I nazariy materiallar


-mavzu: Farg‘ona vodiysi o‘simlik va hayvonot dunyosi



Yüklə 1,09 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə32/43
tarix16.12.2023
ölçüsü1,09 Mb.
#183276
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   43
Maruza matn (1)

7-mavzu: Farg‘ona vodiysi o‘simlik va hayvonot dunyosi 
 
Farg‘ona vodiysining o‘simlik dunyosi hududning geografik xususiyatlarini yaqqol 
ifodalaydi. O‘simlik dunyosining xilma-xilligi qadimdan Farg‘ona vodiysi tabiatini o‘rganuvchi 
tadqiqotchilarni diqqat markazida bo‘lgan. 
X1X asrning oxiri XX asr boshlarida Farg‘ona vodiysining o‘simlik qoplamini o‘rganishda 
A.F.Middendorf (1882), O.E.Knorring (1914, 1915, 1916), O.A.Fedchenko (1914), 
Z.A.Minkvits (1914, 1917), N.A.Desyatova (1914), V.P.Drobov (1922, 1925, 1956), 
E.P.Korovin (1924, 1938, 1947), M.M.Sovetkina (1929, 1938), N.N.Dzens-Litovskaya (1937), 
B.M.Komarov (1948, 1955), K.Z.Zokirov (1947), O.N.Bondarenko (1954), M.M.Orifxonova 
(1958, 1960, 1961, 1964, 1967), O‘.Pratov (1970) kabi olimlarning hissasi juda katta bo‘lgan. 
Farg‘ona vodiysining o‘simliklarini hududiy tarqalishi 1951 yilda K.Zokirov tomonidan 
tavsiya etilgan mintaqaviy joylanish qonuniyatlariga mos keladi, ya’ni o‘simliklarni 1 cho‘l, 2 
adir (tog‘oldi), 3 tog‘, 4 yaylov mintaqalari bo‘yicha zonal joylanish qonuniyatlari Farg‘ona 
vodiysi uchun ham mutanosibdir. 
Farg‘ona vodiysida o‘simliklarning mintaqaviy joylanishida geomorfologik va iqlimiy 
omillarning ahamiyati kattadir. Balandlik mintaqalari o‘simliklarning geobotanik mintaqalarini 
hosil qiladi. 
Tekisliklarni egallab olgan geobotanik mintaqada to‘qay, sho‘rxok cho‘llar, qumli cho‘llar 
o‘simliklari asosiy o‘rinni egallaydi. Tog‘oldi geobotanik mintaqasi esa asosan adirlar hududini 
egallab, efimer, efimeroidlar, chala buta va buta o‘simliklari qoplamalaridan iborat. Tog‘ 
mintaqasini etaklari shuvoq-sho‘ra, efimerlar, o‘rta va baland qismlari turli butalar, archazorlar 
bilan qoplangan. Tog‘ mintaqasining baland qismlarini tog‘ dasht yaylov o‘simliklari qoplab 
olgan. 
Farg‘ona vodiysi o‘simliklarini M.M.Orifxonova 97 ta oila va 2625 turga mansubligini 
e’tirof etgan. SHu jumladan paporotniksimonlarni 17, ochiq urug‘lilarini 14, bir pallalilarni 454, 
ikki pallalilarni 2175 turini ajratadi. 
Farg‘ona vodiysida barcha tekisliklar va adirlar hududini cho‘l o‘simliklari qoplab olgan, 
lekin tabiiy o‘simliklar inson xo‘jalik faoliyati tufayli maydon va tur jihatdan keskin kamayib 
ketgan. Ularning o‘rnini deyarli madaniy o‘simliklar egallab olgan. Daryo va soyliklarning 
qayirlarida, quyi terassalarida, zovur kollektor tizimlarida, sizot suvlar er yuzasiga yaqin bo‘lgan 
pastqamliklarda, qamish, qo‘g‘a, yulg‘un kabi to‘qay o‘simliklari, turong‘il kabi daraxt turlari 
o‘sadi. Turong‘il o‘simligi Sirdaryoning Markaziy Farg‘onadan o‘tgan eski o‘zanida relikt 
o‘simlik sifatida saqlanib qolgan. Markaziy Farg‘onaning o‘zlashtirilmay qolgan qumli 
maydonlarida o‘simliklarning nisbatan kam bo‘lgan turlari buta va chala buta o‘simliklari bilan 
birga efimerlar, bir yillik o‘t o‘simliklari uchraydi. Buta va chala buta o‘simliklaridan oq 
saksovul, qandim, qum qiyog‘i uchraydi. 
O‘tloq-botqoq tuproqlarida qizilmiya, ajriq, kurmak, oqbosh, sho‘rxoklar va sho‘rlangan 
hududlarda sarsazan, qorabaroq, qorasho‘ra, shoxilak kabi o‘simliklar formatsiyalar hosil qiladi. 


