Unli tovush talaffuzi. I unlisi: 1) bir bo`g`inli so`zda qisqa va ingichka talaffuz qilinadi: til, tish, bil, sir kabi; 2) q, g`, x undoshlari bilan yondosh qo`llanganda yo`g`on talaffuz etiladi: qish, g`isht, xil kabi; 3) y, ng undoshidan oldin ingichka va bir oz cho`ziq talaffuz etiladi: chiy, kiy, ming kabi; 4) l, r undoshidan oldin kelgan i unlisi bilinar-bilinmas talaffuz qilinadi bilan, biroq, sira, tilak, gilam, gilos kabi.
U unlisi: 1) k, g, y undoshidan keyin ingichka kul, atirgul, yuk, kabi; q, g`, x undoshidan so`ng esa yo`g`on talaffuz qilinadi: qul, norg`ul, xulq kabi; 3) -uvchi, -uv qo`shimchasi tarkibida cho`ziqroq aytiladi: yozuvchi, o`quvchi, to`quvchi, oluv, qo`shuv kabi.
O` unlisi:1) bir bo`g`inli so`zda, shuningdek, ko`p bo`g`inli so`zning urg`usiz bo`g`inida qisqa talaffuz etiladi: bo`r, to`r, ro`mol, so`roq kabi; 2) takroriy so`zning birinchi qismida (urg`uli bo`g`inda) cho`ziq talaffuz qilinadi: ko`p-ko`p, zo`r-zo`r, mo`l-mo`l kabi; 3) sayoz til orqa k, g, til o`rta y va bo`g`iz undoshi (h) dan so`ng torroq unli tarzida: ko`l, go`r, ho`l, yo`l kabi; chuqur til orqa q, g`, x undoshlaridan so`ng kengroq unli tarzda talaffuz etiladi: qo`l, g`o`r, xo`r, qo`r kabi.
E unlisi: so`z va bo`g`in boshida kengroq (erkin, ekin, eslamoq kabi), bo`g`in ichida bir oz torroq (kecha, beda, tekin, sekin kabi) talaffuz qilinadi. E unlisi feruz, dehqon, telefon, adres so`zlarida i tovushiga yaqin aytiladi.
A unlisi:sayoz til orqa k, g undoshi bilan yonma-yon kelganda yumshoq va ingichka unli tarzida (kam, katta, gap, gal, gazlama, kayfiyat kabi), chuqur til orqa q, g`, x undoshi bilan yondosh qo`llanganda esa yo`g`on unli tarzida (qalam, qarg`a, qasida, g`am, g`alvir, xalq, xabar, xat kabi) talaffuz etiladi.
O unlisi:1) quyi keng, kuchsiz lablangan unli tarzida talaffuz qilinadi: tosh, bahor, somon, shamol kabi. Shevada va jonli tilda bu unlining urg`usiz bo`g`inda “a”ga yaqin talaffuz qilinish ham uchraydi: samon, davon kabi, ammo bu hol adabiy talaffuz (orfoepik me’yor) hisoblanmaydi; 2) sayoz til orqa k, g undoshlaridan so`ng yumshoq kosib, kotib, gov, govmish kabi; chuqur til orqa q, g`, x undoshidan so`ng esa yo`g`on unli tarzida talaffuz qilinadi: qoshiq, qolip, qobil, g`ov, g`ovlamoq kabi; 3) y va h undoshi bilan yondosh qo`llanganda ham o unlisi bir oz yumshoq, ingichka unli holida talaffuz etiladi: yor, hokim kabi.
Ayrim so`z tarkibida unli ua, oa, ao, ai, ia, aa ko`rinishida qator kelishi mumkin. Bunda ular yo bir unli tarzida talaffuz qilinishi, yoki orasiga undosh tovush qo`shib talaffuz qilinishi mumkin: muallim – malim, soat – sohat (Farg`onada), soat – sog`at (Toshkentda).