2-mavzu: O’zbekiston Respublikasida amalda bo’lgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar
Reja:
1. Umumdavlat va mahalliy soliqlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar. 2. Soddalashtirilgan soliq tizimiga o‘tgan yuridik va jismoniy shaxslar. 3. Soliqlarning guruhlarga ajratilishi. 4. To‘g‘ri va egri soliqlarning tarkibi va ularning budjet daromadlaridagi ahamiyati. 5. Yuridik va jismoniy shaxslar tulaydigan soliqlar va yig‘imlar. 6. Soliq tizimining huquqiy asoslari, soliq to‘lovchilarning huquq va majburiyatlari. 7. Xorijiy davlatlarda soliqlar asosida iqtisodiyotni tartibga solish nazariyasi va amaliyoti tahlili.
1. Umumdavlat va mahalliy soliqlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar. Iqtisodiy adabiyotlarda yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘indisi soliqlar tizimi deb tushuniladi. Soliq kodeksining 23-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi xududida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar amal qiladi hamda ular O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan joriy etiladi va bekor qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida umumdavlat soliqlari va boshqa majburiy to‘lovlar hamda mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar amal qiladi.
Umumdavlat soliqlari va boshqa majburiy to‘lovlar tarkibiga quyidagilar kiradi:
1) yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i;
2) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
3) qo‘shilgan qiymat solig‘i;
4) aksiz solig‘i;
5) yer qa‘ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus to‘lovlar;
6) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq.
Umumdavlat soliqlari har yili O‘zbekiston Republikasi Prezidentining keyingi moliya yili uchun makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va davlat budjeti prognozi to‘g‘risidagi maxsus qarori asosida belgilangan normativlar bo‘yicha tegishli mahalliy budjetlar o‘rtasida taqsimlanadi.
7) ijtimoiy jamg‘armalarga majburiy to‘lovlar:
yagona ijtimoiy to‘lov;
Bu to‘lov o‘z navbatida quyidagi jamg‘armalarga taqsimlanadi: Pensiya jamg‘armasiga, bandlik jamg‘armasiga va kasaba uyushmasi jamg‘armasiga.
fuqarolarning budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari;
budjetdan tashqari Pesiya jamg‘armasiga majburiy to‘lovlar;
8) Respublka yo‘l jamg‘armasiga majburiy to‘lovlar:
Respublka yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar;
Respublka yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlar;
9) davlat boji;
10) bojxona to‘lovlari;
Soliq solishning soddalashtirilgan tartibida to‘lanadigan umumdavlat soliqlari:
11) yagona soliq to‘lovi;
12) tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq.
Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarga quyidagilar kiradi:
1) mol-mulk solig‘i;
2) yer solig‘i;
3) obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i;
4) transport vositalariga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq;
5) ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘im;
6) yagona yer solig‘i ( soddalashtirilgan tartibdaga soliq)
Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘lovchisi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi soliq qonunchiligi hujjatlariga muvofiq, mulkchilik shaklidan qat’i nazar yuridik va jismoniy shaxslar hisoblanadi.
Mol-mulk solig‘i va yer solig‘i O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga binoan joriy etiladi va uning butun hududida undiriladi.
Ushbu soliqlar stavkalarining miqdori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida belgilanadi.
Obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, transport vositalariga uchun benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq, ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘imlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat hokimiyati organlari, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari tomonidan joriy etiladi. Ushbu soliqlar va yig‘imlar stavkalarining eng yuqori miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ayrim mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni umumiy, qat’iy stavkalarda belgilashi mumkin.
Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar stavkalari soliq to‘lovchilarga Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va uning quyi organlari tomonidan belgilangan tartibda etkaziladi.
Obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, transport vositalariga uchun benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq, ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘imlarning miqdorlari, ularni undirish tartibi, ular bo‘yicha qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etish Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat hokimiyati organlari va viloyatlar hamda Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari tomonidan amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Yuridik shaxslar tomonidan budjet bilan hisob-kitoblar hisobi budjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzlar hisobi hisobvaraqlarida mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar har bir turi bo‘yicha yuritiladi.
Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanishi, mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi uchun javobgarlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lovchilar zimmasiga yuklanadi.
Mahalliy soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lanishining tasdig‘i bo‘lib amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq bank muassasasi yoki vakolatli organ bergan hujjat hisoblanadi.
Soliqlarning umumdavlat (respublika) va mahalliy soliqlarga bo‘linishi hukumat idoralarining respublika hukumati va mahalliy hukumatlarga bo‘linishi asosida kelib chiqadi. Har bir hokimiyat idoralari o‘zlarining bajaradigan muhim vazifalaridan kelib chiqib, o‘z budjetiga va uni ta‘minlaydigan soliqlarga va boshqa majburiy to‘lovlarga ega bo‘lishi kerak. Respublika hukumati umumdavlat miqyosida katta vazifalarni, jumladan, sog‘liqni saqlash, maorif, fan, mudofaa, xavfsizlikni saqlash, aholini ijtimoiy himoyasini tashkil etish va boshqa bir qator shu kabi strategik vazifalarni bajaradi. Shuning uchun uning budjeti ham soliqlari ham salmoqli bo‘lishni talab etadi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, yuridik shaxslarning foydasidan olinadigan soliq, yer qa‘ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus to‘lovlar, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, jismoniy shaxslar daromadidan olingan soliqlar respublika budjetiga tushadi. Umumdavlat soliqlarining muhim xususiyati shundaki, respublika budjetiga tushadigan soliqlardan mahalliy budjetlarni boshqarib borish uchun ajratma sifatida tushushi mumkin. Bordi-yu, ajratma etmasa subventsiya yoki subsidiya beriladi. Umumdavlat va mahalliy soliqlar yagona mohiyatga ega bo‘lib, ular budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlar hisoblanadi.
Mahalliy soliqlar hukumatlar bajaradigan vazifalariga qarab belgilanib, ularga doimiy va to‘liq biriktirib beriladi. Mahalliy xokimiyat organlari asosan fuqarolarga yaqin bo‘lganligidan ularga ijtimoiy masalalarni, jumladan, maktab, sog‘liqni saqlash, madaniyat, maorif, shahar va qishloqlar obodonchiligi kabi vazifalarni bajaradi. Lekin bu soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar ularning budjet xarajatlarining 30-40 foizini qoplaydi, xolos.
Shuning uchun ham mahaliy budjetlar daromadlarini ko‘paytirish eng dolzarb masalalardan hisoblanadi. Mahalliy soliqlarning muhim xususiyati shundaki ular faqat shu hududning budjetiga tushadi va ulardan boshqa budjetlarga ajratmalar berilmaydi.
Mahalliy budjetlarning soliq va boshqa majburiy to‘lovlari kam bo‘lganligidan bu budjetlarning daromadlar va xarajatlarini barqarorlashtirish (balanslashtirish) ancha murakkabdir. Bu masalani echishda umumdavlat soliqlaridan ajratmalar beriladi. (masalan, qo‘shilgan qiymat solig‘idan, aksiz solig‘idan va boshqalar).