N.M.Sibirsev (1860-1900) Dokuchayevning eng iqtidorli shogirdi sifatida uning ishlarini davomchisi hamdir. U tuproqshunoslikka oid darslikning (1899) birinchi muallifi, V.V.Dokuchayevning tuproq tо‘g‘risidagi ta’limoti asoslarini tizimlashtirgan va rivojlantirgan, tuproqlarni tasniflash va xaritalash bо‘yicha salmoqli tadqiqotlar olib borgan. U tuproqlarni zonal, intrazonal va azonal taqsimlanishini isbotlagan.
K.D.Glinka (1867-1927) Dokuchayevning shogirdi, yirik tuproqshunos olim, akademik. U aholini kо‘chirish Bosh boshqarmasining tuproqlar tadqiqoti bо‘yicha rahbari bо‘lib, katta hududlarda (Sibir, О‘rta Osiyo, Qozog‘iston va Uzoq Sharq)da mayda masshtabdagi tuproq xaritalarini tuzish bilan shug‘ullangan. K.D.Glinka tomonidan tuproqshunoslikka bag‘ishlangan darslik nashr etilgan (1908). V.V.Dokuchayev nomidagi Tuproqshunoslik institutini tashkil etishda faol tashkilotchi bо‘lgan.
L.I.Prasolov (1875-1954) – geograf – tuproqshunos. 1898 yilda Peterburg universitetining tabiiy fakultetini tamomlagan. U о‘z ishlarida tuproqni landshaft komponenti sifatida qaraydi, shu bois uning aksariyat ishlari tabiiy geografiyaning majmuali masalalari bilan chambarchas bog‘langan.
B.B.Polinov (1877-1952) – tuproqshunos, geokimyogar va tabiiy geograf. U О‘rmonchilik institutini tomomlagan. V.V.Dokuchayev nomidagi Tuproqshunoslik institutidagi ilmiy tadqiqotlarini Leningrad (Sankt-Peterburg) va Moskva universitetlaridagi pedagoglik faoliyati bilan qо‘shib olib borgan. 1946 yildan FAning haqiqiy a’zosi. Elementar landshaftshunoslik va landshaftlar geokimyosi bо‘yicha yetuk mutaxassis.
I.P.Gerasimov (1905-1985) – geograf – tuproqshunos, geomorfologik va tabiiy geograf. Dunyo bо‘yicha kо‘plab ekspeditsiyalarda qatnashgan. Tuproqshunoslikda L.I.Prasolovning tuproq provinsiyalari (fatsiya) tо‘g‘risidagi g‘oyalarini rivojlantirgan. Uning rahbarligida dunyoning yangi umumlashtirilgan tuproq xaritalari tuzilgan. Hozirgi zamon tabiat zonalari tо‘g‘risidagi ishlari diqqatga sazovar.
Tuproqlar geografiyasining alohida yо‘nalishi hisoblanmish tuproq – geografik rayonlashtirish Rossiyada XX asrning 50-yillaridan sezilarli darajada rivojlandi. Umuman tuproqlar geografiyasining rivojlanishiga salmoqli hissa qо‘shgan olimlar safiga yana quydagilarni kiritish lozim: P.A.Letunov, N.N.Rozov, G.V.Dobrovolskiy, I.S.Urusevskiy, M.A.Glazovskaya, V.A.Kovda va boshqalar.