Alovuddin
1244 yil, 16 dekabrь, Konьya.
O'rtoqlarim bilan kiyik oviga ketgandik,
shuning uchun darvish otamning yo'lini to'sib
chiqqanida men shaharda emas edim. Ertasi
kuni qaytgan edim. Shu vaqt ichida otamning
Shams Tabriziy bilan uchrashuvlari tillarda
doston bo'lipti. Bu darvish kim o'zi, nima
uchun Rumiydek alloma unga shunchalik
jiddiy munosabatda bo'ldi va unga hatto ta'zim
ham qildi, deya odamlar hayron edilar.
Bolaligimdan boshqa odamlarning otamga tiz
cho'kkanlarini ko'rishga o'rganganman, lekin
otamning shoh yoki buyuk vazirdan boshqa
kimgadir tiz bukib ta'zim qilishini tasavvur
ham qilmagan edim. Shuning uchun sira
yolg'on gapirmaydigan va hech nimani
bo'rttirib gapirmaydigan o'gay onam butun
voqeani boshidan oxirigacha ro'y rost hikoya
qilib bermagunicha, bu gaplarga ishonmadim.
Xullas, gap-so'zlar rost ekan. Shams Tabriziy
degan darbadar darvish chindan ham tumonat
odamlar orasida otamga savol bergan ekan va
eng ajablanarlisi, u endi bizning uyimizda dam
olayotgan edi.
Tomdan tarasha tushganday, hayotimizga kirib
kelgan bu begona odam kim o'zi? Men uni o'z
ko'zlarim bilan ko'rmoqchi bo'ldim va Kiradan
so'radim:
- Qani o'sha kishi?
- O’zingni bos, - pichirladi xavotir bilan Kira. -
Otang darvish bilan kutubxonada o'tirishipti.
Bizga ularning ovozlari eshitilardi-yu, lekin
so'zlarini ilg'ab bo'lmas edi. Kutubxona
eshigini ochmoqchi bo'lib intildim, lekin Kira
meni to'xtatdi:
- Menimsa, sabr qilishingga to'g'ri keladi. Ular
hech kim bezovta qilmasligini iltimos
qilganlar.
Otam bilan darvish kun bo'yi kutubxonadan
chiqishmadi. Ertasi kuni ham shunday bo'ldi.
Ular nima haqida bunchalik uzoq
gaplashayotgan bo'lishlari mumkin? Otamdek
inson bilan bu oddiy darvish orasida qanday
yaqinlik bo'lishi mumkin?
Bir hafta, ikki hafta o'tdi. Har kuni ertalab Kira
nonushta tayyorlar va patnisda kutubxona
eshigi yoniga qo'yib ketar edi. Ularga har
qancha tansiq taom taklif qilinmasin, ertalab
bir burda non va kechqurun bir piyola echki
sutidan boshqasini rad etishardi.
Shu vaqt mobaynida mening ko'nglimga
qandaydir noxush xayollar kelar edi. Ertayu
kech kutubxonaga bir qarash uchun yo'l
qidirardim. Ular eshikni birdan ochib qolishsa,
mening yashirincha gaplariga quloq solib
turganimni bilib qolishsa, nima bo'lishi
mumkinligini o'ylab ham o'tirmasdan, butun
vaqtimni o'sha yerda, nimalarni
gaplashayotganlarini bilishga urinib o'tkazdim.
Lekin aniq gaplar o'rniga faqat g'o'ng'illagan
ovozlar kelardi. Ichkarini ko'ra olmas edim
ham. Pardalar tortib qo'yilgani uchun u yer
g'ira-shira ko'rinardi, xolos.
Bir kuni Kira meni kutubxona oldida shu
alfozda ko'rib qoldi, lekin hech nima demadi.
Lekin bu safar u uyda nimalar bo'layotganini
mendan ham ko'ra ko'proq bilgisi kelayotgani
aniq edi. Ayollar odatda o'z tabiatlaridagi
qiziquvchanlikni uzoq tiyib tura olmaydilar.
Akam Sultan Valad mening eshik oldida gap
poylab turganimni ko'rib qolgach, butkul
boshqacha munosabatda bo'ldi. Qattiq
xo'mraydi va menga ko'zlaridan o't chaqnatib
qaradi.
- Odamlar ortidan, ayniqsa, o'z otamiz ortidan
poylashga qanday hadding sig'di, - ta'na qildi u.
Men yelka qisdim.
- Aka, to'g'risini ayting, nahotki siz otamizning
butun vaqtlarini qayoqdagi begona odam bilan
o'tkazayotganlaridan bezovtalanmayotgan
bo'lsangiz? O’z oilalarini butkul unutganlariga
bir oydan oshdi. Bu sizni xafa qilmayaptimi?
