1215-modda. Ko‘rsatuvlari oldindan mustahkamlab qo‘yilgan shaxsni qayta so‘roq qilish uchun asoslar Ko‘rsatuvlari oldindan mustahkamlab qo‘yilgan guvohlarni, jabrlanuvchilarni (fuqaroviy da’vogarlarni) qayta so‘roq qilishga keyinchalik sudga qadar ish yuritish bosqichida yoki sud muhokamasi davomida ko‘rsatuvlari oldindan mustahkamlab qo‘yilgan shaxsga berilishi kerak bo‘lgan ish uchun muhim ahamiyatga molik yangi savollar tug‘ilganda yo‘l qo‘yiladi.
13-bob. YuZLAShTIRISh 122-modda. Yuzlashtirish uchun asoslar Yuzlashtirish ilgari so‘roq qilingan ikki shaxs ko‘rsatuvlari o‘rtasida jiddiy qarama-qarshiliklar bo‘lganda bu qarama-qarshiliklarning sababini aniqlash uchun o‘tkaziladi.
Yuzlashtirishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvoh so‘roq qilinishi mumkin.
123-modda. Yuzlashtirish o‘tkazishning tartibi Yuzlashtirish o‘tkazish chog‘ida ushbu Kodeksning 96 — 108-moddalarida nazarda tutilgan so‘roq qilishning umumiy qoidalariga, shuningdek ushbu bobning quyidagi qoidalariga rioya qilinadi.
Yuzlashtirib so‘roq qilish oldidan surishtiruvchi, tergovchi yoki sud majlisida raislik qiluvchi har bir so‘roq qilinuvchidan navbat bilan ularning o‘zaro tanishligi yoki tanish emasligini, o‘zaro munosabatlari qanday ekanligini so‘raydi va javoblarini tinglaydi. Shundan so‘ng har bir so‘roq qilinuvchiga navbat bilan qarama-qarshilik kelib chiqqan holatlar to‘g‘risidagi savollarga javob berish taklif qilinadi. Basharti qarama-qarshilik bir nechta masalaga yoki bir nechta holatga taalluqli bo‘lsa, yuzlashtirishda har ikki so‘roq qilinuvchi bir masala yoki bir holat bo‘yicha ko‘rsatuv bergach, ularga keyingi masala yoki keyingi holat to‘g‘risidagi savollar berilishi mumkin.
Yuzlashtirish chog‘ida so‘roq qilinayotgan shaxs surishtiruvchi, tergovchi yoki sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan boshqa so‘roq qilinuvchiga savol berishi mumkin. Sud majlisida so‘roq qilinuvchilarning har ikkalasiga xalq maslahatchilari, shuningdek taraflar savol berishlari mumkin. Surishtiruvchi, tergovchi va sud majlisida raislik qiluvchi ish uchun jiddiy ahamiyatga ega bo‘lmagan yoki yuzlashtirishda aniqlashtirilayotgan qarama-qarshilikka taalluqli bo‘lmagan savollarni chetlatishga haqlidir.