145
O‘ZBEKISTONDA TURK ADABIYOTINI O‘RGANISH TARIXIDAN
Adhambek ALIMBEKOV,
TDShU professori
(O’zbekiston)
Kalit so‘zlar: Adabiy aloqa, jadid, tanzimot, millatparvar, maqbar,
tarjima, drama, janr, nafosat, roman.
Adabiyotni rivojlanishida adabiy aloqalar katta ahamiyatga egaligi
azaldan ma’lum. Turkiy xalqlar qadimdan bir-birining adabiyotiga e’tiborli
bo‘lganlar. Hazrat Alisher Navoiyning ijodi turkiy xalqlar she’riyatiga qanchalik
ta’sir qilganini, Fuzuliyni o‘zbeklar naqadar sevganini yaxshi bilamiz. Ayniqsa,
turk, ozarbayjon, tatar adabiyoti bilan o‘zbek adabiyotining aloqalari izchil edi.
So‘z O‘zbekistonda turk adabiyotining o‘rganilishi haqida ketar ekan, avvalo
jadid bobolarimizni yodga olamiz. Jadid adabiyotining namoyandalari turk
adabiyotidan yetarlicha boxabar edilar. Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy turk
adabiyotini yaxshi bilganlar va o‘z vaqtida targ‘ib qilganlar. Abdulla
Qodiriyning Yahyo Kamol va boshqa turk ijodkorlari xususidagi fikrlarini ,
Cho‘lponning Rizo Tovfiq va Tovfiq Fikrat haqidagi maqolalarini eslaylik.
Cho‘lpon yozadi: “Usmonli adabiyotini oz-moz o‘quganlar, uning bilan bir
daraja oshno bo‘lganlardan qaysi birisi bu ismni bilmaydi, qaysi birisi muni
tanimaydi.
Usmonlilarning “Adabiyoti jadida”(Yangi adabiyotchi)larining pir va
ustozi bo‘lgan Tavfiq Fikratbek butun yangi nasl turklarining yuraklarina go‘zal,
nafis va latif she’r buketlari qadamishdir. Uning keng xayoli ravon (tez) va
yengil ifodasi kimni, qaysi bir she’r va adabiyot muhibini tasxir etmas?
Xususan uning “Rubobi shikasta”(siniq dutor)si, undagi baland va latif yo‘llar
naqadar jozibali va zavqli narsalardir!
Tavfiq Fikrat “Rubobi shikasta”si ila qancha tanilgan bo‘lsa, uning ila
qancha nafosat suyuvchilarni o‘ziga maftun etgan bo‘lsa, “Tarixi qadim”i, u
dahshatli faryodi ila odamlarning qalbinda buyuk-buyuk o‘zgarishlar vujudga
keltirmishdir” (“Adabiyot nadir” Toshkent “Cho‘lpon” nashriyoti. 1994. 43-
bet).
Millatparvar ijodkorlarimizning turk adabiyotiga ko‘proq murojaat
qilishlarining sabablari bor edi. Turk adabiyoti tarixida, X!X asrning ikkinchi
yarmida tanzimotchilar Yevropa adabiyoti bilan boshqa turkiy xalqlarga
nisbatan oldinroq tanishib bu borada Sharq xalqlari, xususan turkiy xalqlarga
o‘rnak bo‘ldilar. Turk adabiyotida yangi janrlarning – masalan, roman, drama
janrlarining vujudga kelishi, ma’rifatparvarlik g‘oyalarining kuchayishi
tanzimot davrida, ya’ni G‘arb adabiyoti bilan kengroq tanishish asnosida yuzaga
keladi. Bu bosqichni o‘zbek adabiyoti ham ma’lum ma’noda bosib o‘tgan.
O‘zbek adabiyotida roman janrini paydo bo‘lishini xotirlaylik. Abdulla Qodiriy
146
Sharq va G‘arb romanchiligidagi yutuqlarni sintezlashtiraolgani (uyg‘unlashtira)
uchun ham “O‘tkan kunlar”dek noyob asar yozdi.