- Otamiz bizni unutmaydilar, - javob qildi
akam.
- Ular Shams Tabriziydek do'st topdilar. Sen
esa, yosh boladay hiqillaguncha, otam uchun
xursand bo'lsang yaxshi bo'lar edi. Agar sen
uni chindan yaxshi ko'rsang, albatta.
Faqat akam shunday gaplarni ayta oladi. Lekin
men uning g'aroyib fe'liga o'rganib qolganman
va undan xafa bo'lmadim. Sultan Valad
hamisha itoatkor bola bo'lgan, oilamiz, qo'ni-
qo'shnilarimiz va tabiiyki, otamiz uchun ham
suyukli.
Otam va darvish kutubxonamizga bekilib
olganlaridan keyin qirq kun o'tgach, g'alati
g'ayrioddiy hodisa yuz berdi. Men keyingi
vaqtda odatlanganimday, eshik ortida gap
poylab turardim. Birdan sukunat cho'kdi va
men kutilmaganda bu sukunatda darvishning
ovozini aniq eshitdim:
- Biz bu yerda suhbatlashayotganimizga qirq
kun bo'ldi. Har kuni Ishqning qirq qoidasidan
birini muhokama qildik. Va endi kutubxonani
tark etsak yaxshi bo'lardi, deb o'ylayman.
Ikkimizning bu yerga bekinib olganimiz sening
yaqinlaringni xafa qilayotgan bo'lishi kerak.
- Xavotir olmang, - e'tiroz qildi otam. -
Xotinim va o'g'illarim mening bekilishim
sababini tushunadigan kap-katta odamlar.
- Xotiningiz haqida men hech nima
bilmayman, lekin o'g'illaringiz xuddi tun bilan
kun kabi bir-birlaridan juda farq qilishadi.
Katta o'g'lingiz sizga itoatli, lekin kichigining
tuyg'ulari boshqacha, deb qo'rqaman. Uning
qalbini alam va hasad qoraytirgan.
Jahldan qonim boshimga urildi. Meni hatto bir
marta ham ko'rmay turib, men haqimda bunday
deyishga qanday haddi sig'di?
- U meni bilmaydi, deb o'ylaydi, lekin men uni
bilaman, - davom etdi biroz sukutdan keyin
darvish. - U meni eshik tirqishidan
kuzatayotganida, men ham uni kuzatdim.
Orqam muzdek bo'lib jimirlab ketdi va
sochlarim tik turdi. Hech nima o'ylab o'tirmay,
eshikni siltab ochdim va kutubxonaga kirib
keldim. Otamning ko'zlari hayratdan dum-
dumaloq bo'lib ketdi, lekin tez orada
hayratning o'rnini g'azab egalladi.
-Alovuddin, sen jinni bo'ldingmi? Bizni
bezovta qilishga qanday jur'at etding?
- Siz avval undan nima uchun men haqimda
bunday deganini nega so'ramaysiz? - xitob
qildim men.
Otam bir so'z ham aytmadi. U mening bu
yerdaligim yelkasiga og'ir yuk bo'lib
tushganday, menga qarab turar va og'ir nafas
olardi.
- Ota, iltimos. Kira sizni ko'rishni istaydi.
Shogirdlaringiz ham. Nimaga siz qandaydir
iflos darvishni deb sizni yaxshi ko'radigan
olamlardan yuz o'girayapsiz?
Shu so'zlarni aytdim-u, o'sha zahoti
aytganimga pushaymon bo'ldim, lekin juda
kech bo'lgan edi. Otam menga qarab turar va
uning ko'zlarida mendan ko'ngli qolgani
ko'rinib turardi. Men hech qachon uni bu
alfozda ko'rmagan edim.
- Alovuddin, marhamat qilginda, hoziroq
kutubxonadan chiq, - dedi otam. - Biron tinch
joyga borginda, qilgan ishing haqida o'ylab
ko’r. O'z qalbingga nazar solmaguningcha va
xatoingni tushunmaguningcha, menga gapirma.
- Lekin, ota...
- Chiq! - takrorladi otam va menga orqasini
o'girib oldi.
Yuragim qattiq siqildi, oyoqlarimda zo'rg'a
turgancha kutubxonadan chiqdim.
O'sha ondan boshlab men hayotimiz
o'zgarganini va endi hech qachon avvalgiday
bo'lmasligini tushundim. Onam vafotidan
sakkiz yil o'tgach, ikkinchi marta yaqin
insonim meni tashlagan edi.
Rumiy
Dostları ilə paylaş: |