Eng avvalo tuproqni o‘rganishda tizimli (kompleks) yondoshishni ajratish lozim, bunda uni o‘rab turgan obyektlar va xodisalardan ajralmagan holda o‘rganish tushuniladi, ya‘ni tuproqni katta sistema (biogeosenoz, biosfera) ning tarkibiy qismi (kichik sistemasi) sifatida o‘rganish. Shu bilan birga tuproqning o‘zi kichik sistemachalar tarzida paydo bo‘lgan.
Profil – genetik usuli – tuproqshunoslikka oid barcha tadqiqotlarning asosini tashkil etadi. U tuproqni yer yuzasidan boshlab butun chuqurligi davomida genetik gorizontlar bo‘yicha to ona jinsga qadar o‘rganishni va tuproq kesimining o‘rgatilayotgan xossalari va parametrlarini taqqoslashni talab etadi. Bu usul tuproq hosil bo‘lish jarayonlari rivojining tabiiy qonuniyatlarini aks ettiradi. Morfologik usul – tuproq kesimining tuzilishini o‘rganish tuproqshunoslikka oid tadqiqotlarni o‘tkazishda tayanch hisoblanadi va tuproqlarning tabiiy sharoitdagi diagnostikasi asosini tashkil etadi.
Morfologik taxlilning uch turi:
makromorfologik (tuproqni oddiy ko‘z bilan o‘rganadi);
mezamorfologik (tuproqni lupa va binokulyar yordamida o‘rganadi);
mikromorfologik (tuproqni mikroskoplar yordamida o‘rganadi) turlaridan foydalaniladi.
Morfologik usul tuproqni o‘rganishga va ularni tashki (morfologik) belgilariga ko‘ra bir-biridan ajratishga imkon yaratadi. Bunda tuproq profilining tuzilishi, tuproq va ayrim gorizontlarining qalinligi, tusi, granulometrik tarkibi, strukturasi, qovushmasi, yangi yaralmasi, qo‘shilmasi va x.k. lar o‘rganiladi.
Qiyosiy – geografik usul tuproqlarni va tuproq hosil bo‘lishga tegishli omillarni ularning tarixiy rivojlanishida va joylarda tarqalishini taqqoslashga asoslangan bo‘lib, tuproq genezisi va ular geografiyasi qonuniyatlari haqida asosli xulosalar chiqarishga imkon beradi. Qiyosiy – tarixiy usul aktualizm prinsipiga asoslanadi, xozirgi vaziyatni o‘rganish asosida tuproq va tuproq qoplamining o‘tmishini tadqiq qilish imkonini beradi.