O`quv qo`llanma 22 Sahifa
qizilo’ngach reflyuksi oson sodir bo’lganda kuchayadi. Og’riq vaqtida
bemorlarda kekirish, zarda bo’lishi va qayt qilish kuzatiladi. Vaqt o’tishi
bilan bemorlarda disfagiya paydo bo’ladi, ko’pincha u o’zgaruvchan
xarakterga ega bo’ladi va qizilo’ngachning peptik strikturasi rivojlanganda
doimiy tus oladi.
Ko’proq uchraydigan simptomi qon ketishi, odatda u yashirin
bo’ladi, kamdan-kam qirmizi-qizil yoki kofe quyqasi rangidagi qayt qilish,
qora rangdagi qatronsimon najas belgilari bilan namoyon bo’ladi. Anemiya
(kamqonlik) kasallikning birdan-bir alomati bo’lishi mumkin. Qon ketishi
diapedez yo’li bilan peptik ezofagitda eroziyalar va yaralardan sodir
bo’lishi mumkin.
Diafragma qizilo’ngach teshigi churralariga diagnoz qo’yishda
kontrast moda yordamida bajarilgan rentgenologik tekshiruv hal qiluvchi
ahamiyatga ega bo’ladi. Tekshirish bemorni vertikal va gorizontal
vaziyatida, ba’zan esa ko’rsatmaga qarab Trendelenburg vaziyatida
o’tkaziladi. Sirpanuvchan churralarda me’da kardial bo’limi shilliq pardasi
burmalarining diafragmadan yuqorigacha davom etishi, qizilo’ngachning
qisqargan-qisqarmaganligi, Gis burchagining ochiqligi, qizilo’ngachning
me’daga balandroqda o’tishi, gaz pufagi hajmining kichrayishi, me’dadan
qizilo’ngachga kontrast modda reflyuksi qayd qilinishi muhim diagnostik
omillardan hisoblanadi. Kardiyaning diafragma ustida joylashuvi,
diafragma qizilo’ngach teshigi kardial churrasining patognomonik belgisi
hisoblanadi.
Ezofagoskopiya qizilo’ngachning uzunligini aniqlashga, ezofagit
belgilarining og’ir yoki engilligiga baho berishga, kardiya etishmovchiligi
darajasini aniqlashga va yara nuqsonlari malignizatsiyasini istisno qilishga
imkon beradi.
Paraezofagial churralar fundal, ichak, ichak-me’da, charvi turlariga
bo’linadi. Odatda bu holatlarda, kardiya joyida qoladi, diafragmaning
qizilo’ngach teshigi orqali esa qizilo’ngach yaqinida me’da va ichaklarning
ko’ks oralig’iga surilishi ro’y beradi. Sirpanuvchan churralardan farqli
ravishda paraezofagial churralarda qisilishining rivojlanish ehtimoli
ko’proq bo’ladi. Paraezofagial churralarda klinik manzara churraning turi
va ichidagi tarkibiy qismiga, atrofdagi a’zolarning surilish darajasiga
bog’liq bo’ladi. Bunda kardiyaning yopish faoliyati buzilmagan bo’ladi.