Oybek, G‘afur G‘ulom, M. Shayxzoda, Mirtemirlarning adabiy avlodi
ham turk adabiyotini yaxshi bilganlar. Bu haqda Oybek A. Naumov bilan
suhbatda shunday degandi: “Yangi turk poeziyasining asarlari meni ilk marta
lirik soddalik yo‘lida izlanishga o‘rgatdi. Men turk poeziyasi bilan texnikumning
studenti bo‘lgan yillarimda tanishdim. O‘sha paytda Bokuda Yahyo Kamol,Rizo
Tavfiq, Abdulhaq Homid va boshqa bir necha turk shoirlarining asarlari nashr
qilingandi. Bu asarlar mening ham qo‘limga tushub qoldi. Bular hozir ham
menda saqlanadi. Yaqinda ularni qaytadan varaqlarkanman, ilk marta
ta’sirlanganimni ko‘z oldimga keldirdim” ( A, Naumov bilan suhbat. Oybek.
Yigirma jildlik to‘la asarlar to‘plami). Ammo sho‘rolar davrida turk adabiyoti
haqida o‘zbek adiblarining bir nima yozishi va targ‘ib qilishining iloji
bo‘lmagan. Zamon tutimi shunday edi. G‘afur G‘ulomning turk adabiyotini
qanchalik yaxshi bilganiga bir misol. Maqsud Shayxzoda Moskvada
davolanayotib, G‘afur G‘ulom xotirasiga bag‘ishlangan “G‘afurga xat” she’rini
chop etilishi munosabati bilan o‘sha vaqtdagi “Sovet O‘zbekistoni” gazetasida
ishlayotgan shoir Jumaniyoz Jabborovga 1966 yil 2 sentabrida yozgan xatida
shuday jumlalar bor: “Homid” emas. Bu Abdulhaq Hamid (2.2.1852-12.4.1937)
nomli mashhur gumanist, turk shoiridir. Rahmatli G‘afur uni ko‘p yaxshi ko‘rar
va aksar she’rlarini yoddan bilar edi. Bu shoir... Nozim Hikmatni ustozi
bo‘lgan”. “G‘afurga xat” she’rida shunday misralar bor:
Sen Hamidning shu baytin derding serkadar:
“Evoh, na yer, na yor qoldi,
Ko‘nglim to‘la ohu zor qoldi!”
Bu keltirilgan ikki misra Abdulhaq Hamidning “Maqbar” nomli
marsiyasidan olingan bo‘lib, shoir uni Bayrutdan qaytayotganda vafot qilgan
umr yo‘ldoshining xotirasiga bag‘ishlab yozgan. G‘afur G‘ulom va
Shayxzodaning suhbatlarida turk adabiyotining bilimdoni G‘afur G‘ulom
Abdulhaq Hamid she’rlaridan o‘qib bergan bo‘lishi mumkin. E’tiborli jihati
G‘afur G‘ulom nega shu misralarni takrorlashni xush ko‘rganida. Ruhiga mos,
aytolmagan gaplarini aytishning yo‘lini qilgananidadir. Abdulhaq Hamid
tanzimot davri turk adabiyotining yorqin namoyandasi. Uning ayniqsa “Maqbar”
poemasi juda mashhur bo‘lgan. Bu avlod turk adabiyotini qanchalik yaxshi
bilmasin, tashviq qilishda imkonlari cheklangan edi. Qilgan tarjimalari ham
asliyatdan emas, rus tilidan bo‘lgan. Masalan, G‘afur G‘ulom turk tilini bilgani
holda Nozim Hikmatning “Bir sevgi afsonasi” dramasini rus tilidan tarjima
qilgan (O‘zdavnashr. Toshkent-1955).
Umuman olganda o‘ttizinchi yillardan to‘qsoninchi yillarning boshigacha
O‘zbekistonda turk adabiyotini o‘rganishda tanaffus bo‘ldi desak bo‘ladi.
Sabohiddin Ali, Umar Sayfiddin, Nozim Hikmat, Rashod Nuri Guntekin, Aziz
Nesin, Yashar Kamol, O‘rxon Kamol, Said Foiq, Faqir Boyqurt, Faxri Erdinch,
Samim Ko‘jago‘z, Fozil Husnu Dog‘larja, O‘qtoy Rifat va boshqa turk shoir,
adiblari ijodidan asarlari rus tiliga o‘girilganlari o‘zbek tiliga tarjima qilinardi.
147
Hatto turk ertaklari ham rus tilidan o‘girilgan. Ayrim asarlar turk tilidan tarjima
qilingan bo‘lsada avval rus tilida chop etilgan bo‘lishi shart edi. G‘aybulla
Salomov so‘zboshisi bilan nashr etilgan “Hozirgi zamon turk she’riyati”
to‘plamiga kirgan tarjimalarda Rauf Parfi, Miraziz A’zam, Tilak Jo‘ra kabi
ijodkorlarning mahoratini, asliyatdan o‘girmagan bo‘lsada, asar ruhiyatini topa
olganini alohida ta’kidlash kerak. Tilak Jo‘ra Nozim Hikmat she’riyati haqida
ilmiy izlanishlar olib borib, 1986 yili “Nozim Hikmat va o‘zbek sovet
she’riyati” mavzusida nomzodlik ishini yozib tugatgan. Shunga o‘xshash bir-
ikki hodisalarni aytmaganda sobiq sho‘rolar davrida turk adabiyotini o‘rganish
rus tili orqali edi.
1983 yili ToshDUning o‘zbek filologiyasi fakultetida “ Turkologiya”
kafedrasining ochilishi ilmiy hayotda voqea bo‘ldi. Sobiq Ittifoqdagi shu nomda
beshinchi kafedra bo‘lgan “Turkologiya” kafedrasida turk tili va adabiyoti keng
o‘qitila boshladi. Professor Iristoy Qo‘chqortoev, mashhur tarjimon Miyad
Hakimov va xorijdan kelgan boshqa o‘z sohasining bilimdonlari dars berdilar.
Sekin astalik bilan bevosita turk adabiyotidan tarjima qiladigan yoshlar yetishib
kela boshladi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach bu jarayon yanada
tezlashdi. Mustaqillik davrida tarjima qilingan asarlarni mazmun mohiyatidan
kelib chiqib to‘rt guruhga ajratish mumkin.
1.
Nasriy asarlar. Romanlar: Husayn Nihol Otsiz. “Ko‘kbo‘rilarning
o‘limi”, “Ko‘kbo‘rilarning tirilishi” (Tohir Qahhor tarjmasi. Adabiyot
jamg‘armasi nashriyoti. Toshkent. 2001. 2006). Husayn Rahmi Gurpinar. “Jinlar
orasida qolgan qiz”. (Poshshajon Kenjaeva tarjimasi. Toshkent. “Yangi asr
avlodi” 2002). Ahmad Lutfi Qozonchi. “O‘gay ona”. (Poshshajon Kejaeva
tarjimasi. Toshkent. “Yangi asr avlodi” 2002.) Suod Darvish. “Fosforli
Javriya”. (tarjimon Boboxon Muhammad Sharif. “Jahon adabiyoti” 2002
№7,№8). Xolid Ertug‘rul. “O‘zini qidirgan ayol”, (tarjimon Rohila
Ro‘zmonova. Toshkent 2006. “Istiqlol” nashriyoti”) ,“Qidirganini topgan ayol”
(tarjimon Rohila Ro‘zmonova. Toshkent 2006. “Voris” nashriyoti”) , Dundar
Alp. “Sharqning buyuk hukmdori”. (tarjimon Tohir Qahhor. “Jahon adabiyoti”
jurnali 2013. №4, №5) Tariq Bug‘ro. “Usmon G‘ozixon”. (tarjimon Fayzi
Shohismoil. “Jahon adabiyoti” jurnali. 2006 №5,№6). Xolid Ziyo Ushoqligil.
