150-modda. Murdani eksgumatsiya qilish bilan bog‘liq protsessual harakatlar Eksgumatsiya ekspertiza qilish maqsadida o‘tkazilayotgan bo‘lsa, ekspertiza o‘tkazish haqida qaror yoki ajrim chiqarilishi lozim. Bunda murda ekspertiza muassasasiga jo‘natiladi yoki ekspertiza murda ko‘milgan joyning o‘zida o‘tkaziladi.
Murdani ko‘zdan kechirish, tanib olish va ekspert tekshiruvi uchun namunalar olish ushbu Kodeksning 125, 126, 131, 138, 188 — 191, 193 va 197-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar asosida amalga oshiriladi.
151-modda. Murdani eksgumatsiya qilish bayonnomasi Murdani eksgumatsiya qilish to‘g‘risida ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq surishtiruvchi yoki tergovchi bayonnoma tuzadi, sud esa eksgumatsiya jarayoni va natijalarini sud majlisining bayonnomasida qayd etadi. Bayonnomaga qabr, tobut va murdaning fotosuratlari, kinotasvir va videoyozuvlari ilova qilinishi mumkin.
Murda eksgumatsiya qilinganidan so‘ng ko‘zdan kechirish, tanib olish yoki ekspert tekshiruvi uchun namunalar olish amalga oshirilgan bo‘lsa, mazkur tergov harakatlari to‘g‘risida bayonnoma tuziladi.
152-modda. Murdani eksgumatsiyadan so‘ng ko‘mish Eksgumatsiyadan va boshqa protsessual harakatlardan so‘ng murdani ko‘mish murdani eksgumatsiya qilish to‘g‘risida qaror yoki ajrim chiqargan shaxsning ishtirokida amalga oshiriladi. Murda ko‘milganligi to‘g‘risida bayonnoma tuziladi.
19-bob. EKSPERIMENT 153-modda. Eksperiment o‘tkazish uchun asoslar Surishtiruvchi, tergovchi va sud guvohlar, jabrlanuvchilar, gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlarini, boshqa dalillarni, shuningdek ish yuzasidan qilingan tusmol, tekshirilayotgan hodisaga oid muayyan harakatlar, sharoit va holatlarni tiklash hamda zaruriy tajribalar o‘tkazish orqali tekshirishga haqlidir.
Eksperiment biror hodisani idrok qilish, muayyan harakatlarni bajarish, biror hodisaning sodir bo‘lish imkoniyatini tekshirish, shuningdek hodisaning yuz berish va izlarning qolish yo‘sinlarini aniqlash uchun o‘tkaziladi.