R. D. Dusmuratov buxgalteriya hisobi


 Ishlab chiqarish jarayonini hisobga olish



Yüklə 8,08 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə190/338
tarix25.09.2023
ölçüsü8,08 Mb.
#148232
1   ...   186   187   188   189   190   191   192   193   ...   338
BUXGALTERIYA XISOBI NAZARIYASI Восстановлен 2

11.2. Ishlab chiqarish jarayonini hisobga olish
 
Korxonalarning ishlab chiqarish jarayonida mahsulotlar ishlab 
chiqarilib, ularni tayyorlash ma’lum xarajatlarni talab etadi. Bunday 
xarajatlar sirasiga sarflangan materiallar, yoqilg‘i va boshqa moddiy 
zaxiralar qiymati, ishchilarning ish haqi, ijtimoiy sug‘urta ajratmalari, 
asosiy vositalar eskirishi va nomoddiy aktivlar amortizatsiyasi va 
boshqalar kiradi. Nomlari yuqorida qayd qilingan xarajatlardan tashqari 
korxonada ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqarish xarajatlari ham 
amalga oshiriladi. Ular boshqaruv va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning 
ish haqlari, binolarni isitish va yoritish xarajatlari va boshqalardan 
iborat. Qilingan xarajatlarning pul ifodasidagi jami summasi ishlab 
chiqarilgan mahsulotlarning tannarxini tashkil etadi. 
Ishlab chiqarish xarajatlarini hisobga olish va mahsulotlar 
tannarxini hisoblash buxgalteriya hisobining muhim uchastkalaridan biri 


280 
hisoblanadi. Ular ishlab chiqarish rezervlarini topish, materiallar, pul 
mablag‘lari va mehnat resurslari ustidan muntazam nazorat o‘rnatishda 
muhim vosita bo‘lib hisoblanadi. 
Korxonaning moliya-xo‘jalik faoliyati uning uchun zarur bo‘lgan 
pul mablag‘lari, xomashyo, asosiy materiallar, sotib olingan yarim 
tayyor mahsulotlar va butlovchi buyumlar, yordamchi materiallar, 
asbob-uskunalar, imorat, inshoot va boshqa moddiy boyliklar bilan 
ta’minlangandan so‘ng boshlanishi mumkin. Ishlab chiqarish jarayonida 
yuqorida sanab o‘tilgan mehnat buyumlariga kishilar mehnat qurollari 
bilan ta’sir qilib, mehnat buyumlarining shakl va ko‘rinishlarini 
o‘zgartiradi, natijada ishlab chiqarish xarajatlari paydo bo‘ladi. Bu 
xarajatlar ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotning asosini tashkil 
qiladigan 
mehnat 
buyumlarining 
qiymati, 
ularning 
shaklini 
o‘zgartirishga ta’sir qilgan ishchilar ish haqi va ish haqiga nisbatan 
hisoblangan har xil ajratmalar summasi, mehnat buyumlariga ta’sir 
qilishda ishchilar tomonidan foydalanilgan mehnat qurollarining 
amortizatsiya summasi hamda ishlab chiqarish faoliyatini boshqarish va 
unga rahbarlik qilish bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab sarf-xarajatlar 
yig‘indisidan iborat bo‘ladi. 
Ishlab chiqarish jarayoni bilan aloqador sintetik schotlar to‘g‘risida 
qisqacha tavsif berib chiqish yo‘li bilan ishlab chiqarish jarayoni 
hisobining vazifalari va ahamiyati haqida talabalarni tanishtirib 
chiqamiz. 
Ishlab chiqarish jarayonining pirovard natijasidan tayyor 
mahsulotlar olinadi. Korxonalarda ishlab chiqarish jarayoni biznes-reja 
va shartnoma-kontraktatsiya asosida amalga oshirilib, ularda ishlab 
chiqariladigan mahsulotlar hajmi va reja tannarxi belgilanadi. 
Buxgalteriya hisobida ishlab chiqarish xarajatlari va olingan 
mahsulotlar aks ettiriladi hamda mahsulotlarning haqiqiy tannarxi hisob-
kitob qilinadi. 
Ishlab chiqarish jarayonini hisobga olishning asosiy vazifalari 
quyidagilardan iborat: 
­
natural va pul ifodasida ishlab chiqarishning haqiqiy hajmini 
aniqlash. Bunda jami ishlab chiqarilgan mahsulotning miqdori kabi, ular 
ayrim turlarining ham miqdori aniqlanadi; 
­
ishlab 
chiqarishga 
qilingan 
xarajatlarni 
aniqlash 
va 
mahsulotlarning 
haqiqiy 
tannarxini 
hisoblash. 
Buning 
uchun 
korxonaning jami ishlab chiqarilgan mahsulotga qilgan xarajatlari 
hamda alohida mahsulot turlarining tannarxi aniqlanadi. 


281 
Ishlab chiqarish jarayonini hisobga olish uchun maxsus schotlar 
tayinlangan. Ularning asosiylaridan biri 2010-«Asosiy ishlab chiqarish» 
schoti bo‘lib, mahsulot ishlab chiqarish uchun qilingan xarajatlarni aks 
ettirish va ishlab chiqarilgan mahsulotning haqiqiy tannarxini aniqlash 
uchun qo‘llaniladi. Ushbu schotning debet tomonida mahsulot ishlab 
chiqarish uchun qilingan barcha xarajatlar to‘planadi, uning kreditida 
esa ishlab chiqarilgan mahsulotlar reja tannarxi bo‘yicha baholanib aks 
ettiriladi. Hisobot davri oxirida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 
haqiqiy tannarxi aniqlanib, reja tannarx haqiqiy tannarx darajasiga 
yetkaziladi. Bu ikki xil usulda amalga oshiriladi. Birinchisi, agar haqiqiy 
tannarx reja tannarxdan past, ya’ni xarajatlar tejalgan bo‘lsa, o‘rtadagi 
farq summaga bu schotning krediti bo‘yicha «qizil storno» yozuvi 
amalga oshiriladi. Ikkinchisi aksincha, ya’ni haqiqiy tannarx reja 
tannarxdan yuqori bo‘lsa, o‘rtadagi farq summaga (rejadan oshiqcha 
sarflangan summaga) qo‘shimcha buxgalteriya yozuvi tuziladi. Shu 
tarzda reja tannarx bilan haqiqiy tannarx o‘rtasidagi farq tuzatiladi 
(korrektirovka qilinadi). 2010-«Asosiy ishlab chiqarish» schoti aktiv 
bo‘lib, uning debetida tugallanmagan ishlab chiqarish qoldig‘i qolishi 
mumkin. 
Alohida mahsulot turlarining tannarxi analitik schotlar ma’lu-
motlari bo‘yicha aniqlanadi. Analitik schotlar 2010-«Asosiy ishlab 
chiqarish» schotiga buyumlarning alohida turlari yoki bir xil mahsulotlar 
guruhlari bo‘yicha ochiladi. Oy davomida bu schot debetiga faqat 
bevosita asosiy ishlab chiqarish schotining tegishli analitik schoti 
debetiga yozish va aniq bir mahsulot tannarxiga qo‘shish mumkin 
bo‘lgan xarajatlar yoziladi. Bunday xarajatlar bevosita (to‘g‘ri) 
xarajatlar deb ataladi. Ularga ma’lum mahsulot turlarini ishlab chiqarish 
uchun sarflanadigan asosiy materiallar, ishlab chiqarish bilan band 
bo‘lgan xodimlarning ish haqi, texnologik maqsadlar uchun ishlatila-
digan yoqilg‘i, elektr energiyasi, bug‘ va boshqalar kiradi. Ushbu 
schotning yoki tegishli analitik schotning debetiga bevosita olib borish 
imkoni bo‘lmagan, ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqarish 
xarajatlari bilvosita (egri) xarajatlar deb ataladi. Ular maxsus yig‘ib-
taqsimlovchi schotlarda hisobga olinadi. 
Umumishlab chiqarish xarajatlariga quyidagilar kiradi: bo‘linma-
larning boshqarish va xizmat ko‘rsatish xodimlarining ish haqi ijtimoiy 
sug‘urta ajratmalari bilan birga, sexlarning binolarini yoritish, isitish va 
suv ta’minoti, amortizatsiya va joriy ta’mirlash xarajatlari, mehnatni 
muhofaza qilish va boshqa xarajatlar. 2510-«Umumishlab chiqarish 