“Marhumning kundaligi” (tarjimon Sabohat Bozorova. “Chashma print”
nashriyoti. 2011). “Bir vijdon uyg‘onur” (tarjimon Rohila Ro‘zmonova.
Toshkent 2014. “Navro‘z” nashriyoti”) , Yavuz Bahodiro‘g‘li “Xorazm”.
(Boboxon Muhummad Sharif tarjimasi..”O‘zbekiston” NMIU 2010),
“Malazgirtda juma tongi”. (tarjimon B. Muhammad Sharif. “YeXTREMUM
PRESS” .Toshkent, 2011), R. N. Guntekin.” Muhabbat simfoniyasi”. (Tarjimon
Miraziz A’zam. G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU. Toshkent 2011). R.N
Guntekin.”Qon da’vosi”. (Boboxon Muhummad Sharif tarjimasi..”O‘zbekiston”
2011). R.N. Guntekin. “Otash kechasi” (B. Muhammad Sharif tarjimasi.
Toshkent.”Yangi asr avlodi” ,2013). “Xotin dushmani” (B. Muhammad Sharif
tarjimasi. Toshkent.”Yangi asr avlodi” ,2013). “Oqshom quyoshi”.(B.M.Sharif
tarjimasi.”O‘qituvchi” 2018). “Choliqushi” romani esa qayta-qayta nashr
148
etilmoqda. Ismoil Bo‘zqurt. “Manqal” (B. Muhammad Sharif tarjimasi.
Toshkent “Meriyus” 2012). Mehmed O‘nder. “Mavlono” (Shermurod Subhon
tarjimasi.Toshkent.”Sharq”nashriyoti. 2020) . Ahmad Shimshirgil “Amir
Temur” (Tohir Qahhor tarjimasi) “Jahon adabiyoti” jurnalining 2019 yilgi 5-6
sonlarida e’lon qilindi.
Hikoyalar to‘plamlari: “Beg‘amning o‘limi” (Toshkent. “Davr
Press”.2010. tarjimon Gulbahor Abdulloh qizi). “Kutilmagan mehmon”.
(Tarjimonlar: Vali Savash Yelo‘q, Poshshoxon Kenjaeva. Toshkent.
“Akademnashr” 2011). Bahor kasali. (turk hikoyalari, Toshkent. “Turon-
iqbol”nashriyoti. 2010), Umar Sayfiddin. “Badal” (B.Muhammad Sharif
tarjimasi. “Yagni asr avlodi” nashriyoti. 2012.), Binafsha.( Hikoyalar. Tarjimon
Poshshajon
Kenjaeva.
Toshkent.
“Mumtoz
so‘z”
2015).
“Turk
hikoyalari”(turkchadan Umida Adizova o‘girgan. “Muharrir” nashriyoti.
Toshkent,2018). Umar Sayfiddin. “Turk hikoyalari” (Ma’rufjon Yo‘ldoshev
tarjimasi. “Kamalak-PRESS”.Toshkent, 2019). “Oltin bulbul” (turk ertaklari,
“Ma’naviyat”. 2005).
2.
Dramatik asarlar nisbatan kam tarjima qilindi. R. Nuri
Guntekinning “ Halala” komediyasi (rus tilidan Ozod Obid tarjimasi. “Jahon
adabiyoti”. 2001. №7). O‘zbek akademik teatrida saynalashtirildi. “Go‘zallar va
mirshablar” pesasi Abror hidoyatov nomidagi teatrda saynalashtirilgan. Tunjer
Jujen O‘g‘lining “Brut yoxud Yuliy sezarning qotili” turk tilidan Oybek Veysal
o‘g‘li tarjimasida “Jahon adabiyoti” jurnalining 2019 5-sonida chop etildi.
“Ko‘chki” dramasida nashr qilingan. Vaholanki bu janrda ham turk adabiyotida
tarjima qilishga arzigulik asarlar ko‘p. Aziz Nesin o‘ndan ortiq dramatik asarlar
yozgan. O‘zbek kitobxonlari Aziz Nesinni asosan hajviy hikoyanavis sifatida
biladilar, xolos.
3.
She’riy to‘plamlar: Jalololiddin Rumiy. “Uchmoqqa qanot yo‘q
vale uchgayman” (Tohir Qahhor tarjimasi. G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU.
Toshkent 1994), “Zamonaviy turk she’riyati” (to‘plam, tarjimon Abdulatif
Abdullaev.Toshkent. “Istiqlol”. 2006), Ahmad Posho. “Devon”. (Nashrga
tayyorlovchi Rohila Usmonova.Toshkent. “Akademnashr” 2011), Yunus Emro.
“Nechun yig‘larsen ey bulbul” (tarjimon Jamol Kamol. “O‘zbekiston” NMIU,
2018). Mehmed Emin Yurdakul. “Ey turk, uyg‘on”. (tarjimon Tohir Qahhor
Toshkent. 2010). Shuningdek matbuot sahifalarida (asosan “Jahon adaabiyoti”
jurnalida) Oshiq Veysal, Fozil Husnu Dog‘larja, Abdulhaq Hamid,Tavfiq Fikrat,
Rizo Tavfiq, N.F.Qisakurak,O‘qtoy Rifat va boshqa turk shoirlari asarlaridan
tarjimalar berildi.
4.
Ilmiy asarlar.
Sobiq sho‘rolar davrida o‘zbek tilida turk mumtoz adabiyoti haqida
ma’lumot beruvchi birgina kitob – V. S. Garbuzovaning “Turk adabiyoti
klassiklari” (1960. Sh. Yusupov tarjimasi) nashr qilingan edi. Mustaqillikka
erishgan bu sohada ham ancha ilmiy-ma’rifiy asarlar tarjima qilindi. Usmon
Turarning “Turkiy xalqlar mafkurasi”. (tarjimon Ulug‘bek Abduvahob.
Cho‘lpon nashriyoti.1995). “Tasavvuf tarixi” (tarjimon Nodirxon Hasan.
149
Toshkent. Istiqlol. 1999). “O‘zbek - turk maqollari va iboralari” (Ibrohim
Yo‘ldoshev, Tunjay O‘zturk, Yuksel O‘zturk. Toshkent- 1998). Umar Foiq
Saydo al- Jazariy. “Tasavvuf sirlari” (tarjimonlar: Bahriddin Umrzoq, Abdulloh
Murod Tilav.Toshkent “Movarounnahr” 2000). Mahmud As’ad Jo‘shon. “Yunus
Emro va tasavvuf”(tarjimon Sayfiddin Sayfulloh.Toshkent. “Fan”. 2001). Jahon
O‘quyuji. “ Ichimizdagi Mavlono”. (Toshkent.“Chashma print” 2011). Yusuf
Chetindog‘. “Alisher Navoiy” (Toshkent. “Muharrir”. 2013.) Abror G‘ulomov.
“Istanbul daftari”. Toshkent. “O‘zbekiston”. 2019). Jaloliddin Rumiyning
“Ichidagi ichingdadur” (tarjimon Ulug‘bek Hamdam. Toshkent. “Yangi asr
avlodi” 5chi nashri 2019), yana Rumiyning “Yetti majlis” (tarjimon Ra’no
Hakimjonova.Toshkent. “Mumtoz so‘z”. 2014), Sulton Valad Jaloliddin Rumiy
o‘g‘lining “Ma’rifatnoma” (tarjimon Abdumurod Tilavov.Toshkent. “Muharrir”
2011) kitoblari Turkiyadagi ilmiy ma’rifiy qarashlar haqida ma’lumot beradi.
O‘zbek olimlari tomonidan ham o‘zbek –turk adabiy aloqalariga oid
birmuncha ilmiy ishlar yozildi. Adhambek Alimbekovning “Ishq asiri bo‘lgan
jon”.( Toshkent. Mehnat. 1996). Jumali Shabanovning “Oshiq Veysal va turk
folklori”
(ToshDShI.2009),
Poshshojon
Kenjaevaning
“XXasr
turk
hikoyachiligining taraqqiyot tamoyillari” ( Cho‘lpon. NNMIU. Toshkent-2017)
monografiyasi, shuningdek ToshDShU “Turkiyot” kafedrasi olimlari Jumali
Jabanov, Lola Aminova, Shoxina Ibrohimovalar tomonidan turk adabiyotiga oid
bir nechta maqolalar e’lon qilindi. “Tarjimashunoslik” kafedrasi dotsenti
Xayrullo Hamidovning “O‘zbek turk tarjimachiligining dolzarb muammolari
(1991-2017) turkumidan e’lon qilgan “Abdulla Qodiriy asarlari turk tilida”, “
Odil yoqubov asarlari turk tilida”, “O‘tkir Hoshimov asarlari turk tilida”
risolalari ham shu sohadagi ko‘rinarli ilmiy ishlardandir.
“Jahon adabiyoti” jurnalida chop etilgan turk olimlarining ilmiy asarlari
ham turk adabiyoti bilan tanishtirishda muhim pog‘ona bo‘ldi. A.S. Bayetning
“Ertaklarning ertagi”, (2006. №9), Ismoil Porlatirning “Yangi turk she’riyati”
(1998 № 3), Bayram Yilmasning “Gyote va Sharq” (1998 №8) ilmiy maqolalari
shular jumlasidan.“Sharq mash’ali”, “Sharqshunoslik” jurnallarida ham turk
adabiyoti oid maqolalr berib borildi.
Turk tilidan asarlar tarjima qilgan faol tarjimonlarimiz -Miraziz A’zam,
Boboxon Sharif, Usmon Qo‘chqor, Shodmon Otabek, Tohir Qahhor, Xosiyat
Rustamova, Jumali Shabanov, Rustam Jabborov, Ma’rufjon Yo‘ldoshev,
Shermurod Subhon, Sabohat Bozorova, Poshshojon Kenjaeva, Abdumurod
Tilavovlarning tarjimalarini alohida ta’kidlash darkor. Gunbay Yulduzning
“Gullar suvsaganda”, O‘rxon Pamukning 2006 yil Nobel mukofotiga sazovor
bo‘lgan “Istanbul:shahar va xotiralar”, Elif Shafaqning “Ishqqa oid 40 qoida“
(tarjimon Shahnoza Qahhorova. Toshkent. “Mashhur –press”. 2019) romanlari,
Umar Sayfiddin, Aziz Nesin, Samim Ko‘jago‘zning tarjima qilinmagan
hikoyalari, Najib Fozil Qisakurak, Nozim Hikmat, Mehmed Akif Erso‘y,
Mehmed Emin Yurdakul, Fozil Husnu Dog‘larja (bu ro‘yxatni uzoq davom
etdirish mumkin) asarlari fidoyi tarjimonlar mehnati tufayli o‘zbek kitbxonining
ma’naviy mulkiga aylandi. Ayniqsa, taniqli shoir va tarjimon Jamol Kamol
150
tarjimasida Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy ma’naviy”sining to‘liq tarjima
qilinib chop etilgani ma’naviy hayotimizda e’tiborga loyiq hodisa bo‘ldi.
Jaloliddin Rumiy turk adabiyotining salaflaridan. Nizomiy Ganjaviy fors tilida
ijod qilgan bo‘lsada ozarbayjon adabiyotining vakili ekanligini e’tiborga olsak,
Rumiyning ham adabiy merosi fors tilida bitilsada turk ma’naviyatining ta’mal
toshini qo‘ygan ijodkordir.
Ayni payda o‘zbek adabiyotining namunalari ham turk tiliga tarjima
qilindi, ammo bu alohida mavzu.
Turk tilidan qilingan tarjimalrning saviyasi turlicha bo‘lishi tabiiy.
Chunki tarjimonlar safida Boboxon Sharif, Fayzi Shohismoil, Usmon Qo‘chqor,
Tohir Qahhor singari tajribali ijodkorlar bo‘lish bilan yosh tarjimonlar ham bor
edi. Muhimi bir til oilasidan bo‘lgan turk tilidan o‘zbek tiliga rus tili orqali
emas, asliyatdan tarjimaning yo‘lga qo‘yilganidir.
Mustaqillik sharofati ila O‘zbekistonda turk adabiyotiga oid ilmiy-
tadqiqot ishlari ham qilana boshladi. Mumtoz va zamonaviy turk adabiyoti
vakillari ijodi haqida maqolalar chop etildi. Bu ishning boshlanishida ustozlar –
professorlar Begali Qosimov, Naim Karimov, taniqli olim Sherali Turdievlar
faollik ko‘rsatgandilar. Keyinchalik ularning izdoshlari bu ishni davom
etdirdi.Tohir Qahhorning Jaloliddin Rumiy, M.E. Yurdakul ijodi haqidagi,
Adhambek Alimbekovning Umar Sayfiddin, R.Nuri Guntekin, Holid Ziyo
Ushoqligil, O‘rxon Pamuk, Gunbay Yulduz ijodi haqidagi maqolalari, Lola
Aminovaning “ Turk yozuvchisi Yashar Kamol asarlarida badiiy mahorat
masalalari” (2003), Sh. Ibrohimova “Odil Yoqubov romanlaridagi milliylikning
turkcha tarjimada aks etishi” (2010), Tohir Qahhor “20-30 yillar o‘zbek
adabiyotining Turkiyada o‘rganilishi” (2004), Ro‘zmonova Rohila “ Alisher
Navoiy an’analarining usmonli turk she’riyatiga ta’siri” (2011) mavzusida
nomzodlik, Poshshajon Kenjaeva “ XX asr turk hikoyachiligining taraqqiyot
tamoyillari" (2017) mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildilar. A.
Alimbekovning “Turk adabiyoti tarixi “ o‘quv qo‘llanmasi, A. Alimbekov, va L.
Aminovalarning “Turk adabiyoti” , P. Kenjaevaning “XX asr turk
hikoyachiligining taraqqiyot tamoyillari” monografiyalari chop etildi. O‘zbek
olimlari tomonidan bu mavzuda ilmiy tadqiqotlar izchil davom etdirilmoqda.
Toshkent davlar sharqshunoslik universiteti, Alisher Navoiy nomidagi
Toshkent davlat Til va adabiyot universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar
akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlarining o‘zbek –
turk adabiy aloqalariga oid ilmiy izlanishlari buning yaqqol dalilidir.
Albatta, bir maqolada bu mavzuni to‘liq qamrab oldik deyolmaymiz.
Bizning ko‘zimiz tushmagan tarjimalar, ilmiy ishlar (ayniqsa viloyatlardagi)
bo‘lishi mumkin. Yozishdan maqsad o‘zbek –turk adabiy aloqalari haqida
qiziquvchilarga ozmi–ko‘pmi ma’lumot berib, adabiy aloqalarimizni yanada
jadallashtirishga rag‘bat uyg‘otishdir.
Dostları ilə paylaş: |