1.1.2. Qishloq va shahar aholisining ma'danli moddalar bilan ta'minlanishi
Tirik mavjudotlar hayot faoliyatini normal davom ettirishi uchun organizmning asosiy
tarkibiy qismlar bo‘lgan uglevodlar, oqsillar, nuklein kislotalar, vitaminlar va suv bilan bir
qatorda, ma'lum miqdorda ma'danli moddalar ham talab qilinadi.
Tirik organizmlarda 60 ga yaqin turli elementlar topilgan, bu elementlardan, miqdor
jihatdan C, H, N, O tananing asosiy qismini (96%) tashkil etsa, kalsiy va fosfor 3% ga to‘g‘ri
keladi. Qolgan 1% hisobiga barcha elementlar kirib, ular ichida kalsiy, magniy, natriy, kaliy,
fosfor, oltingugurt, xlor nisbatan ko‘proq miqdorda uchraganligi uchun bu elementlarni
makroelementlar deb ataladi. Bulardan tashqari odam, hayvon va o‘simliklar organizmida
kam miqdorda uchraydigan va kam talab qilinadigan, lekin organizm hayotida muhim rol
o‘ynaydigan elementlar ham uchraydi, ular mikroelementlar deb ataladi. Mineral tuzlarning
muhim rol o‘ynashi bevosita kuzatishlarda aniqlangan. Masalan, hayvonlar mineral tuzlardan
butunlay mahrum qilinganda, ya'ni mineral ochlikda organizmga boshqa hamma ozuq
moddalar va suv yetarli kirishiga qaramay, hayvon ishtahadan qolib, ovqatdan voz kechgan,
ozib-tuzib, o‘lib qolgan.
Quyida ba'zi makro- va mikroelementlarning fiziologo-biokimyoviy xususiyatlari,
ularning organizmda tutgan o‘rni, oziq-ovqatlar tarkibidagi miqdori, ularga bo‘lgan kunlik
talab me'yorlar haqida fikr yuritiladi (31, 46).
1.1.2.1. Makroelementlar
Natriy massa jihatdan yer po‘stining 2,64% ni tashkil qiladi. Natriy tabiatda faqat
birikma (tuzlar) holida uchraydi. Natriy o‘simliklar (bo‘ymodaron, dengiz o‘ti) tarkibida ham
bor. Odam va hayvonlar organizmida birikmalar holida bo‘ladi. Masalan, natriy ionlari odam
qoni plazmasida 0,32%, suyakda 0,6%, muskul to‘qimasida 0,6-1,5% ni tashkil qiladi. Bu
biogen element tanadagi barcha hujayra, to‘qimalar hamda biologik suyuqliklar tarkibida mo‘l
bo‘lib, u asosan osh tuzi, ya'ni natriy xlor ko‘rinishida ovqat va ichiladigan suv bilan qabul
qilib turiladi. Organizmdan bir sutkada siydik bilan 3-6 g natriy chiqib ketadi. Natriy tuzlari
kishi organizmi ichki muhitining barqarorligini ta'minlaydi, suv almashinuvida faol
qatnashadi. Oziq-ovqat mahsulotlarida natriy kam bo‘ladi. Natriy organizmga asosan osh tuzi
orqali o‘tadi. Katta yoshdagi kishilar bir kunda 15 g.gacha osh tuzi iste'mol qiladi va
organizmdan shuncha miqdorda chiqib ketadi. Ammo organizmga zarur natriy miqdorini
19
ancha cheklash mumkin. Organizmga kiritiluvchi natriy 2-2,5 g kamaytirilsa, dastlab 2 kunda
natriy balansi manfiy bo‘ladi, so‘ngra natriy chiqishi kamayib, muvozanat vujudga keladi.
Organizmga natriy tuzlari ortiqcha kiritilsa zaharlanish alomatlari paydo bo‘ladi.
Bolalarning tana temperaturasi ko‘tarilishi mumkin, bu tuz isitmasi deb ataladi. Tana
temperaturasining ko‘tarilishiga sabab shuki, modda almashinuvi kuchayadi. Masalan, katta
yoshli kishi organizmiga 9 g natriy kiritilsa, modda almashinuvi 20% ortadi. Natriy
organizmdan asosan (kiritiladigan jami natriyning 45 foizgachasi) siydik bilan chiqadi. Natriy
ter bezlar orqali kamroq chiqadi. Ammo tashqi muhit temperaturasi oshganda natriy ter bilan
ko‘proq chiqishi mumkin. Shu sababli tashqi temperatura ortganda natriy xloridning
gipertonik eritmasini iste'mol qilish terlashni, organizmning natriy va suv yo‘qotishini keskin
darajada kamaytira oladi. Issiq kunda uzoq yo‘lga chiqishdan oldin va issiq sexlarda
ishlaganda 10-15 g natriy xlorid iste'mol qilish yaxshi natija beradi, degan ma'lumotlar
mavjud (3, 4, 7, 13, 23, 24, 37,).
