1.4. O‘zbekistondagi ekologik muammolar. Sayyoramizda har yili tashqi muhitga 70 mln.m3 zaharli gaz, 50 mln.tonna metan, 13
mln.tonnaga yaqin azot oksidlari chiqarilmoqda, okeanlarga 10 mln.tonna neft va neft
mahsulotlari, suv havzalariga 32 km3 iflos sanoat suvlari quyilmoqda, 11 mln.gektar o‘rmon
kesilmoqda va yonib ketmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida atmosfera havosining ifloslanishi asosiy ekologik
muammolardan biri hisoblanadi. Shaharlarning asosan tog‘oldi va tog‘oraliq, botiqlarida
joylashganligi, iqlimning issiq va quruqligi O‘zbekistonda atmosfera havosi ifloslanish
darajasining nisbatan yuqori bo‘lishiga olib kelgan. O‘zbekistonning atmosfera havosi ayniqsa
aholi, sanoat va transport yuqori darajada to‘plangan Toshkent va Farg‘ona iqtisodiy
rayonlarida kuchli ifloslangan. Atmosferaning ifloslanishi aholi salomatligi, o‘simliklarning
holati va hosildorligi, binolar, metall konstruksiyalar, tarixiy obidalar va boshqalarga salbiy
ta’sir ko‘rsatadi.
So‘ngi yillarda turli ekologik tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida atmosferaga
tashlanadigan chiqindilar miqdorining nisbatan kamayishi kuzatildi. Respublikadagi sanoat
korxonalari tomonidan atmosferaga 150 dan ortiq ifloslovchi birikmalar chiqariladi.
Atmosferaga chiqariladigan birikmalarning 90% ga yaqini asosiy ekologik “iflos” ishlab
chiqarish joylashgan Toshkent, Qashqadaryo, Farg‘ona, Buxoro, Navoi, va Sirdaryo
viloyatlarining korxonalari xissasiga to‘g‘ri keladi.
Avtotransport kompleksi havoni ifloslovchi asosiy manba hisoblanadi va atmosfera
ifloslanishining 70% ga yaqinini tashkil qiladi.
Orol va Orol bo‘yidagi ekologik tanglik keltirayotgan moddiy va ma’naviy zarar, bugun
insoniyatni tashvishlantirmoqda. Tojikistonning Surxondaryo bilan qo‘shni shahri
Tursunzodadagi alyuminiy zavodi Surxondaryoning shu joyga yaqin xalqlari hayoti va
salomatligiga hamda tabiatga havf solmoqda. Ekologik ahvolni sog‘lomlashtirish, atrof-muhitni
muhofaza qilish iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va boshqa omillarga bog‘liq.
Chiqindilar muammosini hal qilish O‘zbekistondagi eng dolzarb ekologik
muammolardan hisoblanadi. Tog‘-kon sanoati eng katta xajmdadagi chiqindilarni hosil qiladi.
Har yili o‘rta hisobda 100 mln.tonnadan ortiq sanoat, maishiy va boshqa chiqindilar vujudga
keladi va 15-20 % zaharlidir.
Respublikada chiqindilarni joylashtrish va zararsizlantirish, qayta ishlash talabga to‘liq
javobbermaydi. O‘zbekistonda 2002 yilda ”CHiqindilar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan.