Bozorga chiqish bosqichi. Bu bosqich tovarni tarqatish va uning bozorga
kelib tushishi bilan boshlanadi. Bu bosqichda sotishning asta-sekin o’sishi
kuzatilsada, tovarni tarqatish xarajatlari ko’pligi tufayli foyda hali hosil bo’lmaydi.
Bu erda marketingning maqsadi aniq, ya'ni yangi tovar uchun bozorni yaratishdan
iboratdir (ayniqsa, agar bu mutloq yangi tovar va unga extiyoj hali bozorda namoyon
bo’lmasa). Bu bosqichda raqobatchilar deyarlik yo’q yoki ular juda kam sonni tashkil
etadi. Bu bosqichda iste'molchilar deyarlik novatorlar bo’lganligi uchun, dastlab
reklama aynan shularga mo’ljallangan bo’lishi kerak. Bu bosqichda marketingning
asosiy vazifasi birlamchi talabni tez shakllantirish va potentsial xaridorlarni haqiqiy
xaridorlarga aylantirishdan iboratdir. Shuningdek, bu bosqichda sotishni
rag’batlantirish, reklamani tashkil etish va tovarni taqsimlashning ishonchli
kanallarini shakllantirish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
O’sish bosqichi. Agar yangi tovar bozorning talabini qoniqtirsa, u holda
tovarni sotish katta darajada ortadi. Chunki, yangi tovarlarni takroran xarid
qilayotgan faol xaridorlarga ko’p sonli boshqa xaridorlar qo’shiladi.
Bu bosqichda tovar ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirish hisobiga
tovar sifatining barqarorligiga erishiladi. Bu bosqichda korxona ancha foyda olishga
kirishadi, bu foyda o’sib boradi va ushbu bosqichning oxiriga kelib eng yuqori
ko’rsatkichga etadi. Korxona bu bosqichning uzoqroq davom etishidan manfaatdor,
shuning uchun ham u butun harakatlarini sotish hajmining o’sishiga qaratishi kerak
bo’ladi. Bu erda marketingning asosiy vazifasi tovar sifatini oshirish, bozorning
yangi segmentlarini o’zlashtirish, mazkur tovarni sotishning qamrab olinmagan
kanallarini topish, iste'molchilarni tovarlar xususiyatlarining afzalligi haqida ishonarli
reklama ishlarini tashkil etish kabi tadbirlarni amalga oshirishdan iborat hisoblanadi.