21
oluvchi eng ishonchli bilish deb hisoblaydi. Sensualistlar sezgi darajasidagi
intuitsiyani targ’ib qiladi, sezgi a’zolari orqali, bevosita bilishni birinchi o’ringa
qo’yadi. J.Lokk fikriga ko’ra, aql – sezgi a’zolari faoliyatining haqiqiy natijalarini
uzluksiz qayd etuvchi ko’zgu, xolos. Bilishning bu tomonini rad etib bo’lmaydi:
aql shu tomonga o’z e’tiborini qaratgani zahoti u, xuddi quyoshning yorqin nurlari
kabi, o’zini bevosita idrok etishga majbur qiladi. Ikkilanish, shubhalanish,
o’rganishga hech qanday o’rin qolmaydi: aql shu zahoti uning yorqin nurlari bilan
to’ladi, isbotlash yoki o’rganishga muhtoj bo’lmaydi, biroq haqiqatni faqat unga
o’z e’tibori qaratilganligi tufayli idrok etadi. Muammoni o’rganishga nemis
klassik falsafasi muhim hissa qo’shdi. Kant intellektual intuitsiya qobiliyatini inkor
etib, sof apertsepsiya g’oyasini ilgari suradi. Biroq keyinchalik Fixte Kantning sof
apertsepsiyasi amalda intellektual intuitsiyaning o’zi ekanligini, u Dekart, Spinoza
va Leybnitsning amalda mavjud narsalarni bilish qobiliyati sifatida qaralgan
intellektual intuitsiyasidan Kantda intuitsiya faoliyatni bilishga qaratilganligi bilan
farq qilishini ko’rsatdi. Fixtening o’zi intellektual
intuitsiyani amalda mavjud
narsalarni emas, balki mutlaq narsalar faoliyatini bilish sifatida tushunadi. Shelling
Kant-Fixte yo’nalishini rivojlantirib, ularning ta’limotini o’zining transtsendental
idealizmi – «substantsiyani bilish uchun» o’z naturfalsafasi bilan to’ldiradi, estetik
tasavvurni birinchi o’ringa qo’yadi. O’tmish ratsionalistlaridan farqli o’laroq, u
intuitsiyaning sabablarini idrok emas, balki aql faoliyatidan qidiradi. Gegel o’z
o’tmishdoshlarining intellektual intuitsiya haqidagi ta’limotlariga tanqidiy
yondashib, bilish mantig’i, nazariyasi sifatida dialektikani ishlab chiqadi. U
falsafani tafakkur faniga aylantiradi, uning sof tafakkurga asoslangan mantiqiy
oqilona
tizimini yaratadi, shu sababli uning ta’limotida intellektual intuitsiya
o’rnini dialektika egallaydi.
XX asr boshida har xil maktablar: Gusserlning fenomenologik intuitsiya
(reduksiya), Bergsonning intuitivizm, Freydning ong osti intuitsiyasi va boshqa
yo’nalishlar yuzaga keldi. Bu maktablar intuitsiyani bilishning instinkt, ong osti
hodisasi, diniy e’tiqod va hokazolarni o’zida uyg’unlashtirgan irratsional harakati
sifatida tushunadi. Bu yo’nalishlarning o’ziga
xos xususiyati shundaki, ular
dunyoni ilmiy bilishda aqlning, tushunchalar vositasida tafakkurning rolini
kamsitadi. Tafakkur o’rniga predmetni keraksiz ratsionalistik mulohazalarsiz «asl
holicha» qamrab olish imkonini beruvchi intuitsiya qo’yiladi. Bugungi kunda
irratsionalizm g’oyalarini ekzistentsializm, neopozitivizm va hozirgi zamon
falsafasining ayrim boshqa yo’nalishlari rivojlantirmoqda. Masalan, ekzistentsialist
Xaydegger fikriga ko’ra, «ekzistentsiya»ni mantiqiy tushunish mumkin emas.
Yaspersda e’tiqod, intuitiv tarzda qaraladigan mistik «vahiy» birinchi o’ringa
qo’yiladi. Marsel «abstraktsiyalar ruhi»ga qarshi ayovsiz kurashni targ’ib qiladi.