Kaliy kimyoviy jihatdan faol metall, tabiatda sof holatda uchramaydi.
Minerallar(dala shpati, slyuda, silvinit, karnallit, kainit va boshqalar) tarkibida uchraydi. Kaliy
inson va hayvon organizmi uchun muhim biogen elementlardan hisoblanadi. U tabiatda keng
tarqalgan, yer po‘stidagi miqdori og‘irlik jihatidan 2,41% ni tashkil etadi. Bu elementning
muhim tomoni shundan iboratki, u organizmdagi barcha «yumshoq» to‘qimalarning me'yoriy
ishlashini ta'minlaydi (miya, buyrak, oshqozon-ichak, jigar, ichki sekretsiya bezlari, tana va
yurak muskullari)
Kaliy ko‘pgina o‘simlik mahsulotlarida ancha mo‘l uchraydi. Bulardan loviya, no‘xat,
kartoshka, sholg‘om, olma, zardoli, qaroli, sarimsoq va boshqalar. Shu bilan birga, u ayrim
hayvon mahsulotlarida ham masalan, mol go‘shti (241 mg/100 g), baliq (162 mg/100 g), sutda
(127 mg/100 g) serob bo‘ladi. Odatda, odam kundalik iste'mol qiladigan ovqati bilan o‘ziga
yetarli bo‘lgan kaliyni yig‘ib oladi. Odatda kaliyga bo‘lgan sutkalik talab 3-6 g. atrofida, lekin
kaliyga bo‘lgan talab natriyni (osh tuzini) ko‘p iste'mol qilish bilan oshib ketadi. Natriy bilan
kaliyning iste'mol qilishdagi nisbati 2:1 bo‘lishi lozim, ya'ni ikki hissa natriyga bir hissa kaliy
to‘g‘ri kelishi kerak. Bu nisbat buzilganidan keyin ko‘pchilik to‘qimalarda me'yoriy
almashinuv jarayonlari buzilib u yoki bu a'zolarda shish paydo bo‘ladi. Chunki, tanada natriy
ko‘paysa, uning suvni ushlab qolish xususiyati yuqori bo‘lganligi tufayli to‘qimalar orasida
suyuqliklar miqdori oshib suvli shish paydo bo‘ladi. Bunday paytlari kaliyga boy
mahsulotlardan ko‘proq iste'mol qilish, kasallangan a'zoga kaliyga ancha boy bo‘lgan
aralashma-asal qo‘shilgan olma sirkasini surtish kerak.
20
Kaliy almashinuv jarayonlari nuqtai nazaridan natriyning ontogenisti hisoblanganligi
uchun u qanchalik tanada ko‘paysa, natriy shunchalik ajratish a'zolari orqali tashqariga ko‘p
miqdorga chiqarib yuboriladi. To‘qimalarda natriyning kamayishi bilan oshiqcha suyuqlik
ham bartaraf qilinadi. Ushbu usuldan tanada paydo bo‘lgan shishlarni, yallig‘lanishlarni
yo‘qotishda yaxshigina foydalansa bo‘ladi. Buning uchun, yuqorida qayd qilinganidek, olma
sirkasiga asal qo‘shib og‘rigan joyga surtish va har kuni 1 stakan suvga 1 choy qoshiq sirka va
shuncha asal qo‘shib ichib turish kerak (kun uzog‘iga bunday aralashmadan 3-4 stakan
ichiladi). Kaliyning tanaga tegishli miqdorda qabul qilib turilishi tomirlarda natriy tuzlarining
cho‘kma bo‘lib to‘planishini va shu yo‘l bilan skleroz kasalligining oldini olishni ta'minlaydi.
