V bob. Kompressor qurilmalarning nazorat qilish, boshqarish va avariyaga qarshi avtomatik himoya tizimlari 104. Kompressor qurilmalar harorat, bosim, sarf va qurilma parametrlarini nazorat qilish uchun talab etiladigan boshqa parametrlarni o‘lchash uchun nazorat-o‘lchov asboblari bilan jihozlanishi lozim.
105. Termometrik asboblar:
a) kompressorning har bir bosqichida va oxirgi xolodilnikdan (agar u bo‘lsa) keyin tortiladigan va haydaladigan gazning;
b) umumiy yetkazib beruvchi quvurda va suyuqlik (suv) bilan sovutiladigan kompressorlar uchun har qaysi ishlangan gazni quyish liniyasida sovutuvchi suyuqlikning;
v) kompressor qurilmalari salniklarini yuvish moylarining;
g) porshenning nominal bazaviy kuchi 10 tonnadan ortiq bo‘lgan kompressorlardagi asosiy podshipnik vkladishlarining;
d) kompressor karteri yoki moy bakidagi moyning;
e) xolodilnikdan chiqish joyida (moyni sovutish uchun xolodilniklari bo‘lgan kompressorlar uchun) harakatlanish mexanizmini moylash tizimidagi moyning;
j) agar elektr dvigateli texnik hujjatlarida ko‘zda tutilgan bo‘lsa, stator va ko‘chma podshipnik sim o‘ramining haroratini nazorat qilishni ta’minlaydi.
106. Harorat:
haydash liniyalarida (har qaysi siqish silindridan keyin) va tortish liniyalarida gaz — aniqlik sinfi kamida 1,5 bo‘lgan termometrik asboblar bilan;
sovutuvchi suyuqlik (suv), havo va moylash tizimi — aniqlik sinfi kamida 4 bo‘lgan termometrik asboblar bilan o‘lchanishi lozim.
Darajalar bo‘linishi 2°S dan ortiq bo‘lmagan metall gardishli simobli termometrlardan foydalanish ruxsat etiladi.
Haroratni doim (muntazam) o‘lchash uchun ko‘chma termometrlardan foydalanish taqiqlanadi.
107. Kompressorning alohida bosqichlariga kirish va ulardan chiqish joylarida gazning harorati, kompressor va xolodilniklarga kirish va chiqishda suvning harorati bevosita quvurlar uskunaga (masalan, kompressor silindriga, xolodilnikka va h.) ulangan joy yaqinida o‘lchanadi.
108. O‘lchov asboblarining issiqlikni sezuvchi qismi bevosita harorati o‘lchanayotgan muhit oqimiga o‘rnatiladi.
Maxsus termometrik gilzalardan foydalanish ruxsat etiladi. Bunda issiqlikni quvur devoridan harorat datchikining sezuvchan qismiga yo‘naltirish (yoki chetlashtirish) oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatolarga yo‘l qo‘ymaslik yoki ularni hisobga olish choralari ko‘rilishi lozim.
Gilzalar o‘lchanayotgan muhit oqimi yo‘nalishiga teskari, ayrim hollarda esa o‘lchanayotgan muhit oqimiga perpendikulyar tarzda o‘rnatiladi.
109. Bosimni o‘lchash asboblari:
kompressorning har bosqichidan keyin, shuningdek tortish liniyasida va oxirgi xolodilnikdan (agar u bo‘lsa) keyin gazning;
umumiy uzatish quvurida suyuqlik (suv) ning;
harakatlanish mexanizmini moylash tizimida (dag‘al tozalash filtridan olin va keyin), shuningdek moyni asosiy podshipniklarga yetkazish kollektorida moyning;
kompressor qurilmalari salniklarini yuvish tizimida moyning;
pnevmatik asboblarni ta’minlash kollektorida havoning;
havo yuboradigan elektr dvigatellari va boshqa uskunalarning ventilatsiya tizimida gaz (havo)ning bosimini doim nazorat qilishni ta’minlaydi.
110. Bosim:
1-chi bosqich tortish liniyasidagi va oxirgi bosim uchun — aniqlik sinfi kamida 1,5 bo‘lgan asboblar bilan;
pog‘onalar o‘rtasidagi kommunikatsiyalar uchun — aniqlik sinfi kamida 2,5 bo‘lgan asboblar bilan;
sovutuvchi suyuqlik (suv) yuborish liniyalari va moylash tizimi uchun — aniqlik sinfi kamida 4 bo‘lgan asboblar bilan o‘lchanishi lozim.
111. Manometr shkalalarida ishchi bosimga to‘g‘ri keladigan shkala chizig‘idan keyin qizil chiziq qo‘yilishi lozim.
112. Bosimni o‘lchash asboblari ishchi bosim qiymati shkalaning uchdan ikkinchi qismida (taxminan o‘rtasida) bo‘lishini hisobga olgan holda tanlanishi kerak.