Inglizlar Ross, Mur, Richard moddiy narsalarni bilishning sezgi va aql darajalarini
22
chetlab o’tib, qandaydir mistik intuitsiya yordamida, bevosita bilish mumkinligini
isbotlashga harakat qiladi. Shunday qilib, o’tmishda faylasuflar intuitsiya deganda
insonning haqiqiy borliqni bilish qobiliyatini tushungan,
ularning ayrimlari
(Spinoza) intuitsiyaga aqlning oliy ko’rinishi sifatida yondashgan bo’lsalar, hozirgi
intuitivistlar aqlning, tafakkurning rolini kamsitadilar yoki inkor etadilar, alogizm
va mistik irratsionalizmni targ’ib qiladilar. Mantiq sifatida tushuniladigan
dialektika intuitsiyaning shakllanishi va uning natijalariga tanqidiy yondashilishiga
imkoniyat yaratadi. Garchi intuitsiya deduktiv nazariyaning muhim bo’g’inlarini
ko’rsatib bersa-da, u bizni ularni isbotlash zaruriyatidan xalos etmaydi. Bevosita,
kutilmagan va anglab yetilmagan bilim sifatida intuitsiya quruq joyda emas, balki
vazifalarni yechish, yechimni «intuitiv» topishni belgilaydigan muayyan asoslar
mavjud bo’lgan holda yuzaga keladi. Biroq intuitsiya natijalarini bilimning tegishli
shart-sharoitlar mavjud bo’lgan sohalarida tekshirish lozim. Masalan, matematika
va fizikada olingan natijalarni faqat tajriba o’tkazish yo’li bilan tekshirish mumkin.
Inson ruhiyati hissiy, oqilona va eydetik bilimning yangi shakllarini yaratish
uzluksiz jarayoni sifatida amal qiladi. Ingliz olimi G.Uolles ma’naviy ijod
jarayonlarining tayyorgarlik, yetilish, anglash va tekshirish quyidagi bosqichlarini
qayd etgan. Ijodning muhim bosqichi – yangilikni intuitiv anglash, tushunib yetish.
Intuitsiya – kutilmaganda bevosita olingan bilim. Inson bilimining jadal sur’atlarda
rivojlanishi ijod qilishni o’rganish vazifasini qo’yadi. Ijodiy faoliyat hamda ta’lim
metodlarini o’rganish haqidagi fan evristika deb ataladi. Ilmiy davralardagi
suhbatlar,
fikrlar almashinuvi, munozaralar, muammoli vaziyatlar tahlili –
shaxsning ma’naviy, ijodiy qobiliyati rivojlanishiga ko’maklashadi. Intuitsiya va
ijodni formal mantiq vositalari yordamida tavsiflash mumkin emas, biroq evristik
metodlar orqali sub’ektning iste’dodi, xotirasi, zehni, tasavvurini safarbar etishni
talab qiluvchi yangilik ustida izlanishlar olib boriladi. Induktiv tafakkur –
hodisalarning bir qismini o’rganish orqali olingan bilimni hodisalarning butun
turkumiga nisbatan tatbiq etish evristik usul hisoblanadi. O’xshashlik bo’yicha
tafakkur
ham
evristik
mushohada
yuritishning
haqiqatga
erishishni
kafolatlamaydigan, biroq oddiy faraz ham hisoblanmaydigan usulidir. Matematik
modellashtirish ham evristik usul hisoblanadi. Fanning barcha
tamoyillari evristik
mazmunga ega. Masalan, fizikada muvofiqlik prinsipidan foydalaniladi: eski va
yangi nazariya o’rtasida muvofiqlik bo’lishi kerak, yangi nazariyaning matematik
apparati ma’lum darajada eski nazariyaga mos kelishi lozim. Falsafa evristik
xususiyatga ega, shu sababli yuksak cho’qqilarni egallash intuitsiya va ijodni
anglab yetishning ta’sirchan vositalaridan biri hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: