134-modda. Ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish bayonnomasi Ko‘rsatuvlar hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirilgani haqida ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq surishtiruvchi yoki tergovchi bayonnoma tuzadi, sud esa tekshiruvning borishi va natijalarini sud majlisi bayonnomasiga kiritadi.
Bundan tashqari bayonnomada: ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish qayerda, qachon, qanday sharoitda o‘tkazilganligi; qanday joylar va narsalar ko‘zdan kechirilganligi; hodisa sodir bo‘lgan joyda berilgan ko‘rsatuvlarning mazmuni qandayligi; hodisaning sharoiti va holatlarini tiklash nimada o‘z aksini topganligi; shaxs o‘zining avvalgi ko‘rsatuvlariga qanday aniqliklar kiritganligi ko‘rsatilishi lozim.
16-bob. KO‘ZDAN KEChIRISh 135-modda. Ko‘zdan kechirish uchun asoslar Jinoyat izlari, ashyoviy dalillarni topish, hodisa sodir bo‘lgan vaziyatni va ish uchun ahamiyatli bo‘lgan boshqa holatlarni aniqlashtirish maqsadida tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud hodisa sodir bo‘lgan joyni, murdani, hayvonlarni, tevarak-atrofni, binolarni, narsalar va hujjatlarni ko‘zdan kechiradi.
Odam badanini ko‘zdan kechirish guvohlantirish yoki ekspertiza o‘tkazish qoidalariga asoslangan holda (ushbu Kodeksning 142 — 147 va 172 — 187-moddalari) amalga oshiriladi. Pochta-telegraf jo‘natmalarini ko‘zdan kechirish ushbu Kodeksning 167-moddasida nazarda tutilgan tartibda o‘tkaziladi.
Narsalarni olib qo‘yish va tintuv o‘tkazish chog‘ida topilgan narsa va hujjatlar shu tergov harakatlarini o‘tkazish uchun belgilangan qoidalarga rioya qilgan holda ko‘zdan kechirilishi lozim.
136-modda. Ko‘zdan kechirish tartibining umumiy qoidalari Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv yoki dastlabki tergov bosqichida ko‘zdan kechirish xolislar ishtirokida o‘tkaziladi. Jinoyat ishi ko‘rilayotgan vaqtda ko‘zdan kechirishga zarurat tug‘ilsa, sud bu haqda ajrim chiqaradi va ko‘zdan kechirishni taraflar ishtirokida o‘tkazadi.
Zarur hollarda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ko‘zdan kechirish chog‘ida o‘lchov o‘tkazadi, fotosuratga, kinotasvirga, videoyozuvga tushiradi, rejalar, sxemalar, chizmalar tuzadi, izlardan qoliplar va nusxalar oladi. Bu ishlarni bajarishga yordam berish uchun ko‘zdan kechirishga mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.
Ko‘zdan kechirish chog‘ida topilgan va olib qo‘yilgan barcha narsalar xolislarga, taraflarga va ko‘zdan kechirishning boshqa ishtirokchilariga ko‘rsatilishi lozim.
Ko‘zdan kechirishda ishtirok etayotgan shaxslar surishtiruvchi, tergovchi va sudning e’tiborini o‘zlarining fikricha ish holatlarini oydinlashtirishga yordam berishi mumkin bo‘lgan barcha hollarga qaratishga haqlidirlar.