20 - Amaliy mashg‘ulot
Gulxayridoshlar (Malvaceae) oilasi vakillari
tuzilishini o`rganish.
Kerakli jihozlar: G`o`za, dag`alkanop, gulxayri, gibiskus, tugmachagul turkumlarining gerbariy namunalari yoki tirik obekti, o`simliklar aniqlagichi, lupa, preparoval nina, turlarning rasmlari (ko`rgazma yoki slaydlar).
Qabila: Malvales – Gulxayrinamolar
Oila: Malvaceae – Gulxayridoshlar
Vakillari: Gossypium hirsutum – oddiy g`o`za, Althaea armeniaca – arman gulxayrisi, Abutilon therophrasti – teofrast dag`alkanopi, Hibiscus trionum – uchchanoqli bo`ritaroq, Malva neglecta – befarq tugmachagul.
Bu oilaga 85 turkum, 1000 tur kiradi. O`zbekistonda 6 turkumga mansub 17 turi o`sadi. Gulxayridoshlarga o`t, buta va daraxtlar kiradi. Barglari oddiy, butun yoki panjasimon o`yilgan. Gullari ikki jinsli, aktinomorf, gulkosa va gultojibarglari 5 tadan. Urug`chisi va changchisi cheksiz, tugunchasi ustki, mevasi ko`p urug`li, ko`sakcha.
Oilaning g`o`za, dag`alkanop, gulxayri, gibiskus, tugmachagul kabi turkum vakillari keng tarqalgan. G`o`za turkumi turlari Janubiy Osiyoda, Afrikada, Markaziy Amerikada tabiiy holda o`sadi. O`zbekistonda 3 turi bor va madaniylashtirilgan. O`zbekistonda bu oilaga mansub tolali, bo`yoqbop, em-xashak, dorivor, manzarali, va boshqa turlari ko`plab o`sadi. Jumladan, gulxayri manzarali gul sifatida ekiladi va uning gulidan qizil bo`yoq ham olinadi.
Ishning borishi
Oila vakillarining gerbariylari va tirik obektlari asosida vegetativ, generativ organlarining morfologik tuzilishi o`rganiladi. Uning bargi, poyasi, yonbarglari, to`pguli, gulining kosachabarglari, tojbarglari, changchi va urug`chilari diqqat bilan etibor bering. Bunda kosachabargchalarini necha qavatdan iborat ekanligi va ostkosacha hosil qilishi, ularning soni, qo`shilib o`sganligini aniqlang. Changchilarini tekshirganda ularning changchi iplarini o`zaro qo`shilish xarakterini va changdonlaridagi uyalar sonini tekshiring.
Gulining formulasini tuzing va diagrammasini chizing. Gulning bo`yiga kesilgan holdagi ko`rinishini tekshiring, undagi tugunchalar holatini va urug`kurtaklariga etibor bering. Oila vakillaridagi meva tipini aniqlang va rasmini chizing.
Oila vakillarining hayotiy shakllari, poya tuzilishi, Shoxlanish tiplari, barglarning joylashishi, gulining o`ziga xos xususiyatlari, changchilarining ko`p sonliligi va o`zaro qo`shilib o`sishi, urug`chisining tuzilishi, mevasining tipi, ularning xo`jalik ahamiyatiga tavsif bering.
Savollar.
1. Gulxayridoshlar oilasiga tavsif bering?
2. Oilaning qaysi turkumlari keng tarqalagan va turlarini misol keltiring?
3. G`o`za va tugmachaguning umumiy va farqli belgilarini aytib bering?
4. Oilaning boshqa oilalardan farqli jihatlari nimalardan iborat?
5. Meva tiplari va ularning xo`jalik ahamiyati nimadan iborat?
Dostları ilə paylaş: |