Hyalomma plumbeum gavdasi birmuncha katta bo’ladi, ikki xo’jayinli kana.
Urg’ochilari 10-16 mingtagacha tuxum qo’yadi. Kananing imagolari qoramol, ot,
eshak, qo’y, echki, buyvol, cho’chqa, it, tovuq, va boshqa hayvonlarda parazitlik
qiladi. Lichinka va nimfalari har xil yovvoyi parrandalar, quyon, tipratikan, ba’zan
qoramollar va otlarni qonini so’radi.
Bu tur kanalar SHimoliy Kavkaz, qrim, Markaziy Osiyo respublikalarining
dasht va chala dasht mintaqalaridagi butazor o’rmonlarida keng tarqalgan. Jinsiy
voyaga etgan kanalar qoramollarga teylerioz, otlarga nutallioz va piroplazmoz
qo’zg’atuvchilarini yuqtiradi.
Argaz kanalari (Argasidae) oilasining deyarli hamma vakillari parazitlik
bilan hayot kechiradi. Argaz kanalarining tanasi yumshoq va cho’ziluvchan. Ularning
dorzal va ventral qalqonlari bo’lmaydi. Tanasining yumshoqligi kananing tezda
tortilib kichrayishi yoki katta bo’lishiga imkon beradi. Och kanalarning tanasi yassi,
oval yoki ellips shaklida. Tanasining oldingi tomoni ancha tor va uchli bo’lib, orqa
tomoni yoysimon kengaygan. Ko’zlari yo’q. Imago va nimfalarida to’rt juft oyoqlari
bor. Argaz kanalarida jinsiy dimorfizm unchalik sezilmaydi. Erkaklari
urg’ochilaridan birmuncha kichikroq. Bu kanalar molxona devorlarining yoriqlarida,
ya’ni berk joylarda yashashi bilan iksod kanalardan ajralib turadi. Odam, turli
sutemizuvchilar va qushlarga tashlanib, 2-5 minut qon so’radi. 1000 tagacha tuxum
qo’yadi. Bir oy o’tgach, tuxumlaridan lichinkalar chiqadi. Lichinkalar faol oziqlanadi
va nimfaga aylanadi. Argaz kanalarda nimfa 3-5 marta tullab imagoga aylanadi.
Argaz kanalari 20-25 yil yashab, 10-11 yil ochlikka bardosh berishi mumkin.
Argaz kanalari ektoparazitlikdan tashqari odam va hayvonlarga har xil og’ir
kasalliklarni ham yuqtiradi. Argaz kanalarining eng muhim turlariga persid kanasi
(Argas persicus) va ornitodorus (Ornithodorus papillipes) kanasi kiradi.
Persid kanasi asosan tovuqlar tanasida parazitlik qiladi, ayrim xollarda esa
o’rdak, g’oz, ot, qoramol, cho’chqa va boshqa hayvonlarda parazitlik qiladi.