113. Manometrik asboblar bosim pulsatsiyasi eng kam bo‘lgan, kondensat va chiqindilar eng kam to‘planadigan joylarda ulanishi kerak.
114. Prujinali manometr oldidan uch aylanishli ventil yoki uning o‘rnini bosadigan qurilma o‘rnatilishi lozim.
10 MRa (100 kgf/cm2) dan ortiq bosimga mo‘ljallangan prujinali yuqori bosim manometrlari, ular singanda xodimlarni shisha parchalari yoki boshqa materiallardan shikastlanishdan saqlovchi, himoya moslamalari bilan jihozlanishi lozim.
Portlash xavfi bo‘lgan va zararli gazlar keladigan liniyalardagi prujinali yuqori bosim manometrlari avtomatik tarzda ishlaydigan qulf klapanlari bilan jihozlanishi kerak.
115. Ifloslangan gazlarni siqadigan kompressorlarning har qaysi bosqichi, shuningdek gaz bosimi 10 MRa dan yuqori bo‘lgan bosqichlar xolodilnikkacha va undan keyin o‘rnatilgan ikkita manometr asbobi bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
116. Gaz oqimi naychalar orasidan o‘tadigan kojux-naychali xolodilniklarda bosimni o‘lchash asbobi xolodilnikkacha o‘rnatilishi kerak.
117. Quyidagi hollarda bosimni o‘lchash asboblaridan foydalanish ruxsat etilmaydi:
ular shikastlanganda;
plomba yoki tamg‘asi bo‘lmaganda;
qiyoslash yoki kalibrlash muddati o‘tgan bo‘lsa;
bosim tushganda prujinali manometr yoki asbobning raqamli indikatori ko‘rsatkichi nul qiymatga ushbu asbob uchun yo‘l qo‘yiladigan xatoning yarmidan ortiq miqdorda to‘g‘ri kelmasa.
118. Kompressor qurilmalar stator tokini o‘lchaydigan asboblar bilan jihozlanishi (agar bu elektr dvigatelning texnik hujjatlarida talab etilgan bo‘lsa) lozim.
119. Kompressorlar ularning ishlagan soatlarini hisoblaydigan schyotchiklar bilan jihozlanadi.
120. Chastotali-rostlanadigan elektr uzatmali kompressorlar taxometrik asboblar bilan jihozlanadi.
121. O‘lchanayotgan parametrlarni EHM yoki raqamli asbob ekranida indikatsiyalayotganda, parametrlarning o‘sha paytdagi qiymatlaridan tashqari, ularning chegaraviy qiymatlari, shuningdek himoya qurilmalari ishlab ketadigan qiymatlar ko‘rsatilishi kerak.
122. Agar kompressor qurilmalarining ishlash parametrlari avtomatlashtirilgan ravishda nazorat qilinsa, ular ma’lumotlarni qayta ishlash va kompressorlarning ishga yaroqliligi to‘g‘risida umumlashtirilgan xulosalarni chiqarish va reglament yoki ta’mirlash ishlarini o‘tkazish to‘g‘risida tavsiyalar berishni ta’minlovchi nazorat, tahlil va diagnostika dasturlari bilan jihozlash tavsiya etiladi.
123. Kompressor qurilmalarning ishonchliligini oshirish maqsadida ular maksimal avtomatlashtirilishi va texnologik rejim buzilganligi to‘g‘risida bildiruvchi signalizatsiya bilan jihozlanishi kerak.
Kompressorlarni avtomatlashtirish tizimi me’yoriy-texnik hujjatlar talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
124. Kompressor qurilmani boshqarish va parametrlarni rostlash uchun pnevmatik, gidravlik, elektr, elektron va kombinatsiyalangan tizimlar qo‘llanilishi mumkin.
125. Kompressor qurilmalar va armaturani uzoqdan boshqarish qurilmasini mashinist, dispetcher yoki operator xonasida, yoki boshqa xavfsiz joylarda joylashtirish lozim.
126. Kompressor uzatmalari va armaturani uzoqdan boshqarish qurilmasini, xavfsiz joyda uning ikkinchisini o‘rnatib, ishchi joylar yaqinida joylashtirish lozim.
127. Kompressor qurilmalar avtomatlashtirilganlik darajasidan qat’i nazar, qo‘lda boshqarish qurilmasi bilan jihozlanishi lozim.
128. Kompressor qurilmalarni avtomatlashtirish tizimiga kompressorni uning mahalliy shitidan ham, markaziy pultdan ham to‘xtatish imkonini beruvchi qurilmalar kiritilishi lozim.
