Xo\'jalik (tadbirkorlik) huquqi (B.Ibratov, I.Nasriyev)
v) Xo`jalik shirkati Xo`jalik shirkatining xo`jalik jamiyatlaridan farqi shundaki, shirkat
shaxslarning birlashuvini hamda ularni shirkat faoliyatida faol ishtirokini
talab qilsa, xo`jalik jamiyatlarida mablag` (kapital) birlashtiriladi va unda
ishtirokchilarning jamiyat faoliyatida shaxsan ishtiroki talab qilinmaydi.
Ularning huquqiy mavqelarini belgilab berishda qonun chiqaruvchi aynan
mana shu tamoyilga asoslangan. Xo`jalik shirkatining ustav kapitali
xo`jalik jamiyatining ustav kapitalidan iqtisodiy hamda huquqiy jihatlari
bilan farqlanadi. Xo`jalik shirkatida ustav kapitali uning ish faoliyatini
boshlash uchun zarur bo`lsa, xo`jalik jamiyatida ustav kapitali uning
kreditorlari oldidagi javobgarligining kafolatidir. Xo`jalik shirkatining
ustav kapitali uning tasis hujjatlari ro`yxatga olish uchun berilgan vaqtda
eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan kam bo`lmasligi zarur.
Qonun xo`jalik shirkatining ustav fondini uning asosiy aktivlari bilan
bevosita bog`lab qo`ygan. Agar shirkatning zarar ko`rishi natijasida uning
asosiy aktivlari qiymati ustav kapitali miqdoridan kamayib ketsa, shirkat
tomonidan olingan daromad uning azolari o`rtasida taqsimlanmaydi.
Asosiy aktivlarning qiymati ustav kapitali miqdoridan oshgandagina
daromadlar uning ishtirokchilari o`rtasida taqsimlanishi mumkin. Shirkat
kreditorlari manfaatlarining asosiy kafolati uning ishtirokchilarining
o`zlariga tegishli bo`lgan butun mol-mulklari bilan bo`lgan javobgarligidir.
Fuqarolik kodeksining 58-moddasida xo`jalik shirkati quyidagi ikki
xil shaklda mavjud bo`lishi mumkinligi mustahkamlangan, bular to`liq
shirkat va kommandit shirkatdir. Shirkat ishtirokchilari uning faoliyatida
bevosita ishtirok etishlari shart, natijada mazkur faoliyat shirkat
ishtirokchilari harakatlarining birlashmasidan iborat bo`ladi, yani
ishtirokchilar shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishadi.