Kirish. Toshkent davlat sharqshunoslik instituti huzuridagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazining “FA-F1-027: Markaziy Osiyo xalqlari yozma merosini o‘rganish: manbashunoslik va matnshunoslik tadqiqotlari (O‘zRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalari asosida)” fundamental granti doirasida amalga oshirilgan ushbu monografiya Mulla Aziz Marg‘inoniy qalamiga mansub “Tarixi Aziziy” asarining faksimile nashridir. Unda Markaziy Osiyoda o‘rta asrlardan XX asr boshlarigacha kechgan tarixiy voqealar yoritilgan. Xususan, Qo‘qon xonligi tarixi hamda mustamlaka davriga oid qimmatli ma’lumotlar jamlangan. Manbalarning asliyatdagi nashriga bo‘lgan qiziqish va ehtiyojlarni nazarda tutib, bizgacha yagona dastxat nusxada yetib kelgan Muhammadrizo Marg‘inoniyning Qo‘qon xonligi tarixiga oid “Tarixi Aziziy” asarining faksimile nashri tayyorlandi. Mazkur qo‘lyozma “FA-F1-GO27: Markaziy Osiyo xalqlari yozma merosini o‘rganish: manbashunoslik va matnshunoslik tadqiqotlari (O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalari asosida)” mavzucidagi fundamental loyiha doirasida tadqiq etildi. XIX asrning II yarmi–XX asr boshlarida Qo‘qon xonligi tarixini yoritishga bag‘ishlangan ko‘plab tarixiy asarlar yaratilgan. Xususan, mahalliy mualliflar asarlari ichida Muhammad Solihxo‘janing “Tarixi jadidai Toshkand”, Otabek Fozil o‘g‘lining “Mufassal tarixi Farg‘ona”, Mullo Olim Mahmudxo‘janing “Tarixi Turkiston”, Mullo Mirzo Olim Toshkandiyning “Ansob us-salotin va tavorix ul-xavoqin”, Isxoqxon Junaydullaxo‘ja o‘g‘li Ibratning “Tarixi Farg‘ona”, Avaz Muhammad Attor Xo‘qandiyning “Tarixi Jahonnamoyi”, Mullo Niyoz Muhammad ibn Mullo Ashur Muhammad Xo‘qandiyning “Tarixi Shohruxiy”, Muhammad Yunus Toibning “Tarixi Aliquli amirlashkar”, Mullo Ali qori Qunduziyning “Tavorixi manzuma”, Abdulg‘ofur Ismatiyning “Zafarnomai Xudoyorxon” asarlari alohida o‘rin tutadi. Shuningdek, Muhammad Hakimxonto‘ra ibn Sayid Ma’sumxonning “Muntaxab at-tavorix”, Abdukarim Foziliy Namangoniy va Mirzo Qalandar Mushrifning “Shohnomayi Umarxon” kabi asarlari omma o‘rtasida mashhur bo‘lgan. Mulla Aziz bin Muhammadrizo Marg‘inoniyning “Tarixi Aziziy” asari ham ana shunday nodir manbalardan biridir. “Tarixi Aziziy” asarining muallif dastxati bilan bitilgan dunyodagi yagona nusxasi (avtograf) Sharq qo‘lyozmalari markazi fondida 11108 raqami bilan saqlanadi. Ushbu asar 5 bobdan iborat: 1-bob mo‘g‘ullar istilosiga, 2-bob Sohibqiron Amir Temur tarixiga, 3-bob har bir kasbning fazilatlari bayoniga, 4- va 5-boblar Qo‘qon xonligi tarixiga bag‘ishlangan. Chorizm istibdodi sharoitida yozilgan bu asar muallifning ko‘p yillik hayotiy tajribasi, yurtga muhabbat, millat taqdiridan xavotirlanish kabi qorishiq tuyg‘ularining samarasidir. “Tarixi Aziziy” – Markaziy Osiyoning o‘rta asrlardan boshlab mustamlakachilik davrigacha bo‘lgan tarixini qamrab olgan ko‘p qatlamli tarixiy asar; unda, xususan, XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy hayotga taalluqli qimmatli ma’lumotlar mujassam. Uning muallif dastxati bo‘lgan yagona nusxasi Toshkent davlat sharqshunoslik instituti huzuridagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazida 11108 raqami ostida saqlanadi1.