Tabiiy fanlar fakulteti geografiya va iqtisodiy bilim asoslari k-hozir.org
3.Tuproq hosil qiluvchi tog‘-ona jinslar Nurash pо‘sti yuzasida tarqalgan g‘ovak holdagi (g‘ovaksimon) chо‘kindi yotqiziqlar tuproq hosil qiluvchi ona jinslar deb ataladi. Chо‘kindi tog‘ jinslaridan tuproq hosil bо‘lishi va rivojlanishi muqarrar.
Tuproq hosil qiluvchi (ona) jins tuproqning moddiy asosini tashkil etadi. Tuproq hosil bо‘lish jarayonida ona jins о‘zining mexanik, mineralogik va kimyoviy tarkibini, shuningdek fizik, kimyoviy, fizik-kimyoviy xossalarini unga о‘tkazadi, keyinchalik asta-sekinlikda turli darajada о‘zgaradi.
Tо‘rtlamchi davr g‘ovak chо‘kindi jinslari asosiy tuproq paydo qiluvchi jinslar hisoblanadi. Ana shu jinslardan deyarli barcha hozirgi zamon tuproqlari shakllangan. Kelib chiqishi (genezisi)ga va hosil bо‘lish sharoitlariga kо‘ra, tо‘rtlamchi davr chо‘kindilari turlicha tarkibi, tuzilishi, g‘ovakligi va xossalari bilan xarakterlanadi. Bu о‘z navbatida tuproq paydo bо‘lish jarayonlarida va hosil bо‘ladigan tuproqlar unumdorligida aks etadi.
Barcha tuproq paydo qiluvchi (ona) jinslar kelib chiqishiga kо‘ra quyidagi guruhlarga: elyuvial, delyuvial, allyuvial, kо‘l-allyuvial, prolyuvial, muz, dengiz, eol yotqiziqlari va lyoss jinslariga bо‘linadi.
Bu jinslar tashqi kо‘rinishi, belgilari, tuzilishi va shuningdek kimyoviy – mineralogik va mexanik tarkibi bilan farqlanadi.
Elyuvial jinslar yoki elyuviy – tub jinslar nurash mahsulotlarining nurash pо‘stida – о‘z joyida qolib tо‘planishidan hosil bо‘ladi. Magmatik va metamorfik jinslarining elyuviysi asosan tog‘li о‘lkalarda, baland tekisliklar (platolar)da (Kavkaz, Ural, О‘rta Osiyo va boshqa hududlarda) tarqalgan. Kо‘pincha kimyoviy va mineralogik tarkibi hamda xossalariga kо‘ra dastlabki boshlang‘ich jinslardan unchalik farq qilmaydi. G‘ovak mayda zarrali materiallarning asta-sekin zich jinslarga о‘tib borishi elyuviyga xarakterli. Tuproq paydo bо‘lishida elyuviyning ahamiyati uning xossasi bilan belgilanadi. Karbonatli jinslar elyuviysida kо‘pincha unumdor (qora tuproq, bо‘z tuproq kabi) tuproqlar hosil bо‘ladi. Uncha qalin bо‘lmagan elyuviyda (О‘rta Osiyo va boshqa joylarda) shag‘al tarkibli tuproqlar keng tarqalgan. Kо‘pincha, tо‘rtlamchi davrga qadarli hosil bо‘lgan ohaktoshlar, mergellar, moylar va qumtoshlar singari jinslarning elyuviysi ona jinslar hisoblanadi. Ana shunday jinslar tо‘rtlamchi davr yotqiziqlari bilan qoplanmagan maydonlar (tog‘li о‘lkalar, Ustyurt platosi)da uchraydi.