24 - Amaliy mashg‘ulot
Karamdoshlar (Brassicaceae) oilasi vakillari
tuzilishini o`rganish.
Kerakli jihozlar: Karam, jag`-jag`, qurttana, boltiriq, torol turkumlarining gerbariy namunalari yoki tirik obekti, o`simliklar aniqlagichi, lupa, preparoval nina, turlarning rasmlari (ko`rgazma yoki slaydlar).
Qabila: Capparales - Kovulnamolar
Oila: Brassicaceae - Karamdoshlar
Vakillari: Brassica oleracea – bosh karam, Capsella bursa pastoris – oddiy jag`-jag`, Sisymbrium loeseli – lyozel qurttanasi, Sinapis arvensis – dala rango`ti, Cardaria repens – o`rmalovchi boltiriq, Lepidium ruderale – sassiq torol.
Karamdoshlar oilasi kovulnamolar qabilasining eng yirik oilalaridan biri bo`lib, yer yuzida 380 turkumga mansub 3200 turi uchraydi. O`zbekistonda 25 turkumga mansub 193 tur o`sadi. Hayotiy shakllari asosan bir, ikki va ko`p yillik o`tlar, bazan butacha va past bo`yli butalardan tashkil topgan. Barglari oddiy, yonbargchasiz, butun yoki qirqilgan, poyada ketma ket joylashadi. To`pguli shingilsimon. Gullari aktinomorf, bazan zigomorf, 2 jinsli, murakkab gulqo`rg`onli. Tugunchasi ikki uyali. Mevasi qo`zoq va qo`zoqcha, bazan yong`oqcha.
Oilaning ko`p turlari madaniy (karam, sholg`om, rediska, turp, o`sma) holda ekib o`stiriladi. Ulardan oziq ovqat, bo`yoq, dorivor sifatida foydalaniladi.
Ishning borishi
O`rganilayotgan o`simliklarning morfologik tuzilishi gerbariylar yoki tirik obektlar yordamida tekshiring. Gul tuzilishi bilan tanishganda gulqo`rg`onidagi gul qismlarining qanday joylashganligiga etibor bering. Ayniqsa, changchilarning soni, ularning uzun, qisqaligi va joylashishini o`rganing. Gul tuzilishini diqqat bilan tekshirib o`simlik qanday changlanishini va changchilar asosidagi nektardonlarni aniqlang. Gul formulasini tuzing va diagrammasini chizing.
Meva tiplarini aniqlang. Ularning chatnab ochilishi va ochilmasligini aniqlang. Mevaning uchki qismidagi o`simtasiga ham etibor bering va ularning rasmini chizing. Oilaning ayrim turlarini aniqlagich yordamida mustaqil aniqlang.
O`rganilgan o`simliklar to`g`risida qisqacha tavsif bering.
Savollar.
1. Karamdoshlar oilasiga umumiy tavsif bering?
2. Gul tuzilishidagi o`ziga xos xususiyatlarni keltiring?
3. Oilaning qaysi turkumlar keng tarqalgan?
4. Meva tiplari va ularning xo`jalik ahamiyati nimadan iborat?
5. Oilaning turli vakillarining barg tuzilishidagi farqlarni ko`rsating?
Dostları ilə paylaş: |