Tajriba guruhida tekshiriluvchilarning umumiy chidamlilik mashg‘ulotlari o‘zgaruvchan uslubni qo‘llash bilan takomillashtirilgan.
Shug‘ullanuvchilar muntazam ravishda bir tekisli sur’atda yugurishni kam shiddatli ishni bajarish bilan (oyoqlarni orqaga siltab) va harakatli o‘yinlar bilan almashtirib turganlar.
Bu tinchlik holatidan ishga o‘tishga imkon bergan, tiklanuvchi jarayonlarni bir qancha tezlashtirgan va mashg‘ulotlarning emotsionalligini oshirgan. Nazorat guruhida umumiy chidamlilik bir tekis sur’atda yugurishni qo‘llash bilan takomillashtirilgan. Ikkala uslubda shug‘ullanuvchilar bir xil tayyorgarlikda bo‘lgan, hafta mobaynida 11-12 km. gacha yugurish olib borildi. Bu esa bir mashg‘ulotda 3-4 km.ga to‘g‘ri keladi. Mashg‘ulotlar dasturiga 3 km kross ham kiritildi.
Chidamlilikni tarbiyalashda mashg‘ulot yuklamasini 5 ta tarkibga: 1) masofaning uzunligi; 2) takrorlash soni; 3) mashqni bajarish shiddati; 4) dam olish oralig‘i; 5) dam olish xususiyatiga e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir (V.M.Zatsiorskiy, 1970y). Kuzatishlarning ko‘rsatishicha, bir maromdagi va o‘zgaruvchan yugurish barcha shug‘ullanuvchilarning ruhiy va jismoniy holatiga mos keladi. Mashg‘ulotlarning 1-chi oylarida (2006 y. sentabr, noyabr) chidamlilik takomillashtirish uchun zarur mashg‘ulot yuklamalarini bajarilgandan keyin, bolalarning yuzlari qizardi, ayrimlarda esa yaxshigina terlash kuzatildi. 2005 y. may oyida esa bunday holatlar kuzatilmadi. Pedagogik tajribaning yakunida tekshiriluvchilar va ularning ota-onalaridan olingan so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, deyarli barcha yosh sportchilar mashg‘ulotlar tugaganidan so‘ng ham bu mashg‘ulotlarga qiziqishi so‘nmagan, balki o‘sha damlarga qaytish orzusi saqlanganligi aniqlandi.
Intervalli yugurish va bir tekisli yugurish usul va uslublarining farqini aniqlash uchun sentabr- may oylarida qo‘shimcha tajriba o‘tkazildi. 3.14-jadvalda berilgan ma’lumotlarga qaraganda, intervalli va bir tekisdan yugurish uslublari bo‘yicha olib borilgan pedagogik tajriba davomida o‘rta masofalarga yugurishga ixtisoslashgan 11 yoshli bolalarda
tayyorgarlikning rivojlanish darajasida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Tekshiriluvchilarda statik chidamlilik tajriba guruhida va 300 m ga yugurishdagi chidamlilik har ikki uslubni qo‘llaganda ham sezilarli darajada oshgan. Shu bilan birga, tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, yuqori darajada umumiy chidamlilik ustida ishlash tezlikning rivojlanishiga salbiy ta’sir etmadi (60m.ga yugurishdagi natijalar sezilarli darajada yaxshilandi). 10-12 yoshli sportchilarning keng qamrovli tibbiy tekshiruvlari ularning sog‘liq xolati va jismoniy rivojlanishida xech qanday o‘zgarishlar bo‘lmaganini ko‘rsatdi.
Qo‘llanilgan 2 xil uslub ham yuqori natija ko‘rsatishiga yordam berishi aniqlandi. Intervalli uslubda 6 ta ko‘rsatkich bo‘yicha, bir tekisdagi usulda 6 tadan 5 tasida Styudent t mezoni bo‘yicha statistik farq borligi aniqlandi.