Affektlaryoki hissiy portlashlar - kishini tez chulg`ab oladigan va shiddat
bilan o`tib ketadigan jarayonlardir. Ular ongning anchagina darajada o`zgarganligi,
xatti-harakatlarni nazorat qilishning buzilganligi, odamning o`zini o`zi idrok qila
olmasligi, shuningdek, uning butun hayoti va faoliyati o`zgarib qolganligi bilan
ajralib turadi. Affektlar birdaniga katta kuch sarf qilinishiga sabab bo`lgani uchun
ham qisqa muddatli bo`ladi: ular his-tuyg`ularning bamisoli birdan lov etib yonib
ketishiga va portlashiga o`xshatish mumkin. Agar oddiy hissiyot faqat ruhiy
xayajonlanishni ifoda etsa, u holda affekt bo`rondir. Har bir his organizmning
ishlashiga ta’sir ko`rsatib o`zgaradi va inson tanasida uning turli alomatlari paydo
bo`ladi.
Kayfiyatlar - ancha vaqt davomida kishining butun xatti-harakatiga tus
berib turadigan umumiy hissiy holatini ifoda etadi. Kayfiyat shod-xurram yoki
qayg`uli, tetiklik yoki lanjlik, xayajonlilik yoki mahyuslik, jiddiylik yoki
yengiltaklik, jizzakilik yoki muloyimlik va xk. tarzda bo`ladi.
Kayfiyat juda xilma-xil, yaqin va ancha uzoq turuvchi manbalarga ega
bo`lishi mumkin. Turmushning butun borishidan, jumladan, ishda, oilada,
maktabda munosabatlarning qanday yo`lga qo`yilganligidan, kishining hayot
kechirishi yo`lida paydo bo`layotgan har qanaqa ziddiyatlar qay tarzda bartaraf
etilishidan qanoat hosil qilishi yoki qanoatlanmaslik kayfiyatlarning asosiy
manbalari hisoblanadi. Kishining uzoq vaqt yomon yoki lanj kayfiyat bilan yurishi
uning hayotida biror narsaning ko`ngildagidek emasligini ko`rsatadi.
Kayfiyat kishining butun fe’lini bir muncha vaqtgacha bir rangga solib
turuvchi umumiy bir ruhiy holatdir. Ko`p hollarda kishining kayfiyatiga, uning
uchun juda muhim bo`lgan bir voqea orqasida tug`ilgan ma’lum bir hissiyot sabab
bo`ladi. Ertalab eshitilgan noxush xabar kishining ta’bini kechgacha xira qilib,
iztirobga solib, kayfiyatini buzushi mumkin. Ishda topilgan jiddiy muvaffaqiyat bir
necha kungacha kishini shodlantirib, kayfiyatini chog` qilishi mumkin.
Hissiyotning shunday qobiliyati borki, hissiyot uni tug`dirgan narsadan o`tib, bu
narsa bilan aloqador bo`lgan boshqa narsalarga ham yoyiladi. Buning natijasida
kishida kayfiyat deyilgan umumiy bir ruhiy holat paydo bo`ladi.