Termiz davlat universiteti


-jadval Jahon iqtisodiyotiga yoʻnaltirilgan toʻg’ridan-toʻg’ri xorijiy investitsiyalarning rivojlanish dinamikasi17



Yüklə 0,87 Mb.
səhifə10/29
tarix03.06.2022
ölçüsü0,87 Mb.
#60499
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   29
Togridan togri disertatsiyam

1.3-jadval
Jahon iqtisodiyotiga yoʻnaltirilgan toʻg’ridan-toʻg’ri xorijiy investitsiyalarning rivojlanish dinamikasi17

2017 yilda toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hajmining 23% ga kamayishiga transchegaraviy birlashish va qoʻshib olishlar hajmining qiqarishi ta‘sir koʻrsatgan. Transchegaraviy birlashish va qoʻshib olishlar hajmi oxirgi ikki yil davomida 887 mlrd. AQSh dollaridan 694 mlrd. AQSh dollarigacha kamaygan holda, 2017 yilda 2016 yilga nisbatan 22% ga pasaygan. Mazkur tuzilgan bitimlar soni Evropada 34% ga, Yaponiyada esa 25% ga kamaygan.
Xalqaro birlashish va qoʻshib olishlar jarayoni bundan yuz yillar oldin AQShda paydo boʻlgan. Shu bilan birga xalqaro birlashish va qoʻshib olishlar bozori yuzaga keldi, ushbu bozorda oldi-sotdi obyekti sifatida aktsiyalarning yirik paketi yoki korxona qatnashadi. Hozirgi vaqtda xalqaro birlashish va qoʻshib olishlar raqobat kurashining samarali usullaridan biri hisoblanadi. Ushbu usul kompaniyalarning bozordagi ulushining ortishiga, kapitallashish darajasining oʻsishiga olib keladi.
Xalqaro birlashish va qoʻshib olishlarning guruhlanish mezonlarini quyidagi toʻrt guruhga ajratish mumkin: integratsiyalashuv tavsifi, moliyalashtirish shakli, bitimda uchinchi tomonning qatnashishi va qatnashchilarning bitimga munosabati. Nazarimizda, jahon moliyaviy iqtisodiy inqirozi sharoitida bitimlarni moliyalashtirish shakllari dolzarb sanaladi.
Jahon amaliyotida xalqaro birlashishlarni moliyalashtirishning keng tarqalgan usuli pul mablag‘lari va oddiy aktsiyalar (rivojlangan mamlakatlarda bitimlarning 80% gacha) hisoblanadi. Nisbatan kam tarqalgan usullarga qarz dastaklari, imtiyozli aktsiyalar, hosilaviy qimmatbaho qog‘ozlar yoki ularni aralash qoʻllash orqali moliyalashtirishlar kiradi. Masalan, Rossiyada oddiy aktsiyalar orqali moliyalashtirish juda kam uchraydi. Ushbu usul, odatda, yirik kompaniyalar tomonidan kichik kompaniyalarni qoʻshib olish jarayonini tugatishda qoʻllaniladi. Jumladan, 2007 yilda Rossiyada AQShdan farqli ravishda fond bozorlarining oʻziga xos rivojlanish xususiyatlari tufayli amalga oshirilgan bitimlarning 95% i pul mablag‘lari orqali moliyalashtirilgan.
Jahonda xalqaro birlashish va qoʻshib olishlarning tarmoq tarkibi tahlillari koʻrsatishicha, 2017 yilda ushbu turdagi jami bitimlarning 24% i sanoatda, 66% i xizmatlar sohasida sodir boʻlgan. Rivojlangan mamlakatlarda imzolangan asosiy bitimlar sanoatda (37,9%) amalga oshirilgan boʻlsa, rivojlanayotgan (58,9%) va oʻtish iqtisodiyoti mamlakatlarida (72,8%) esa imzolangan bitimlarning katta qismi xizmatlar sohasiga toʻg‘ri keladi. Jahon iqtisodiyotiga kiruvchi turli mamlakatlar guruhida birlashish va qoʻshib olishlarning tarmoq tarkibida qarama-qarshi tendentsiyalar kuzatilmokda. Jahonda va rivojlangan mamlakatlar guruhida imzolangan shartnomalar tarkibida qishloq xoʻjaligi tarmog‘ining hissasi keskin ortgani holda, rivojlanayotgan va oʻtish iqtisodiyoti mamlakatlarida, aksincha, ushbu tarmoq ulushi keskin pasayish tendentsiyasiga ega O‘zbekistonda amalga oshirilgan birlashish va qoʻshib olishlar boʻyicha bitimlar soni va hajmi ortib bormoqda. Jumladan, 2012-2017 yillarda ushbu bitimlar soni 18 tadan 51 taga, ularning qiymati 224,8 mln. dollardan 442,6 mln. dollarga qadar ortgan.
2017 yilda birlashish va qoʻshib olishlar boʻyicha bitimlar Turkiya (41,1%), O‘zbekiston (28,6%), Xitoy (24,2%), Birlashgan arab amirligi (7,0%), Kanada (2,9%) va boshqa mamlakatlar (5,3%) kompanmyalariga tegishlidir. Ushbu bitimlar tekstil (39,2%), bank (35,6%), paxta (8,8%), kabel (7,0%), neftgaz (2,9%), mashinasozlik (2,2%) va boshqa (3,3%) tarmoqlarda amalga oshirilgan.
Tahlillar koʻrsatishicha, 2017 yilda jahon konyunkturasining yaxshilanishi, xorijiy investorlar tomonidan yirik loyihalar va xususiylashtirish bitimlarining amalga oshirilishi birlashish va qoʻshib olishlar hajmi 300-350 mln. dollarga teng boʻlishi kutilmokda.
Toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalar jahon xoʻjaligi globallashuvining asosiy omilga aylandi. Toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalar faollashuvining sabablari va harakatlantiruvchi kuchlari quyidagilardan iborat18:

  • toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalar yordamida milliy bozorlarda monopolistik foyda olishning mumkinligi;

  • tashqi savdoga nisbatan qoʻshimcha foyda olish imkoniyati;

  • transmilliy korporatsiyalarning toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalarni eltuvchilari sifatida maydonga chiqishi;

  • toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalarga nisbatan rivojlanayotgan mamlakatlar ehtiyojining keskin oʻsishi;

  • retsipient-mamlakatlarda toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilishni rag‘batlantiruvchi mexanizmlarning shakllanishi.

XXI asr boshlarida toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining jadal sur‘atlar bilan oʻsishi va ularning xalqaro miqyosda boshqarilishi zaruriyati investitsiyalar bilan tashqi savdo miqdori oʻrtasida bog‘liqlik masalalarini tadqiq etishni taqozo etmoqda.
Toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi tashqi savdoning oʻsish sur‘atlari va rivojlanish istiqbollariga jiddiy ta‘sir oʻtkazadi. Ular oʻrtasidagi bog‘liqlik quyidagilarda namoyon boʻladi:

  • tashqi savdo iqtisodiy oʻsish omili sifatida tan olingan;

  • toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalar xorijiy bozorlarga tovar va xizmatlar etkazib berishning vositasi, xalqaro ishlab chiqarish tizimining asosi sifatida jahon savdosining yoʻnalishlari, hajmi va tarkibiga jiddiy ta‘sir koʻrsatadi;

  • jahonda aksariyat mamlakatlar toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalarning iqtisodiy rivojlanish jarayonidagi ijobiy oʻrnini qoʻllab-quvvatlashmoqda. Ushbu holat mazkur mamlakatlar tomonidan amalga oshirilayotgan xorijiy investitsiyalar borasidaga siyosatda oʻz aksini topmoqda. Shu bilan birga toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalar oqimiga jahon mamlakatlari tomonidan olib boriladigan tashqi savdo siyosati ijobiy ta‘sirinioʻtkazadi;

  • jahon iqtisodiyotida toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalar va tashqi savdodan iqtisodiy rivojlanishda uyg‘unlikda foydalanish lozim.

Toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalar milliy iqtisodiyot uchun muhim ahamiyatga ega boʻlib, ular ichki jamg‘armalar darajasidan koʻproq miqdorda kapital jamg‘arish, toʻlov balansini qoʻllab-quvvatlash va import qilish imkoniyatini kengaytirish orqali iqtisodiy taraqqiyotga ijobiy ta‘sir koʻrsatishi mumkin. Toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalaralohida korxonalarning faoliyati ishlab chiqarish va kapital samaradorligini oshirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va menejment tizimini takomillashtirishda muhim oʻrin tutadi. Ushbu jarayonlar mahsulot va xizmatlar etkazib beruvchilar, buyurtmachilar, raqobatchilarga bilvosita ta‘sir koʻrsatish orqali ichki bozorni rivojlantirish, ishchilarning malakasi va amaliy tajribasini oshirishda yordam beradi.
Tadqiqotlar koʻrsatishicha, milliy iqtisodiyotning toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va ulardan samarali foydalanish holati ichki bozor, hamda eksportning hajmi, tabiiy va mineral resurslar, malakali ishchi kuchi mavjudligi, bozor islohotlarini amalga oshirish sur‘atlari, iqtisodiy barqarorlik omillari bilan bog‘likdir.
O‘tish iqtisodiyoti mamlakatlarining toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning jozibadorligini belgilovchi omillarni besh guruhga boʻlish mumkin:

  • bozor omillari (ichki bozor va eksport imkoniyatlari).

  • boy tabiiy resurslarning mavjudligi.

  • ishlab chiqarish xarajatlari omillari.

  • investitsiya muhiti.

  • mamlakatning iqtisodiy rivojlanish strategiyasi.

Umuman, toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalarni investitsiyalash maqsadiga koʻra quyidagi besh guruhga guruhlash mumkin:

  1. Ichki bozorni egallashga yoʻnaltirilgan investitsiyalar. Ushbu investitsiyalar tashqi savdodagi mavjud toʻsiqlarni aylanib oʻtish maqsadida amalga oshiriladi. «Bozor izlash»dan manfaatdor kompaniyalar, odatda, toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalarni qabul qiluvchi mamlakatlarda yangi bozorlarga kirib borish, uning muayyan qismini ishlash va tanlash imkoniyatlarini kengaytirish nuqtai nazaridan amalga oshiradilar. Ushbu kompaniyalar uchun ichki bozorni va aholi jon boshiga toʻg‘ri keladigan daromad miqdori muhim ahamiyatga ega.

  2. Eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan integratsiyalar. Ushbu investitsiyalarni jalb etish uchun mamlakatlar malakali va arzon ishchi kuchiga ega boʻlishlari lozim. Bunda makriiqtisodiy va siyosiy barqarorlik, xorijiy investitsiyalarni hukuqiy tartibga solishning mukammal tizimi, soliq imtiyozlarining mavjudligi kabi omillar muxim ahamiyat kasb etadi.

  3. Resurs izlashga ixtisoslashgan investitsiyalar. Resurs izlashdan manfaatdor firmalarni, birinchi navbatda, mamlakatda ishlab chiqarish resurslarining mavjudligi qiziqtiradi.

  4. Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida yoʻnaltirilgan investitsiyalar. Xorijiy investitsiyalarning ushbu turi kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish orqali nisbiy afzalliklaridan samaraliroq foydalanish maqsadida amalga oshiriladi. Mazkur guruh investitsiyalari odatda korporativ strategiyaga asoslanadi.

  5. Texnologiyalarni yangilash maqsadida amalga oshirilgan investitsiyalar. Ushbu turdagi investitsiyalar yuqori texnologiyali ishlab chiqarish - elektronika, biotexnologiya, nanotexnologiya va sanoatning boshqa yangi tarmoqlarida jamlangan.

Amalda kompaniyalar bir vaqtning oʻzida bozor izlash, eksport bozoriga yoʻl topish, samaradorlikni oshirish va resurslar qidirib topish kabi omillardan kelib chiqqan holda investitsion qarorlar qabul qiladilar. O‘tish iqtisodiyoti mamlakatlariga toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalarni kiritishda yirik kompaniyalar aksariyat ichki va eksport bozori salohiyati mavjud resurslarga erishish imkoniyatiga alohida ahamiyat berishmoqda.

Yüklə 0,87 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   29




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin