131-modda. Tanib olish uchun ko‘rsatish holatini mustahkamlash Surishtiruv yoki dastlabki tergov vaqtida o‘tkazilgan tanib olish uchun ko‘rsatish to‘g‘risida bayonnoma tuziladi. Sud muhokamasida o‘tkazilgan tanib olish uchun ko‘rsatish sud majlisi bayonnomasida qayd qilinadi.
Barcha hollarda bayonnomaga: tanib oluvchi, tanib olish uchun ko‘rsatish sharoiti, jarayoni va natijalari, tanib olish uchun ko‘rsatilgan shaxslar, ularning yoshi, bo‘yi, millati, turar joyi, ko‘zga tashlanuvchi belgilari, kiyimlari; tanib olish uchun ko‘rsatilgan narsalar tavsifi; tanib olish uchun ko‘chmas obyektlar ko‘rsatilganda esa, shuningdek tanib oluvchi ko‘rsatgan yo‘nalishlar va izlanayotgan obyektga biror aniq joydan borish yo‘llari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilishi lozim.
Agar shaxsni tanib olish ko‘rib turishni istisno etadigan sharoitlarda o‘tkazilgan bo‘lsa, bayonnomaga bu haqda tegishli yozuv kiritilishi kerak.
Tanib olish uchun fotosuratlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, bayonnomaga fotojadval ilova qilinishi lozim.
Tanib oluvchining ko‘rsatuvlari, shuningdek unga surishtiruvchi, tergovchi, sud, taraflar yoki boshqa shaxslar tomonidan berilgan savollar va qaytarilgan javoblar ushbu Kodeksning 106-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilingan holda bayonnomaga yozib boriladi.
15-bob. KO‘RSATUVLARNI HODISA SODIR BO‘LGAN JOYDA TEKShIRISh 132-modda. Ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish uchun asoslar Surishtiruvchi, tergovchi, sud gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilar, guvohlar hamda jabrlanuvchilarning ko‘rsatuvlarini tekshirilayotgan hodisa sodir bo‘lgan joyda holatlarni qayta tiklash yo‘li bilan tekshirib ko‘rishga haqlidir.
Ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirishdan maqsad: ko‘rsatuvlari tekshirilayotgan shaxsga ma’lum, surishtiruvchi, tergovchi va sudga esa noma’lum bo‘lgan narsalar, hujjatlar, izlar va belgilarni topish; shaxsning tergov yoki sud muhokamasi davomida topilgan narsalar, hujjatlar, izlar qayerda bo‘lganligini ko‘rsatib berishi; bir necha shaxsning ayni bir hodisa to‘g‘risida bergan ko‘rsatuvlaridagi o‘xshashlik va farqlarni aniqlash uchun ishda ahamiyatli bo‘lgan joy yoki yo‘nalishni shaxs ko‘rsatib berishi; holatlarni qayta tiklash va hodisa sodir bo‘lgan joydagi sharoit bilan qiyoslash orqali ko‘rsatuvlarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini aniqlashdan iborat.
Ko‘rsatuvi tekshirilayotgan shaxs hodisa sodir bo‘lgan joyda bir vaqtning o‘zida ko‘rsatish, ko‘zdan kechirish yoki ba’zi narsalarni, hujjatlarni, izlarni olish yoxud muayyan harakatlarni namoyish qilish orqali tushuntirish beradi yoki o‘zining avval bergan ko‘rsatuvlariga aniqlik kiritadi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining ko‘rsatuvlarini hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish natijalari, bu shaxslarning muayyan hodisalar haqida bilganlari faqat ularning jinoyat sodir etishga daxldorligidan darak bersagina, dalil kuchiga ega bo‘ladi.