49 
Adirlar hududi ham Farg‘ona vodiysida cho‘l mintaqasiga kirib, balandliklar ortishi bilan 
(400-500 m dan 1200-1500 m gacha) issiqlik va namlikni taqsimlanishdagi tafovutlar o‘simlik 
turlarini ham mintaqaviy taqsimlanishiga sabab bo‘ladi. 
SHunga ko‘ra adir o‘simliklari ikkita yarus hosil qilib joylashgan. Quyi yarus asosan past 
adirlar hududini egallab efimer va efimeroid turlarga mansub bo‘lgan burgan, gultikan, rang, 
qo‘ng‘irbosh, lolaqizg‘aldoq, bug‘doyiq kabi o‘simliklardan tashkil topgan. Baland adir 
o‘simliklari tarkibida efimer va efimeroidlardan tashqari bo‘yi 40-50 sm gacha bo‘lgan shuvoq, 
izen kamdan-kam holatlarda namatak kabi buta va chala buta o‘simliklari yuqori yarusni tashkil 
etadi. 
Adirlarni o‘zlashtirish tufayli tabiiy o‘simliklar qoplami ham maydon va tur jihatdan 
keskin kamayib bormoqda. Qadimdan adirlar hududi bahorgi yaylov sifatida foydalanilib 
kelingan. Bahorning ikkinchi yarmida va yoz boshlanishi bilan adirlarning yuzasi go‘yoki 
yalang‘ochlanib qoladi. Efimerlar qurib, qovjirab, faqat baland adirlardagi buta va chala buta 
o‘simliklarigina jon saqlab qoladi. 
Farg‘ona vodiysining tog‘oldi va tog‘li hududlari janubiy dashtlar mintaqasiga mos keladi 
va shunga ko‘ra bir tomondan dasht o‘simliklari va ikkinchi tomondan cho‘l o‘simliklari 
landshaft manzaralarini tashkil etadi. Ayniqsa, Farg‘ona vodiysining yog‘ingarchilik miqdori 
nisbatan ancha kam bo‘lgan g‘arbiy hududlarida, shuningdek, Oloy, Turkiston va Qurama 
tizmalarida cho‘l tipidagi dasht landshaftlarida burgan, sho‘ra, astragal, tipchoq, bug‘doyiq, 
shuvoq kabi efimer va efimeroidlar bilan birgalikda 1500-2300 m balandliklarda o‘t 
o‘simliklaridan shuvoq, bug‘doyiq yuqori yarusda esa archazorlar, na’matak, tobulg‘a, do‘lana 
kabi buta o‘simliklari uchraydi. Farg‘ona vodiysi tog‘larida archalarning uch turi – Turkiston, 
Zarafshon va Saur archasi uchraydi. 
Tog‘oldi va tog‘ yonbag‘irlaridagi 1000-1500 m balandliklarda bug‘doyiq, isiriq, 
beshbarg, adonis, qorazira, shirach, choy o‘t, tog‘ rayxoni, gulhayri kabi o‘simliklar landshaft 
foni hosil qiladi. Ayniqsa, shuvoq-bug‘doyiq assotsiatsiyalari archazorlar orasidagi bo‘shliq 
maydonlarda 1900-2300 m balandliklarda ham o‘sadi. 
Keng bargli o‘rmonlar mintaqasi Farg‘ona vodiysining barcha tog‘li hududlarida 
uchramaydi. CHotqol tog‘larining sharqiy qismlarida, Farg‘ona tizmasining 1100-1300 m dan 
2300-2500 m bo‘lgan balandliklaridagi bargli o‘rmonlarda yong‘oqzorlar, yovvoyi olma, 
do‘lana, olcha, soyliklarning pastqam vodiylarida chakanda kabi daraxt o‘simliklari o‘sadi. 
Farg‘ona vodiysining sug‘oriladigan landshaftlarida madaniy o‘simliklar orasida begona 
o‘t o‘simliklaridan pechak, machit, kurmak, ituzum, ajiriq, qorasho‘ra, semizo‘t, qiyoq, 
qirqbo‘g‘in, qo‘ytikanak, yovvoyi beda, ariq-zovurlar chetida, yo‘l bo‘ylarida achchiqmiya, 
gulxayri, bangidevona, otquloq, momoqaymoq, erman, qora andiz, qo‘ypechak, qariqiz kabi bir 
yillik o‘t o‘simliklari o‘sadi. 

Yüklə 1,09 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   43




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin