19. - Amaliy mashg‘ulot
Burchoqdoshlar (Fabaceae) oilasi vakillari
tuzilishini o`rganish.
Kerakli jihozlar: Sebarga, yantoq, beda, burchoq, shirinmiya, achchiqmiya turkumlarining gerbariy namunalari yoki tirik obekti, o`simliklar aniqlagichi, lupa, preparoval nina, turlarning rasmlari (ko`rgazma yoki slaydlar).
Qabila: Fabales – Burchoqnamolar
Oila: Fabaceae – Burchoqdoshlar
Vakillar: Trifolium repens – o`rmalovchi sebarga, Medicago sativa – ekma beda, Alhagi persarum – shakar yantoq, Vicia angustifolia – ensizbarg burchoq
Burchoqdoshlar oilasi yer yuzida 650 turkum, 18000 tur, O`rta Osiyoda 40 turkum, 1093 tur va O`zbekistonda 35 turkumga mansub 425 tur uchraydi. Ular o`t, yarimbuta, buta va daraxt kabi hayotiy shakllardan tashkil topgan. Barglari asosan murakkab, bazan oddiy, yonbargchali. Gullari ikki jinsli, zigomorf, bazan aktinomorf, shingil va kallaksimon to`pgullarda o`rnashgan. Gulqo`rg`oni murakkab. Gulkosacha va gultojbarglari 5 tadan, changchisi 10 ta ikki doirada joylashgan, urug`chisi bitta atrofi qo`shilib o`sgan changchilar bilan o`ralgan. Changchilar soni va chang iplari hosil qilgan naycha oilaning o`ziga xos sistematik belgisi hisoblanadi. Tugunchasi ustki. Mevasi dukkak. Changlanishi o`z-o`zidan va hasharotlar yordamida.
Ishning borishi
Oila vakillari gerbariy yoki tirik obyektlardan foydalaniladi. O`rganish uchun tanlab olingan o`simliklarning morfologik tuzilishi ildiz, poya, barg, gul va meva tuzilishi o`rganiladi. Ildiz sistemasi o`rganilayotganda undagi tugunakchalarga etibor bering. Barglarining shakllari, oddiy yoki murakkabligi va yon bargchalarini tekshiring. Gulining tashqi tuzilishi bilan tanishgach barcha gulbarglari guldan ajratib olinib, to`g`rilab oyna ustiga terib chiqiladi. So`ngra gulning to`g`ri yoki qiyshiqligi aniqlanadi. Gultojining Yuqorigi yirik tojibargchasi elkancha, yon tomondagilari eshkakcha va pastgi ikkita qo`shilib o`sgani qayiqcha hisoblanadi. Qayiqchaning ichida changchilar va urug`chilar joylashgan. Ularni lupa yordamida ko`ring. Changchilar hosil qilgan nayning asosidan kesib olib, uni to`g`rilab oyna ustiga qo`ying. Undan changchilar erkin yoki qo`shilib o`sganligini, changchilar sonini, changchi nayining tubida tuguncha ostida joylashgan nektardonni aniqlang. O`rgangan malumotlar asosida har qaysi turning gul tuzilishi formulasi yozing va diagrammasi chizing.
Oilaning 2-3 ta vakilini aniqlagich yordamida aniqlang. Bir necha turlarini rasmlar va gerbariy asosida solishtiring. Ularning tuzilishi to`g`risida qisqacha tavsif yozing. Turlarning xo`jalik ahamiyatini bayon eting.
Savollar.
1. Burchoqdoshlar oilasi mansub o`simliklar qanday hayotiy shakllarini bilasiz? Misollar bilan tuShuntiring?
2. Gul tuzilishini boshqa oilalardan farqli jihatlarini izohlang?
3. Oila vakillarining gul tuzilishidagi o`ziga xos xususiyatlarini aytib bering?
4. Oziq ovqat sifatida ekib o`stiriladigan turlarini ayting?
Dostları ilə paylaş: |