Yuqorida bayon qilinganlardan aytish mumkinki, tuzlangan narsalarga o‘ch bo‘lib,
tanada natriy miqdorini me'yoridan oshirmaslikka harakat qilish lozim. Bordi-yu u yoki bu
sabablarga ko‘ra shunday holat ro‘y bersa kaliyli mahsulotlardan ham ko‘proq iste'mol
qilishga o‘tish lozim. Kaliy birikmalari fotoelementlar tayyorlashda, sintetik kauchuk, shisha,
sovun va boshqa ishlab chiqarishlarda, o‘g‘it sanoatida, yadro texnikasida, tibbiyotda
ishlatiladi. Odam aralash ovqat yeb turganda organizmi sutkasiga qariiyb 2-3 g kaliy oladi,
ovqatga o‘simlik mahsulotlari, jumladan kartoshka solinsa, organizmga kiruvchi kaliy
miqdori ancha ortadi. Kaliyni siydik bilan chiqishini kuchaytiruvchi ba'zi dorilar ta'sirida
qondagi kaliy kamayadi (gipokaliemiya). Gipokaliemiya oqibatida miokardning qisqarish
funksiyasi buzilishi mumkin.
Kalsiy ishqoriy yer metallarga kiruvchi element hisoblanadi. Yer po‘stida
tarqalganligi jihatidan beshinchi o‘rinda (O, Si, Al, Fe dan keyin) turadi, massasi jihatidan
3,38% ni tashkil qiladi. Tabiatda faqat minerallar (400 ga yaqin) holida uchraydi. Kalsiy
birikmalari tabiatdagi tog‘ jinslari, suvlar va tuproq tarkibida ham bor. Kalsiy biogen
elementlardan biri bo‘lib, o‘simlik, odam va hayvonlar suyagining asosini tashkil etadi. Bu
ma'danli modda ham natriy, kaliy kabi, asosan ionlar, ko‘rinishida qabul qilinadi. Tanadagi
kalsiyning 99% i suyaklar, tishlar va tirnoqlar tarkibida bo‘ladi, qolgan 1 % qon va boshqa
biologik suyuqliklarda hamda «yumshoq» to‘qimalarda uchraydi. Lekin, kalsiyning ahamiyati
faqat suyaklar va tishlarning to‘g‘ri shakllanishi bilan cheklanib qolmasdan, u qon hosil
bo‘lishi va ivishi jarayonida, nerv va muskullardagi qo‘zg‘aluvchanlik, hujayra membranasida
kuzatiladigan o‘tkazuvchanlik jarayonlarida faol qatnashadi. Katta yoshdagi odamlar
vaznining 1,4-2 foizi kalsiydan iborat. Umuman olganda hozirgi kunda kalsiyga bo‘lgan
sutkalik talab o‘rtacha 800 mg.ni tashkil qiladi, yosh bolalar va keksa odamlarda bu
ko‘rsatgich 1000-1200 mg.gacha bo‘ladi. Yosh bolalarda suyaklarning o‘sishi uchun
21
qo‘shimcha kalsiy zarur bo‘lsa, keksa kishilar oshqozon-ichak yo‘lida kalsiy so‘rilishi
sekinlashganligi bois, undan ko‘proq iste'mol qilib turish kerak. Kalsiyga boy mahsulotlarni
tanlab organizmning unga bo‘lgan ehtiyojini qondirib borish mumkin. Kalsiy sut, qatiq,
pishloq tarkibida ham anchagina bo‘ladi. Iste'mol taomlari bilan qabul qilinadigan kalsiy
kerakligidan kam bo‘lsa yoki uning oshqozon-ichak tizimidan qonga so‘rilishi pasaysa,
suyakdagi kalsiy qonga chiqaverib, skelet suyaklari g‘alvirsimon bo‘lib qoladi. Bunday suyak
mo‘rt bo‘lib, sal-pal zarba ta'sirida tez sinadi. Bu holatni, ayniqsa, keksa odamlarda ko‘p
kuzatish mumkin, chunki ularda yuqorida aytganimizdek, kalsiyning qonga so‘rilishi ancha
sust bo‘ladi. Kalsiyning o‘z vaqtida tanaga yaxshi singishi uchun fosfor, vitaminlardan D, C,
B
9
lar kerak. Shuning uchun organizmni kalsiyga boyitishda bu vitaminlarning ham taomlarda
tegishli darajada bo‘lishini ta'minlash lozim. Kalsiy ichimlik suvi bilan ham qabul qilib
turiladi. Bu borada, ayniqsa, «qattiq» suv (quduq va buloq suvi) muhim ahamiyatga ega.
Uning tarkibida kalsiy ko‘p bo‘ladi. Shuning uchun ichishga «yumshoq» suvdan ko‘ra
«qattiq» suv ma'qul. Statistik ma'lumotlar shu narsani ta'kidlaydiki, «qattiq» suv ichib
yuradigan odamlar orasida yurak xastaliklari bilan kasallanganlar kam bo‘lar ekan. Buning
mohiyati shundaki, «qattiq» suv tarkibidagi kalsiy va fosfor yog‘li ovqatning salbiy tomonini
bartaraf qilishda faol qatnashadi. Gap shundaki, bunday suvdagi kalsiy va fosfor ovqatdagi
to‘yingan yog‘ kislotalari bilan (hayvon yog‘lari) aralashib, sovunlashuv hosil qiladi, sovun
esa organizmga so‘rilmasdan chiqarib yuboriladi. Shuning uchun ham yog‘li ovqat yeyilib
(ayniqsa hayvon yog‘i bilan tayyorlangan ovqatlar) ustidan «qattiq» suv ichilsa, tanada
xolesterin ko‘payishi, qon bosimining ko‘tarilishi, semirish holatlarining oldi olinadi.
Kalsiyga bo‘lgan extiyojni qondirish uchun har kuni ovqatdan oldin har xil ko‘kat va
sabzavotlardan tayyorlangan salat, meva-chevalardan yeb turish va haftada ikki-uch marta
yong‘oq, bodom, o‘rik mag‘zidan iste'mol qilish tavsiya qilinadi. Qonda kalsiyning kamayib
ketishi markaziy nerv sistemasi quzg‘aluvchanligining susayishiga va oqibatda tirishish
xurujiga (tetaniya) sabab bo‘ladi. Organizmda kalsiy almashinuvining xarakterli tomoni
shundaki, agar u organizmga oziq-ovqat bilan yetarli miqdorda kirib turmasa ham
organizmdagi zahirasi hisobiga o‘rni avvalgidagidek to‘lib turadi. Kalsiy organizmda uzoq
vaqt yetishmaganda kalsiy yetishmovchiligi kelib chiqadi. Kalsiy tuzlari ko‘p miqdorda
iste'mol qilinganda, ichakdan ortiqcha miqdorda so‘rilganda, bo‘yrak orqali chiqib ketish
miqdori kamayganda qon plazmasida kalsiy miqdori ko‘payadi, natijada organizmda
giperkalsiemiya rivojlanadi. Bu juda og‘ir sharoitlarda turli to‘qima va organlarda kalsinoz
(kalsiy to‘planishi) ga sabab bo‘ladi. Giperkalsiemiya ko‘zning kasallanishiga, hatto ko‘z
muguz pardasining kalsiylanishiga olib kelishi mumkin.
22
Giperkalsiemiya vitamin D ni ko‘p iste'mol qilishdan ham kelib chiqishi mumkin.
Bunda ichakdan kalsiy so‘rilishi keskin oshib ketishi oqibatida kishining ishtahasi
yo‘qoladi(bolalar o‘sishdan to‘xtab qoladi), ichi ketadi, qusadi va boshqa og‘riqlar paydo
bo‘ladi.
O‘sayotgan organizmning oziq-ovqat orqali kirib turadigan kalsiy va fosfat tuzlariga
ehtiyoji katta bo‘ladi. Bunda ayni moddalarning yetarli miqdorda bo‘lib turishigina emas,
balki ularning oziq-ovqatda to‘g‘ri nisbatda bo‘lishi ham muhim ahamiyatga ega. Kalsiy bilan
fosfat tuzlarining miqdori 1:2 nisbatda bo‘lishi kerak. Bu nisbat o‘zgarganda kalsiy bilan
fosforning almashinuvi buziladi, natijada katta yoshdagi kishilarda osteoporoz(suyak
yumshashi) va boshqa suyak kasalliklariga sabab bo‘ladi. Katta yoshdagi kishilarning
kalsiyga bo‘lgan bir sutkalik ehtiyoji 800 mg.
Fosfor yer po‘stlog‘ining massa jihatidan 8x10
-2
foizini tashkil qiladi. U faol element,
tabiatda fosforitlar va apatitlar tarkibida uchraydi. Fosforning 3 ta allotropik shakl o‘zgarishi;
oq, qizil va qora fosfor ma'lum. Bu ma'danli modda miya, muskullar, ichki sekretsiya bezlari
hamda ter bezlari faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Muskullar fosforli birikmalarning
to‘planadigan asosiy joyi hisoblanadi. Fosfor birikmalari ovqatli moddalarni parchalovchi
fermentlar tarkibiga kiradi. Eng muhimi fosforli guruhlar ADF bilan birikib tanadagi barcha
hujayralarning fiziologik faoliyatini ta'minlab turadigan ATF hosil qiladi. Fosfor, kalsiy bilan
birgalikda, suyaklar va tishlarning shakllanishida muhim ahamiyatga ega.
Odamning fosforga bo‘lgan sutkalik talabi 1600 - 1800 mg. U go‘sht va go‘sht
mahsulotlarida, sut va sut mahsulotlarida, tuxum hamda o‘simlik mahsulotlarida ko‘p bo‘ladi.
Organizmda fosfor almashinuvi kalsiy almashinuvi bilan chambarchas bog‘liq, oldin aytib
o‘tganimizdek, kalsiyning tanaga so‘rilishi fosforsiz o‘tmaydi yoki fosfor o‘zlashtirilishida,
albatta, kalsiy kerak. Shuning uchun fosforga taqchillik ham fosforli, ham kalsiyli
mahsulotlarni tanlab iste'mol qilish bilan bartaraf qilinadi. Odatda, kalsiy va fosfor
o‘rtasidagi nisbat 1:1,0-1,5 bo‘lganida ular yaxshi o‘zlashtiriladi va bu ikkala element
ishtirokida yuz berib turadigan fiziologik jarayonlar me'yorida bo‘ladi. Ba'zan go‘sht va
baliqni ko‘p iste'mol qiluvchilarda (shimoliy qutbda yashovchilar) aytib o‘tilgan nisbat
buzilib, 1:3,0-9,0 gacha o‘zgaradi. Fosfor tirik organizm hujayralari hayotida muhim rol
o‘ynaydi. Qonda fosfoorganik birikmalari miqdori ancha o‘zgarib turadi. Lekin anorganik
fosfor deyarli o‘zgarmas miqdorda (3,0-5,5 mg%), chaqaloq qonida esa 4-7mg% bo‘ladi. Sutli
parhyez taomlar iste'mol qilinganda, shuningdek gipoparatireoz, bo‘yrak kasalliklari, qandli
23
diabet, akromegaliya, Addison kasalligi va boshqalarda qonda anorganik fosfor miqdori
ko‘payadi.
Giperparatireoz va ba'zi bir boshqa kasalliklarda qon zardobida fosfor kamayib
ketadi. Odam organizmining fosforga bo‘lgan ehtiyoji oziq-ovqat orqali kiradigan oqsil, yog‘,
uglevodlar hisobiga qoplanadi. Uning ba'zi bir birikmalari qon yaratilishini stimullovchi,
suyak to‘qimalarining o‘sishi va rivojlanishini kuchaytiruvchi dori sifatida, markaziy va
periferik nerv sistemasi faoliyatini yaxshilashda, organizmda fosfor yetishmovchiligida,
yurak-tomir sistemasi va skelet muskullarining turli xil kasalliklarida foydalaniladi.
Magniy massa jihatdan yer po‘stining 2,35 foizini tashkil qiladi. Magniyning 100 dan
ortiq minerallari bo‘lib, ulardan dolomit, forsterit yoki olivin, magneziy, karnallit va boshqalar
ahamiyatlidir. Olivin jinslarining yuvilishidan ilonizi serpentin minerali hosil bo‘ladi.Uning
tolasimon turi asbest deyiladi. Ilonizisimonlar chuqur yer osti karbonot angidrid gazlarining
ta'sirida parchalanishi natijasida talk jinslariga aylanadi. To‘la parchalanganda esa
magnezit(MgCO
3
) ga o‘tadi.
Dengiz suvida 0,38%; ba'zi ko‘llar suvida 30% magniy xlorid bo‘ladi. Magniy
kumushdek oq, yumshoq, cho‘ziluvchan, yengil metall, havoda yupqa oksid parda bilan
qoplanib, qoramtir tusga kiradi. Bu parda uni keyingi oksidlanishdan saqlaydi.
Magniy o‘simlik va hayvonlar organizmining ajralmas qismidir. Ba'zi suv o‘tlari,
foraminiferalar, ohakli bulutlar magniy konsentratlari hisoblanadi(ular tarkibida 3-4% gacha
magniy bo‘ladi). Magniy o‘simliklarning yashil pigmenti-xlorofill tarkibiga kiradi.
Barcha o‘simliklarning hujayra organellarida va barcha tirik organizmlarning
ribosomalarida magniy borligi aniqlangan. Magniy fosfat kislota tuzlari shaklida fitin
tarkibida bo‘ladi. Odam va hayvonlar organizmi magniyni ovqatdan oladi. Magniy shunday
ma'danli moddaki, organizmda u qatnashmaydigan birorta ham hayotiy jarayon bo‘lmaydi.
Ma'lumki tanadagi har bir a'zo tegishli hujayralar yig‘indisidan iborat, ana shu hujayralarning
har bir faoliyatida ham bu biogenelement faol qatnashadi. Shuning uchun ham magniy
yetishmasa, odamda turli-tuman xastaliklar yuzaga keladi, masalan, asabiylashish,
uyquning buzilishi, tez charchash, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, ob-havo o‘zgarishiga
sezgirlik, parishonxotirlik, yurakning tez urishi, yurak ishlash ritmining buzilishi (aritmiya),
oshqozon ichak tizimida og‘riq, ich ketish va boshqalar.
Magniy organizmdagi axborotlar jarayonini ham boshqarib boradi. Gap shundaki,
nerv tolasi bo‘ylab impulslarning o‘tishi, asosan, kalsiy va magniy ionlarining
harakatlanishidir. Shu boisdan magniyning kamayishi axborotlarning tana bo‘ylab tarqalishiga
24
salbiy ta'sir qiladi, natijada hayotiy jarayonlarning boshqarilishi buziladi. Masalan, qoramollar
yemida magniy yetishmaganda muskullar tortishib, oyoqlari rivojlanmay qoladi. Yana bunday
holatda immun tizim ham izdan chiqadi. Magniy bir qator kasalliklarni, jumladan, skleroz,
miokard infrakti, asab tizimi xastaliklari, ichki sekretsiya bezlari kasalliklari, qon kasalliklari,
saraton va boshqalarni davolash va oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma'lumki, yurak-qon tomirlari kasalliklari qonda xolesterin moddasining ko‘payishi
bilan xuruj qiladi. Xolesterin miqdori aminokislota letsitin bilan boshqarib boriladi. Bu
aminokislotalarning o‘simlik mahsulotlaridan sintezlanishi uchun B
6
vitamini (piridoksin)
mavjud maxsus ferment kerak. Piridoksin esa magniysiz ishlay olmaydi. Shu bois tanada
xolesterin miqdorining me'yoridan oshib ketmasligi uchun iste'mol taomlarida magniy
miqdori yetarli bo‘lishi kerak. Bunday mahsulotlarga maysa holigacha o‘stirilgan bug‘doy
doni, loviya, no‘xat, soya, mosh, tuxum sarig‘i, pishloq, qatiq, qaymoq, baliq, karam, lavlagi,
kartoshka kabi o‘simlik hamda hayvon mahsulotlari kiradi. U yoki bu sabablarga ko‘ra,
yuqoridagi mahsulotlar yetarli darajada bo‘lmasa, har kuni 500-600 mg chamasi magniy
tuzlaridan (magniy sulfat, magnesol va boshqalar) qabul qilish tavsiya qilinadi. Ko‘pgina
kardiolog olimlarning aniqlashicha, tanada ozmuncha magniy yetishmasligi dastlab har xil
kasalliklarga, bunday taqchillik chuqurlashgan sari miokard infarktiga olib kelar ekan.
Biz yuqorida «qattiq» suvning hosiyati haqida gapirgan edik. Mana shu quduq va
buloq suvlarida kalsiy bilan bir qatorda magniy ham «yumshoq» suvdagiga qaraganda mo‘l
bo‘ladi. Bunday suvda ovqat tayyorlashda va ichimlik suvi sifatida foydalanadigan aholi
orasida yurak kasalliklari, jumladan gipertoniya, miokard infraktining kam bo‘lishi statistik
ma'lumotlarda aniq qilib qayd qilingan.
Ma'lumki, hozirgi zamon kishisi turli xil stress omillar (kuchli his-hayajon, yuqori
harorat, kamharakatlilik yoki gipodinamiya, sertashvishlilik, rejalashtirilgan ishlarni
ulgurmaslik va boshqalar) ta'sirida yashaydi. Bunday holatda kishining magniyga bo‘lgan
ehtiyoji odatdagiga qaraganda biroz baland bo‘ladi. Agar iste'mol qilinadigan ovqatlarda
magniy yetishmasa, buning ustiga kishiga yana kuchli stress omil ta'sir qilib tursa, yurak-qon
tomirlari xastaliklarining kelib chiqishi uchun keng yo‘l ochiladi.
Magniy organizmdagi ba'zi bir fermentlarning kofermenti sifatida metabolitik
jarayonlarda faol ishtirok etadi. Ko‘tarilgan qon bosimini me'yoriga tushirishda yoki
gipertoniyani bartaraf qilishda magniyning ahamiyati katta. Gap shundaki, qon bosimi turli
sabablarga ko‘ra, asosan, qon tomirlarining torayishidan yuzaga keladi. Mana shunday paytda
toraygan tomirlarni o‘z holatiga qaytarish uchun magniy juda zarur (u markaziy va periferik
25
nerv tizimiga tinchlantiruvchi modda sifatida ta'sir qiladi). Magniy ta'sirida oshqozon-ichak
harkatlari tezlashadi, u o‘t suyuqligi ajralishini rag‘batlantiradi. Shuning uchun ham o‘t
suyuqligi ajralishini kuchaytirish uchun magneziya qabul qilinadi.
Magniy buyraklarda, o‘t va siydik qopida tosh qolishining oldini oladi.
Kalamushlarda o‘tkazilgan tajribalar shu narsani ko‘rsatadiki, agar hayvonlarga beriladigan
ovqat tarkibidan magniy moddasi butunlay olib tashlansa, ularning buyraklarida kristal toshlar
hosil bo‘lar ekan. Odamlarda ham o‘t va siydik qoplarida qum va oksalat tosh hosil
bo‘lishining oldini olishda magniyli mahsulotlarni iste'mol qilib turish juda katta foyda
beradi. Ba'zi kishilarda ma'lum sabablarga ko‘ra o‘t qopida yoki buyraklarida tosh hosil
bo‘lib, bu toshlar oldirib tashlangandan keyin ular ovqatlanishiga ko‘proq e'tibor berishi
kerak. Tosh qolishining asosiy sabablaridan biri bunday odamlar iste'mol qiladigan taomlar
milliy an'ana va tegishli odatlar bois magniy elementiga juda kambag‘al bo‘lishi yoki qabul
qilinayotgan kalsiy va magniy nisbati buzilgan bo‘lishi mumkin. O‘t qopi yoki siydik
yo‘llaridan tosh oldirganlar yana avvalgidek ovqatlanaversa qaytadan tosh hosil bo‘lishi
hyech gap emas. Buyraklarda tosh hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun eng muhimi tegishli
ravishda to‘g‘ri ovqatlanishdir. Buning ustiga iste'mol qilinadigan ovqatlarning 70 % tabiiy
mahsulotlardan, qolgan 30 % qaynatilgan, pishirilgan oziq-ovqatlardan iborat bo‘lishi tavsiya
qilinadi. Shu narsa aniqlanganki, Finlyandiya va Afrikada ayrim aholi guruhlari nuqul tabiiy
mahsulotlar bilan ovqatlanishadi, buning ustiga ular meva-chevalar, sabzavotlar va
donlarning po‘stini olmasdan iste'mol qilishadi. Ularda magniy, kalsiy, boshqa ma'danli
moddalar va vitaminlarga taqchillik kuzatilmaydi. Shuning uchun ham ular buyraklarda tosh
qolish nima ekanligini bilishmaydi. Agar odam faqat yuqori navli un va undan tayyorlangan
non, makaronlar, turli xil shirinliklar, pishiriqlar, shakar iste'mol qilib, meva-cheva,
sabzavotlarni tirik holda yemasa uning tanasida magniy taqchilligi vujudga kelib u tez
asabiylashadigan, tez charchaydigan, yomon uxlaydigan hatto aqliy jihatdan ham
kamchiliklarga ega bo‘lib qoladi. Ma'lumot uchun shu narsani eslatamizki shakar, qand-
rafinatda, har xil shinnilarga (masalan, tut, lavlagi shinnisi) qaraganda magniy 200 marta kam
bo‘ladi. Magniyning kam iste'mol qilinishi uning organizmda kamayib ketishiga olib keladi
va natijada organizmning tez charchab, oyoqlarning tez-tez uvishib qolishiga, najas
chiqarishda og‘riq paydo bo‘lishiga tanadan yoqimsiz hid tarqalishiga olib keladi.
Odam bu elementdan har sutkasida 300-600 mg qabul qilib turishi kerak, shunda
uning sog‘ligi ancha yaxshi bo‘ladi. Bunday miqdordagi magniyni biz kakao, loviya, no‘xat,
26
yong‘oq, soya va boshqa bu elementi ko‘p mahsulotlardan olamiz. Yarim stakan loviyada 151
mg, shuncha miqdordagi soyada esa 200 mg magniy bo‘ladi.
Shu narsani e'tiborga olish kerakki, donlarni po‘stini olish, ayniqsa, ulardan
tegirmonlarda un tayyorlash sababli tarkibdagi magniy ancha kamayib ketadi, masalan
bunday qayta ishlash tufayli bug‘doy unida uning 75 %, arpa unida 70 % yo‘qoladi. Ko‘k
no‘xatni konservalash undagi magniyni 43 %, makkajo‘xori donida esa 60 % ga kamaytirib
yuboradi. Kartoshkaning po‘stini olish bilan undagi magniy 35 % kamayib ketadi. Har xil
meva-chevalar va sabzavotlardan konservalar tayyorlanayotganida, ulardagi magniy, qator
ma'danli moddalar va vitaminlar asosiy qism qoldirilib to‘kib tashlanadigan suvda o‘tadi.
Konserva suvlarini to‘kib tashlash juda ko‘p foydali elementlar yo‘qotiladi. Shu boisdan
bunday qoldiq suyuqliklardan foydalanish yo‘llarini topish kerak, masalan, bunday suvlardan
suyuq ovqatlar tayyorlash mumkin, biroz shirinlik (asal qo‘shilsa, yanayam yaxshi bo‘ladi)
aralashtirib sharbat sifatida ichish mumkin va hokazo. (3, 4, 7, 13, 23, 24, 37, 43, 44, 46, 49,
51).
Mahsulotlarni aytilgan yo‘llar bilan qayta ishlash, ayniqsa sanoat texnologiyasi
usullaridan foydalanish nafaqat ular tarkibidagi magniyni balki boshqa ko‘p foydali ovqat
komponentlarining kamayib (oziq tolalari, vitaminlar, ma'danli moddalar, biostimulyator va
hokazo) ketishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham bug‘doy, arpa, grechka va boshqa
donlardan tayyorlangan yormalar juda ko‘p foydali. Donlar oldin qayd qilganimizdek, biroz
o‘stirilib, maysa holigi keltirilganidan keyin yeyilsa-ku nur ustiga a'lo nur bo‘lib kishi
salomatligi ancha mustahkamlanadi. Shuning uchun uy sharoitida, umum ovqatlanish
joylarida, oshxonalarda iste'mol uchun tez-tez yorma tayyorlanishi maqsadga muvofiqdir.
Shunda organizmni magniy va ko‘pgina boshqa ma'danli moddalar hamda vitaminlar bilan
ta'minlash ko‘ngildagidek bo‘ladi (22).
Magniyning ko‘p qismi suyak to‘qimasi tarkibida bo‘ladi. Qon plazmasida, eritrotsitlar
va yumshoq to‘qimalarda magniy asosan ionlashgan holda bo‘ladi. Uning ko‘pgina qismi
oqsillar, ayniqsa ferment oqsillari bilan bog‘langan. Agar hayvonlar tarkibida magniy tuzlari
bo‘lmagan ozuqa berib boqilsa, ularning yurak faoliyati izdan chiqadi, tirishish kasalligiga
uchrab nobud bo‘ladi. Qonga ko‘p miqdorda magniy tuzlari yuborilsa, kishining boshi
aylanadi(bu magnezial narkoz deb ataladi). Magniy qon tomirlarini kengaytiruvchi, ichak
peristaltikasini stimullovchi, o‘t ajralishini ko‘chaytiruvchi xususiyatga ega. Magniy
birikmalari, masalan magniy sulfat, magniy askorbat, magniy karbonat, magniy tiosulfat va
boshqalar dori sifatida ishlatiladi. Yo‘g‘on qon tomirlari devorida, yurak va skelet
27
muskullarida magniy yetishmasa, ularda kalsiy ko‘payishi tajribalarda aniqlangan. Yosh
organizmning magniyga bo‘lgan ehtiyoji kuchli.Katta yoshdagi kishilar bir kunda 500mg,
homiladorlar 925mg, emizikli ayollar 1250mg, bolalar 140mg dan(3 yashar) 530mg
gacha(14-17 yashar) magniy iste'mol qilishlari lozim.Qon zardobida normada 1,6-2,9 mg
magniy bo‘ladi (3, 4, 7, 13, 20, 21, 23, 24, 37,).
Dostları ilə paylaş: |