129. Avtomatlashtirish tizimlari avtomatlashtirilgan obyektni boshqarish tizimlari bilan texnologik va xavfsizlik parametrlari bo‘yicha ma’lumotlar almashinuvini ta’minlashi kerak.
130. Barcha boshqaruv organlari, nazorat-o‘lchov asboblari va qurilmalari xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash imkoniyatlarini yaratish uchun ko‘rinib turadigan, operatorlar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar bemalol bora oladigan joylarda o‘rnatiladi.
131. Avtomatik qurilmalar quyidagi hollarda kompressor uzatma dvigatelining qo‘shilishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak:
a) sovutish suvining bosimi yopiq tizimda yo‘l qo‘yiladigan qiymatdan kam yoki sovutish suvi sarfi ochiq quyilishda yo‘l qo‘yiladigan qiymatdan kam bo‘lganda;
b) moyning bosimi harakatlanish mexanizmini moylash sirkulatsiya tizimida yoki salniklarni yuvish sirkulatsiya tizimida yo‘l qo‘yiladigan qiymatdan kam bo‘lganda;
v) valni burish mexanizmi kompressor valiga ilinib qolganda;
g) produvka qilinadigan dvigatellarning qobig‘ini va ventilyatorni elektr dvigatelining qobig‘i bilan ulaydigan gaz quvurlarini elektr dvigatellardan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalarga muvofiq himoya gazi (havo) bilan oldindan produvka qilmasdan;
d) dvigatel qobig‘idagi va ventilatsiya gaz quvurlaridagi himoya gazi (havo)ning bosimi belgilangan miqdordan kam bo‘lganda;
e) silindr va salniklarni moylash tizimining moylash stansiyalari (lubrikatorlar) uzatmalari elektr dvigatellarini, shuningdek harakatlanish mexanizmini moylash va salniklarni yuvish sirkulatsiya tizimi nasoslarini va havo bilan sovutish tizimlaridagi ventilyatorlarni (avtonom tizimlarga ega kompressorlar uchun) oldindan ishga tushirmasdan.
132. Avtomatik qurilmalar quyidagi hollarda kompressor dvigatelini to‘xtatishi kerak:
a) kompressorning tortish liniyasida gaz bosimi yo‘l qo‘yiladigan qiymatlardan ortiq chetga chiqqanda;
b) kompressor oxirgi bosqichining tortish liniyasida gaz bosimi yo‘l qo‘yiladigan qiymatlardan yuqori bo‘lganda;
v) yopiq tizimlar uchun sovutish suvi magistralida sarf kamayganda va sovutish suvi magistralida bosim ochiq quyilishda yo‘l qo‘yiladigan qiymatdan pasayganda;
g) harakatlanish mexanizmlarini moylash sirkulatsiya tizimlarida moyning bosimi yo‘l qo‘yiladigan qiymatdan pasayganda;
d) salniklarni yuvish sirkulatsiya tizimida moyning bosimi yo‘l qo‘yiladigan qiymatdan pasayganda;
e) karterda moyning harorati porshen kuchi 10 tonnadan kam bo‘lgan kompressorlarning harakatlanish mexanizmini moylash tizimlari uchun yo‘l qo‘yiladigan qiymatlardan yuqori bo‘lganda;
j) nominal bazaviy porshen kuchi 10 tonnadan ortiq bo‘lgan kompressorlar uchun asosiy podshipniklarning harorati texnik hujjatlarda belgilangan qiymatlardan yuqori bo‘lganda;
z) produvka qilinadigan elektr dvigateli qobig‘ida va ventilatsiya gaz quvurlarida himoya gazi (havo)ning bosimi yo‘l qo‘yiladigan qiymatlardan past bo‘lganda;
i) silindr va salniklarni moylash tizimi moylash stansiyalari (lubrikator) ning elektr dvigatellari, shuningdek sirkulatsion moylash nasoslari va havo bilan sovutish tizimi ventilyatorlari (avtonom tizimli kompressorlar uchun) uzilganda;
k) kompressorning tortish liniyasida (moy ajratgichda, separatorda va h.) idishlardagi suyuqlik chegaraviy yo‘l qo‘yiladigan sathidan oshganda.
133. Kompressor qurilmaning avariyaviy himoya tizimi tovush va yorug‘lik signalizatsiyasini ta’minlashi kerak.
Ogohlantiruvchi tovush va yorug‘lik signalizatsiyasi qurilmani ishga tushirishdan oldin va nazorat qilinayotgan parametrlar avariyaoldi yoki avariyaviy qiymatlarga etganda qo‘shilishi kerak.
134. Nazorat qilish, boshqarish va avtomatlashtirish qurilmalari ularning ish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillar ta’sir doirasidan tashqaridagi joylarda o‘rnatilishi lozim.