Iqtisodiy munosabatlar – bu kishilar o‘rtasida ularning o‘zlari uchun zarur bo‘lgan hayotiy ne’matlarni ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol qilish jarayonida vujudga keladigan munosabatlardir. Ular ishlab
chiqarish munosabatlari yoki iqtisodiy munosabatlar deb ham ataladi.
Ishlab chiqaruvchi kuchlar rivojining muayyan darajasi ishlab chiqarish
munosabatlarining u yoki bu turini taqozo qiladi.
Muayyan taraqqiyot darajasidagi ishlab chiqaruvchi kuchlar va ishlab chiqarish munosabatlari muayyan turining birligi va o‘zaro ta’siri ishlab chiqarish usulini tashkil etadi. Ishlab chiqarish munosabatlari faqat ishlab chiqaruvchi kuchlar bilangina
o‘zaro aloqada bo‘lib qolmaydi. Ular bir vaqtda bazis ham hisoblanib, uning ustida
ishlab chiqarish munosabatlarining ushbu tizimiga xos bo‘lgan alohida siyosiy,
huquqiy, mafkuraviy, milliy, oilaviy va boshqa ijtimoiy munosabatlar hamda
tartibotlarning alohida turlari qad ko‘taradi. Ana shularning yig‘indisi jamiyatning
ustqurmasini tashkil etadi. Siyosat, huquq, ahloq va ustqurmaning boshqa
elementlari ham faol rol o‘ynaydi, o‘zlarini vujudga keltirgan ishlab chiqarish
munosabatlariga, ular orqali esa jamiyatning ishlab chiqaruvchi kuchlariga ham
aks ta’sir ko‘rsatadi.
Ishlab chiqarish usuli bilan jamiyat ustqurmasi ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyani tashkil etadi .
Ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyaning tarkibiy qismlarini alohida rasm orqali
ifodalash mumkin (3.1-rasm). Bu yerda ikki holatga e’tibor berish muhim.
Birinchidan, ishlab chiqarish munosabatlari mustaqil, alohida tizimni tashkil
qilmaydi. Ular ishlab chiqaruvchi kuchlar bilan ham, shuningdek, ustqurma bilan
ham har doim o‘zaro ta’sirda bo‘ladi. Ikkinchidan, turli formatsiyalarda o‘ziga xos
ishlab chiqarish munosabatlari amal qiladi va bu esa har bir formatsiyaga mos
keluvchi ishlab chiqarish usulini belgilab beradi.