282 
xarajatlari» schoti bo‘yicha analitik schotlar sanoat korxonalarida sexlar 
bo‘yicha, qishloq xo‘jalik korxonalarida tarmoqlar (o‘simlikchilik, 
chorvachilik, sanoat ishlab chiqarishi va h.k.) bo‘yicha ochiladi, analitik 
schotlar doirasida xarajatlar hisobi moddalar bo‘yicha yuritiladi. 
Barcha tegishli xarajatlar oy davomida 2510-«Umumishlab 
chiqarish xarajatlari» schotining debetida hisobga olib boriladi. Oy 
oxirida bu xarajatlar ishlab chiqarilgan mahsulot(ish, xizmat) tannarxiga 
qo‘shish va tannarx hisoblash maqsadida 2510-«Umumishlab chiqarish 
xarajatlari» schotining kreditidan 2010-«Asosiy ishlab chiqarish» schoti 
va boshqa tegishli schotlar debetiga taqsimlash yo‘li bilan o‘tkaziladi. 
Taqsimlash hisob-kitobi tegishli tarmoqda qabul qilingan taqsimlash 
uslubiga muvofiq shu tarmoqdagi bevosita xarajatlarga mutanosib 
amalga oshiriladi. Masalan, ishlab chiqarishdagi ishchilarning ish haqiga 
mutanosib, qurilmalarning ishlagan mashina-soatlariga mutanosib yoki 
qandaydir boshqa usul bo‘yicha hisob-kitob qilinadi. Qishloq 
xo‘jaligidagi umumishlab chiqarish xarajatlari asosiy tarmoqlarning 
bevosita xarajatlariga (o‘simlikchilikda – urug‘lik, chorvachilikda – 
yem-xashak, sanoat ishlab chiqarishida – xomashyo va materiallar 
qiymati chegirib tashlangan holda) mutanosib taqsimlanadi. Shunday 
qilib, bu schot bo‘yicha barcha xarajatlar hisobdan o‘chirilib, oy oxirida 
qoldiq qolmaydi. Ammo bu schot oy davomida debet qoldiqqa ega 
bo‘lganligi sababli aktiv schot hisoblanadi. 
6710-«Mehnat haqi bo‘yicha xodimlar bilan hisob-kitoblar» 
schotining mazmunini ko‘rib chiqamiz. Hisoblangan mehnat haqi ushbu 
schotning kreditida, ish haqidan ushlanadigan va xodimning qo‘liga 
beriladigan summalar esa debetida aks ettiriladi. Uning kredit qoldig‘i 
korxona xodimlariga hisoblangan, lekin hisobot sanasida to‘lanmagan 
ish haqi bo‘yicha qarzni bildiradi. Ish haqi bo‘yicha xarajatlar ham 
tegishli schotlarda aks ettirish orqali mahsulot (ish, xizmat) tannarxiga 
qo‘shiladi. Misol, asosiy ishlab chiqarishdagi xodimlarga 100000 
so‘mlik ish haqi hisoblandi. Ushbu xo‘jalik muomalasi schotlarda 
quyidagicha aks ettiriladi: 
Dt 2010-«Asosiy ishlab chiqarish» schoti 100000 so‘m 
Kt 6710-«Mehnat haqi bo‘yicha
xodimlar bilan hisob-kitoblar» schoti 100000 so‘m 
Ish haqidan ushlangan soliqlar hamda boshqa summalar 6710-
«Mehnat haqi bo‘yicha xodimlar bilan hisob-kitoblar» schotining debeti 
bo‘yicha aks ettiriladi. Chunki, bunda xodimlarga ish haqi bo‘yicha 
to‘lanadigan qarzlar kamayadi. Bir vaqtning o‘zida budjetga 


283 
to‘lanadigan soliqlar bo‘yicha qarzlar ko‘payadi. Shuning uchun 6410-
«Budjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlik» (soliq turlari bo‘yicha), 6450-
«Majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlik» (turlari bo‘yicha) schotlarning 
kreditida ham aks ettiriladi. 
Ish haqidan tashqari ijtimoiy sug‘urta fondi, bandlik fondi va 
nafaqa fondlariga ham sarflangan ish haqi fondiga nisbatan belgilangan 
foiz hisobida to‘lovlar hisoblanadi. Ushbu summalar tegishli hisob-
kitoblarga muvofiq ijtimoiy sug‘urta, bandlik xizmati va nafaqa fondi 
tashkilotlariga 5110-«Hisob-kitob schoti»dan o‘tkaziladi. Ushbu 
summalarni hisobga olish uchun 6510-«Sug‘urta bo‘yicha to‘lovlar» 
6520-«Maqsadli davlat jamg‘armalariga to‘lovlar» schotlari yuritiladi.
Shuningdek
,
ishlab chiqarish xarajatlarini hisobga olish bilan 
asosiy vositalarning eskirishini hisobga oladigan schotlar (0211-0299) 
ham bog‘liq. Ishlab chiqarish jarayonida asosiy vositalar eskiradi va 
ularning qiymatlari eskirish hisoblash me’yorlariga muvofiq mahsu-
lot(ish, xizmat)lar tannarxiga bo‘laklab o‘tkaziladi. Asosiy vositalar bu 
qismining puldagi ifodasi amortizatsiya deb ataladi. Amortizatsiya 
ajratmalarining summasi mahsulot(ish, xizmat)lar tannarxiga qo‘shila-
digan ishlab chiqarish xarajatlarining turlaridan biri hisoblanadi. 
Amortizatsiya summalarini hisoblash va mahsulot(ish, xizmat)lar 
tannarxiga olib borish 2010-«Asosiy ishlab chiqarish», 2310-
«Yordamchi ishlab chiqarish», 2510-«Umumishlab chiqarish xarajat-
lari» va boshqa tegishli schotlarning debeti va asosiy vositalarning 
eskirishi hisobga olinadigan kontr-aktiv schotlar (0211-0299) krediti 
bo‘yicha aks ettiriladi. 
Ishlab 
chiqarishdan 
olingan 
mahsulotlar 
2810-«Tayyor 
mahsulotlar» schotining debetida hisobga olinadi. Tayyor mahsulotlar 
bu schotga reja tannarxi bo‘yicha baholanib. 2010-«Asosiy ishlab 
chiqarish» schotining kreditidan kirimga olinadi. Ularning haqiqiy 
tannarxi oy oxirida hisoblanadi. 
Yuqorida bayon qilingan umumiy qoidalar asosida ishlab chiqarish 
jarayonini hisobga olishni quyidagi misollarda ko‘rib chiqamiz. 
Materiallarni hisobdan chiqarish qismida ta’minot jarayonini hisobga 
olish (11.1-paragraf) bo‘yicha birlamchi ma’lumotlardan foydalanamiz. 

Yüklə 8,08 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   186   187   188   189   190   191   192   193   ...   338




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin