sutka) o‘lchov birligini
ifodalovchi terminlar – kűn ortu 1) “peshin”; 2) “janub”, tűn ortu 1) “yarim kecha”; 2) “shimol”, tűn sarï “shimol”, taƞ sarï “sharq”, kűn tuğsïq “sharq, kuntug‘ar”, kűn batsïq “g‘arb, kunbotar”, batar “G‘arb”, tuğar “Sharq” va h.k.
Ilm-fanga oid tushunchalarni ifolalovchi terminlar: bilig, bilim “ilm, bilim”, baqšĭ (xit.) “ustoz, muallim”, darb, tadif (ar.) “ko‘paytirish”, qismat, tansif “bo‘lish”, adad (ar.) “raqam, miqdor, son”, kuzur, jazr (ar.) “ildiz”, misahat (ar.) “chegara, ildiz chiqarish”, handasa “geometriya”, saqïš “arifmetika”, davat (ar.) “siyohdon”, kağid (ar.) “qog‘oz”, xat (ar.) “alifbo, xat” va h.k.
Diniy tushunchalar nomlari (teonimlar): bayat “Tangri, Xudo”,
bačaq//bačağ “ro‘za”, burxan (xit.) “budda; payg‘ambar, but”, yalabač
//yalavač //yalafar “payg‘ambar”, savčï “payg‘ambar” va h.k.
Ekologik terminlar: sűzűk suv “tiniq, ko‘m-ko‘k suv”, tärkin suv “balchiqli suv”, et yer “yumshoq yer; yumshoq tuproq”, tatïrlïğ yer “qattiq yer”, qarqağ “o‘tsiz va suvsiz joy, qaqroq”, sarğan yer “sho‘rxok yer”, sağïz topraq “sog‘ tuproq”, ačuq kők “ochiq havo” va h.k.
Keltirilgan misollar qadimgi turkiy til terminologiyasining mavzu nuqtayi nazaridan turfa, miqdor jihatdan ancha ko‘pligi, istilohlarning asosini asl turkiy so‘zlar tashkil etganini tasdiqlaydi. Ayni paytda, sanskrit, xitoy, sug‘d, arab, fors-tojik tillariga xos o‘zlashmalarning ham o‘rni bilan qo‘llangani kuzatiladi
O‘rta Osiyoning arablar tomonidan fath qilinishi oqibatida islom dini, arab tili va madaniyati, arab xati shu mintaqada azaldan istiqomat qiluvchi xalqlar, millatlar, qabilalar, qavmlar, urug‘lar intellektual hayotidan mustahkam o‘rin oldi. Arablar hukmronligidan keyin eron madaniyati, ayniqsa, Somoniylar humronligi yillarida taraqqiy etdi va uning turkiy tillar tabiati, xarakteriga ma’lum darajada ta’siri ko‘zga tashlandi. X asr oxiriga kelib Sharqiy Turkiston, Yettisuv va Koshg‘arda Qoraxoniylar saltanati tashkil topdi. Shu davrdan e’tiboran turkiy adabiy tillarning shakllanishida jiddiy ijodiy jarayonlar sodir bo‘ldi. Qoraxoniylar vaqtida jonli tillar adabiy tildan farqli ravishda chet tillar elementlariga nisbatan oz ta’sirda bo‘lgan.
Fors-tojik tili aksariyat hollarda rasmiy-idoralarda eski turkiy til bilan yonma-yon qo‘llangan u bilan raqobatga kirishgan. Bu kezlarda eski turkiy til so‘z boyligi, xususan, terminlar tizimi umumtil leksikasi tarkibida shakllandi va taraqqiy etdi. Bunda ekstralingvistik omillar qatori intralingvistik faktorlarning ham roli katta bo‘lgan edi. Matematika, geografiya, falakiyot, tibbiyot, minerologiya, zoologiya,
geometriya kabi aniq fanlar singari falsafa, filologiya, tilshunoslik, adabiyotshunoslik, tarixshunoslik, dinshunoslik kabi gumanitar fan sohalarining jadal rivojlanishi asosida eski turkiy til terminologiyasining qadimgi turkiy til terminlar tizimidan ko‘p jihatdan farqlanishi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ayni chog‘da, qadimgi turkiy til so‘z boyligida mavjud bo‘lgan asl turkiy terminlarning salmoqli qismi bu davr terminologiyasida ham iste’molda qolavergan.
Qoraxoniylar davri terminologiyasi eski turkiy tilning o‘z resurslari, boyliklari hamda arab va fors-tojik tillaridan o‘zlashgan birliklar hisobiga kengayib borgan.
Eski o‘zbek tili terminologiyasi (XV-XIX asr oxiri) sistemasi qadimgi turkiy til va eski turkiy til terminologiyasidek o‘z ichki imkoniyatlari hamda o‘zlashmalar hisobiga shakllandi va rivojlandi. Eski o‘zbekcha terminlar yasalish jihatdan tub va derivatlardan tashkil topgan edi. Terminlar yasalishida qatnashgan affikslarni leksik-grammatik xarakteriga ko‘ra, quyidagicha tasniflash mumkin:
Ism-o‘zaklardan ot-terminlar yasovchi affikslar: yurt- čï, yulduz- čï, čerig- či, tura-lïq, jibä-lik, kejim-lik va h.k.
Fe’l –o‘zaklardan ot-terminlar hosil qiluvchi affikslar: pus-uğ, ből- äk//ből- űk, yur-uš, čap-qun, quv-ğun//qav-ğun, yasa-vul, tosqa-vul, tata- vul, nikä-vűl, yasa-l, qaba-l, tunqa-l, suyurğa-l, yasa-q, tolğa-ma, yasa-v, bašla-maq va h.k.
Ot(ism)lardan fe’l-terminlar yasovchi affikslar: yağï -la-, oq-la, čerik-lä -, jibä-län-, qïlïč-lan-, at-lan-, ya-la-//yay-la- va h.k.
Fe’l-o‘zaklardan fe’l-termin hosil qiluvchi qo‘shimchalar: sava-š, -, ur-uš -, tala-t-, evr-il-, yïğ-ïl-, bas-ïl-, qïr- ïl-, yïğ-ïštur-, bas-tur-, qač-ur, tűš-űr-, tut-ul- va h.k.
Terminlarning sintaktik (kompozitsiya) yo‘l bilan yasalishiga tubandagi faktik materiallar misol bo‘ladi: kőkteműr “zirh, sovut”, kučaband “to‘siq, g‘ov, barrikada”, yatïš tavačïsï “askarlarni yotoq bilan ta’minlovchi harbiy mansab egasi”, uluğ uruš “dahshatli jang”, divanbegi “devonbegi”, onbegi “o‘nbegi”, yűzbašï “yuzbashi”, miƞbegi “ming askardan iborat harbiy qism sarkardasi” tűmänbegi “o‘n ming kishidan tashkil topgan qism, diviziya qo‘mondoni”, qošunbegi “kichik harbiy bo‘linma boshlig‘i” va h.k.
asrning ikkinchi yarmi - XX asr boshida o‘zbek adabiy tili xalq turmush tarzida alohida, o‘zga xos o‘rinni egalladi. Bu davr adabiy tili va uslubida jiddiy va muhim jarayonlar yuzaga keldi. Ushbu jarayonlar o‘zbek xalqi hayotida sodir bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy munosabatlarning
o‘zgarishi natijasida maydonga chiqdi. XIX asrning 70-yillaridan e’tiboran O‘rta Osiyo Rossiyaga qaram bo‘lib qoldi. Natijada mahalliy millat vakillari, xususan, ziyolilar orasida rus madaniyati ommalasha boshladi. Kapitalistik munosabatlar o‘zbek xalqi hayotiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Ayni davrda keyinchalik progressiv-demokratik, deb nom olgan o‘zbek adabiyoti shakllandi. O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasi uch manba asosida boyib bordi:
o‘zbek tilining ichki imkoniyatlari va qonunlari zamirida yuzaga kelgan terminlar: bosmaxona, nizomnoma “ustav”, nishontosh “yodgorlik”, yig‘ilish “majlis” va h.k.;
o‘zbek tili terminologiyasining jonli xalq tili so‘zlari hisobiga kengayishi yaqqol namoyon bo‘ldi: bo‘zchi, bezgak, iskaptopar, arava va sh.k;
ruscha-baynalmilal terminlarning o‘zbek tilida o‘zlashishi:
ijtimoiy-siyosiy terminlar – uyezd, pristav, soldat, volost, duma va
h.k.;
transport bilan bog‘liq tushunchalarni anglatuvchi terminlar –
poyezd, vagon, vokzal, stansiya, depo va sh.k;
sanoat, tijorat va moliya tizimida qo‘llanuvchi terminlar – zavod, fabrika, vistavka, magazin, kredit va h.k.;
madaniyat, fan, maorif sohasi terinlari – gimnaziya, teatr, gazeta, muzey, universitet, kafedra va h.k.;
tibbiy terminlar – gospital, lazaret, feldsher, doktor va h.k.;
hujjat va mukofotlar nomlari – medal, pasport, orden, attestat, diplom va h.k.;
sudlov terminlari – sud, sudya, zakon va h.k.;
o‘lchov birliklari nomi – pud, minuta, sajen va h.k.;
harbiy terminlar – general, korpus, konvoy, kapitan, leytenant, polkovnik, mayor va h.k.
Zikr etilgan o‘zlashma terminlarning muayyan qismi keyinchalik ular anglatgan tushunchalarning turmushdan chiqib ketishi bois iste’moldan qoldi, ba’zilari o‘zbek tili so‘z xazinasida mavjud muqobillari bilan almashtirildi, salmoqli qismi esa o‘zbek tili terminologiyasida faol qo‘llanishda davom etdi.
Dostları ilə paylaş: |