25 - Amaliy mashg‘ulot
Qovoqdoshlar (Cucurbitaceae) oilasi vakillari
tuzilishini o`rganish.
Kerakli jihozlar: Qovun, qovoq, bodring turkumlarining gerbariy namunalari yoki tirik obyekti, o`simliklar aniqlagichi, lupa, preparoval nina, turlarning rasmlari (ko`rgazma yoki slaydlar).
Qabila: Qovoqnamolar – (Cucurbitales)
Oila: Qovoqdoshlar – (Cucurbitaceae)
Vakillari: Melo agrestis – yovvoyi qovun, dala itqovun, Cucurbita moschata – osh qovoq, Cucumis sativus – bodring.
Oila vakillari asosan tropik hududlarda, Afrika, Osiyo va Amerikaning mo`tadil iqlimli mintaqalarida o`sadi. O`zbekistonda qovun, tarvuz, bodring va qovoqlarning bir necha turlari ekiladi. Bu oilaga bir yillik va ko`p yillik o`rmalab o`suvchi o`tlar, yarim buta, buta va bazi daraxtlar kiradi. Qovoqdoshlarning barglari oddiy, ketma-ket joylashgan, panjasimon bo`lakli yoki o`yilgan, yonbargchasiz. Gullari aktinomorf, bir jinsli gulkosacha va gul toji barglari 5 tadan, changchilari 3-5 ta, urug`chisi 3 ta mevachabargdan iborat. Mevasi etli, soxta, qovoqmeva. Bu oilaga qovoq, bodring, tarvuz, qovun kabi turkumlar kiradi. Ularning xalq xo`jaligidagi ahamiyati juda katta.
Ishning borishi
Oila vakillarining gerbariylari yoki yangi keltirilgan tirik namunalardan o`rganiladi. O`simliklarning hayotiy shakllari, poyasi va barglarining tuzilishi, xususiyatlari, gullarining bir yoki ikki jinsli, o`simlikning bir yoki ikki uyli ekanligi aniqlanadi.
Gerbariydan yoki tirik namunadan changchi va urug`chi gullarini toping. Gulni nina bilan bo`laklarga ajratib lupa yordamida tekshiring. Gulqo`rg`onining tuzilishiga, changchilar soniga, ularning qo`shilib o`sganligiga va nektardonlarning tuzilishiga etibor bering. Urug`chi gulining gulqo`rg`onining tuzilishini, undagi tugunchasi va tumshuqchalarining sonini ko`ring. Tugunchaning ustki yoki ostki ekanligi, tugunchadagi mevabargchalar soni va meva xilini aniqlang.
Bularni har tomonlama to`liq tekshirib chiqib, analiz qilgach, ulardan birini tanlab olib, boshqalari bilan taqqoslang, tavsifini batafsil yozing. Gul tuzilishining umumiy ko`rinishi va organlarining suratini chizing. Aniqlagich yordamida tabiiy holda o`sadigan turini aniqlang. Oilaga botanik tavsif bering.
Savollar
1. Qovoqdoshlar oilasi vakillarining geografik tarqalishi haqida nimalarni bilasiz?
2. Qovoqdoshlar oilasiga mansub bir, ikki va ko`p yillik o`tsimon, buta va daraxt hayot shaklidagi turlarni bilasizmi?
3. Qovoqdoshlar oilasi vakillarining guli qanday tuzilgan?
4. Oila vakillaridan xalq xo`jaligining qaysi sohasida foydalaniladi?
Dostları ilə paylaş: |