Bozorda barqaror vaziyatni saqlash strategiyasi. Bu strategiyani korxona
faoliyatining rentabelligi va boshqa iqtisodiy ko’rsatkichlari barqaror bo’lgan
hollardagina qo’llash mumkin bo’ladi. Ko’pchilik hollarda rentabellik (fondlarga
nisbatan) 10-15 foizni tashkil etsa, bu korxona qoniqarli faoliyat ko’rsatayotgan
korxona deb hisoblanadi.
Foydani maksimallashtirish, rentabellik darajasini oshirish strategiyasi. Narx belgilashning bu strategiyasidan maqsad daromadlarni oshirish va korxonaning
takror ishlab chiqarish, shuningdek, investitsion imkoniyatlarini ham kengaytirishdan
iboratdir.
Yetakchi orqasidan yurish strategiyasi. Narxlarning bozor darajasi bozorda
harakat qilayotgan yirik korxonalarning soni va ularning narx strategiyasiga ham
bog’liq bo’ladi. Bunday sharoitda kichik korxonalar narx jihatidan etakchi bo’lgan
korxonalarning ta'sirida bo’ladi. Demak, bu erda korxona narxlashtirishning etakchi
orqasidan yurish strategiyasini qo’llashi foydadan holi emas. Albatta, etakchi
vaziyatni egallab turgan korxona maqsadga muvofiq narx belgilashga harakat qiladi.
"Qaymog’ini olish" strategiyasi. Agar korxona marketing imkoniyatlaridan
samarali foydalanib, yangi tovarining noyob, yagona xususiyatlarga ega ekanligini
ajratib ko’rsata olsa, shuningdek, tovar sotishning va ishlatishning yaxshirok
seriyasini ta'minlasa, unda bu korxona raqobatchilarga nisbatan narx belgilashda
ma'lum erkinliklarga ega bo’ladi. Natijada, korxona o’z tovarlariga yuqori darajadagi
narxni belgilaydi. Bu strategiya, ko’pchilik holda, korxona yangi tovar ishlab
chiqarish va bu tovarni bozorga kiritish bilan bog’liq bo’lgan xarajatlarini iloji
boricha tezroq qoplash zarur bo’lgan hollarda qo’llaniladi.
"Yorib o’tish" strategiyasi. Bu strategiya ko’pincha ishlab chiqarish
texnologiyasi juda oddiy va ommabop iste'molga mo’ljallangan yangi mahsulotni
bozorga kiritishda qo’llaniladi. Bunda tovar bozorga juda past narxda chiqariladi,
bozorni egallashi bilan normal darajaga qaytadi. Ayniqsa, bu strategiyani korxona
raqobatchilarga nisbatan katta hajmdagi mahsulotni bozorga kiritishi mumkin bo’lgan
hollarda qo’llash maqsadga muvofiq hisoblanadi.