17 - Amaliy mashg‘ulot.
Mavzu: Ayiqtovondoshlar (Ranunculaceae) oilasi vakillari
tuzilishini o`rganish.
Kerakli jihozlar: ayiqtovon, isfarak, ilono`t, uchma turkumlarining gerbariy namunalari yoki tirik obekti, o`simliklar aniqlagichi, lupa, preparoval nina, turlarning rasmlari (ko`rgazma yoki slaydlar).
Qabila: Ranunculales – Ayiqtovonnamolar
Oila: Ranunculaceae – Ayiqtovondoshlar
Vakillari: Ceratocephala falcata – ilmoqtumshuq uchma, Clematis orientalis – sharq ilono`ti, Consolida leptocarpa – ingichka mevali konsolida, isfarak, Ranunculus repens – o`rmalovchi ayiqtovon, R. sceleratus – zaharli ayiqtovon.
Ayiqtovondoshlar yer yuzida 66 turkum, 2000 ga yaqin tur, O`zbekistonda 20 turkumga mansub 107 tur o`sadi. Hayotiy shakllari bir yoki ko`p yillik o`tlar, bazan buta va lianalar uchraydi. Barglari ketma-ket, bazan qarama-qarshi joylashgan. Oddiy, yaprog`i panjasimon yoki patsimon qirqilgan, yonbargchali. Gullari ikki jinsli, asosan aktinomorf, bazan zigomorf. Gulqo`rg`oni oddiy yoki murakkab, gul qismlari spiral va halqa hosil qilib o`rnashadi. Gulkosachabarglari 5 (3-20) ta, tojibarglari 2-20 ta, bazan juda mayda bo`lib shiradonlarga aylangan. Changchilari ko`p. Urug`chisi ko`p, bazan bitta, apokarp va sinkarp meva hosil qiladi. Tugunchasi bir uyali, bir yoki bir necha urug`kurtakli. Mevasi bargak, ko`sakcha, yong`oqcha va rezavor.
Ishning borishi
Oila vakillarining gerbariylari yoki tirik obyektlari asosida vegetativ, generativ organlarining morfologik tuzilishi o`rganiladi. Ildiz sistemasi bilan tanishganda, o`rganilayotgan turlarda popuk ildizlari yoki tugunaklari mavjudligiga etibor bering. Tanlangan o`simliklarda poyaning Shoxlanish tipiga ahamiyat bering.
Tirik obyektda yoki gerbariy namunalaridagi gul va meva tuzilishini o`rganing. Gul tuzilishini o`rganayotganda gul o`rniga, aktinomorf yoki zigomorfligiga, gul azolarining soni va joylashishiga (asiklik, gemisiklik, siklik) etibor bering. Nektardonlarning bor yo`qligini aniqlang.
Gulning tuzilishi formulasini yozing va diagrammasini chizing.
Meva tiplarini va ularning tarqalishiga moslanish belgilarini aniqlang.
Gerbariy va tirik obyektdan oilaning 2-3 vakilini aniqlagich yordamida aniqlang va daftarga aniqlash ketma ketligini qayd eting.
Oila vakillarining xo`jalik ahamiyatini ko`rsating.
Yuqoridagi topshiriqlar asosida oila vakillarining vegetativ va generativ organlarining tuzilishi bilan tanishgandan so`ng ishning yakuni sifatida xarakterli belgilarni va hayot formasini yozing. O`rganilgan turlarini xo`jalik ahamiyatini ham ko`rsating.
Savollar.
1. Ayiqtovondoshlar oilasiga tavsif bering?
2. Oilaning qaysi turkumlari keng tarqalgan.Misol keltiring?
3. Ayiqtovondoshlar va magnoliyadoshlarning umumiy va farqli belgilarini aytib bering?
4. Oilaning o`ziga xos xususiyatlari nimalardan iborat?
5. Meva tiplari va ularning xo`jalik ahamiyati nimadan iborat?
Dostları ilə paylaş: |