Insoflilik. Aflotun haqida gap borganida, uning adolatni davlatga xos fazilat, degan fikrini
keltirib o‘tgan edik. Darhaqiqat, adolat mohiyatan davlatning fuqaroga, jamiyatning shaxsga
nisbatan munosabati tarzida namoyon bo‘ladi. Bordi–yu, o‘zaro adolatli munosabatlar haqida gap
ketsa, unda odatda yuksak martabadagi tarixiy shaxsning quyi martabadagi shaxsga munosabati
nazarda tutiladi. Insof esa ana shu adolatning tor qamrovli xususiy ko‘rinishi sifatida namoyon
bo‘ladi. U fuqarolar, jamiyat a’zolari orasidagi o‘zaro munosabatlar me’yoridir.
Insoflilik ham halollik kabi vijdon tushunchasi bilan bog‘liq, ma’lum ma’noda halollikka
o‘xshab ketadi. Lekin bu yuzaki taassurot. CHunki halollik o‘z haqi va haqqini, ya’ni moddiy va
ma’naviy huquqini o‘zgalarning haqi va haqqiga xiyonat qilmagan holda ajratib yashashni
anglatadi. Insoflilik esa ijobiylikda halollikdan ham bir qadam olg‘a tashlangan holatdir: unda
kishi o‘z halol haqi va haqqidan o‘zganing hisobiga kechadi; «o‘zga»ning sharoiti o‘zinikidan
nihoyatda og‘ir va yomon ekanini hisobga olib, o‘z qonuniy haqi va haqqini yoki ularning bir
qismini ixtiyoriy ravishda o‘zgaga beradi, muruvvat ko‘rsatadi.
Misol tariqasida O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidentining bir xatti–harakatini olib
ko‘raylik: u xorijda nashr etilgan kitoblaridan biri uchun 30.000 AQSH dollari miqdorida berilgan
qalam haqini to‘laligicha mehribonlik uyiga o‘tkazdi. Vaholanki, mazkur qalam haqi uning halol
aqliy mehnati tufayli ishlab topilgan mablag‘, unga hech kimning da’vo qilishga haqqi yo‘q. Lekin
u, o‘zi va oilasining ijtimoiy–iqtisodiy ahvoli shu 30.000 dollarsiz ham risoladagidek bo‘lishi
mumkinligini, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va tarbiyachilarining sharoiti esa bu darajada
emasligini hisobga olib, muruvvat ko‘rsatdi: o‘zi yoki avlodi uchun halol jamg‘arma tarzida olib
qo‘yishi mumkin bo‘lgan mablag‘dan, insoflilik ko‘rsatib, ixtiyoriy tarzda kechdi.
Bu axloqiy xatti–harakatning Prezidentlik vakolati doirasiga mutlaqo aloqasi yo‘q; Islom
Karimov uni xususiy kimsa, axloqli shaxs sifatida amalga oshirdi. Ana shu insof yuzasidan
qilingan muruvvat esa halollikni yana bir pog‘ona yuksakka ko‘tardi. Qani endi o‘ziga to‘q
odamlar, xususan, o‘rta va quyi bo‘g‘in rahbarlari ana shu namunaga iqtido qilsalar! Zero,
insoflilik va muruvvatlilik axloqiy me’yorlari jamiyat etishtirgan moddiy boyliklarni uning
a’zolari o‘rtasida shaxsiy tashabbus asosida, og‘riqsiz, huquqiy holatlarni poymol qilmagan holda
qayta taqsimlanishiga, jamiyatning yanada farovonlashuviga o‘ziga xos hissa qo‘shadi.