18.3. Marketingda sotishni rag’batlantirish Sotishni rag’batlantirish. Marketingda kommunikatsion siyosatning muhim
elementlaridan biri sotishni rag’batlantirish hisoblanadi. Sotishni rag’batlantirish
deganda mahsulotning sotilishiga undovchi qisqa muddatli tadbirlar tushuniladi. Agar
reklamaning chaqirig’i: "Bizning mahsulotni sotib oling" bo’lsa, sotishni
rag’batlantirishning chaqirig’i esa: "Uni hoziroq sotib oling"dan iboratdir.
Tahlillar shuni ko’rsatadiki, agar marketing xarajatlarida reklama xarajatlari
birinchi o’rinda tursa, ikkinchi o’rinda sotishni rag’batlantirish bilan bog’liq
xarajatlar turadi. Keyingi yilarda esa sotishni rag’batlantirish bilan bog’liq
xarajatlarning tobora ortib borishi kuzatilmoqda.
Sotishni rag’batlantirishni chuqurroq o’rganilsa, u o’z ichiga xaridorlarni,
sotuvchilarni va vositachilarni rag’batlantirishlarni o’z ichiga oladi.
Xaridorlarni rag’batlantirish asosan xaridorlarning ko’proq miqdordagi
tovar sotib olishlariga qaratiladi. Tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, chakana savdo
korxonalarida iste'molchilarga sotilayotgan tovarlarning 50-75 foizi
rejalashtirilmagan holda xarid qilinar ekan. Shu sababli, rag’batlantirishning u yoki
bu usulidan foydalanib, sotib olinayotgan mahsulot hajmiga ta'sir etish mumkin.
Xaridorlarni rag’batlantirish usullari juda xilma-xil va ular tobora kengayib
bormoqda. Ko’pchilik hollarda xaridorlarni rag’batlantirishning quyidagi usullari
qo’llaniladi: kuponlardan foydalanish; pasaytirilgan narx bilan sotish; tovar narxining
ma'lum bir qismini qaytarib berish; mukofotlar berish; lotereya, konkurs va o’yinlar
o’tkazish; tovar namunalarini bepul berish; tovar namunalarini bepul sinab ko’rish va
boshqalar.
Sotuvchilarni rag’batlantirish deganda ulgurji va chakana savdo bilan
shug’ullanuvchilarga tovarlar narxini pasaytirib sotish (chegirma berish); ma'lum bir
miqdordagi tovarlarni bepul berish (agar ular xarid qilayotgan tovar ma'lum bir
me'yordan oshsa), mukofotlar berish va boshqalar tushuniladi.
Demak, kommunikatsion siyosatni yuritish bozorda har bir korxonaning
raqobatga bardosh berib, samarali faoliyat ko’rsatishning muhim omili hisoblanar
ekan.