12.2. O’qituvchini geografiya xonasida olib boradigan tashkiliy xo’jalik ishlari. Geografiya xonasi o’quvchilarni bilim olish faoliyatini samarali tashkil
qilishda katta ahamiyatga ega. Shuning uchun geografiya xonasini tashkil
qilishga katta ahamiyat berilmog’i lozim. O’qituvchilarni geografiya
xonasida qiladigan ishlari quyidagi bosqichlardan iborat:
Birinchi bosqich . O’qituvchi geografiya xonasini qabul qilib oladi.
Xonani qabul qilib olgandan so’ng o’qituvchi quyidagi ishlarni amalga
oshiradi.
Kabinetdagi mavjud bo’lgan o’quv jihozlari ro’yxatini tuzadi. O’quv
jihozlariga: mebellar, barcha o’quv vositalarini namoiyish qilish va saqlash
moslamalari kiradi. Buning uchun barcha ishga yaroqli bo’lgan o’quv
jihozlarini ro’yxati tuziladi. Shu bilan birga ishga yaroqsiz ta’imrlash lozim
bo’lgan o’quv jihozlari ro’yxati ham tuziladi. O’quv xonasida mavjud
o’quv jihozlari optimal xona jihozlari bilan solishtiriladi va xonaning
jihozlar bilan ta’minlanganlik darajasi aniqlanadi.
Ikkinchi bosqich. Mazkur bosqichda barcha o’quv jihozlari ularga
ajratilgan joylarga o’rnatiladi. O’qituvchi va o’quvchining ish joyi tashkil
qilinadi. O’quv vositalari saqlanadigan joy aniqlanadi va ular o’qitishni
texnik vositalari va geografik kartalardan foydalanish uchun moslamalar
bilan jihozlanadi. So’ngra quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
- geografiya xonasini qayta jihozlash, namoyish stendlari uchun
materiallar to’plash, o’lkashunoslik materialini yig’ish bo’yicha ishlar rejasi
tuziladi;
- o’lkashunoslik burchagini va muzeyini jihozlash rejasi tuziladi. Unda
o’lka tabiiy va iqtisodiy sharoiti tarkibiy qismlari namunalari, modellari va
maketlari joylashtiriladi. Masalan, tog’ jinslari namunalari, qishloq yoki
shahar modeli, qishloq xo’jalik yoki sanoat maxsulotlari namunalari;
- geografik maydonchani jihozlash rejasi tuziladi;
- geografiya xonalaridagi barcha jihozlar, asbob-uskunalar ro’yxati
tuziladi.