450
xilma-xil: u g’azal, muxammas, musaddas, tarkibband, tarje’band, ruboiy,
murabba’, ta’rix, fard, muhtamallardan tashkil topgan. 34 yoshida mumtoz
lirikaning o’n xil janriga qo’l urgani G’aribiyning
bu vaqtga kelib yaxshigina
she’riy malakaga ega bo’lganini ko’rsatadi.
G’aribiy devonining mavzu doirasi keng qamrovlidir: u o’zida inson
hayotini falsafiy, ijtimoiy, axloqiy, ma’rifiy, sufiyona nuqtai nazarlardan talqin
etuvchi she’rlarni jamlagan. Devon shoir ruhiy-falsafiy olamining muhim
qirralarini tashkil etuvchi bu qarashlarni uyg’un va
badiiy tarzda ifodalovchi
majmuadirdir. Biz quyida undan o’rin olingan lirik she’rlar tahlili misolida shoir
badiiy san’atkorligining muhim qirralaridan bo’lgan qofiya qo’llash mahorati
xususida fikr yuritamiz.
G’aribiy ijodkor sifatidagi o’zligini ko’rsatishda she’rdagi qofiya
imkoniyatlaridan oqila foydalana bilgan shoir. Qofiyaning har baytda qat’iy o’rin
va shaklda kelishi uning o’quvchi diqqatining markazida bo’lishini ta’minlaydi.
SHu jihatlar qofiya tanlashdagi o’ziga xoslikni bo’rttirib ko’rsatadi. G’aribiyning
tubandagi misralarini o’qiganimizda undagi qofiyalarga alohida e’tibor qaratamiz:
Nechun rashk otashiga kuymasun ko’nglum maning, ey mah,
Ki lutfing man sari yak-yak, raqiblar soriga du-du.
Visoling bog’ida bulbul kabi qilsam sahar «chah-chah»,
Kuyub hajring o’tida, gohida qumri aylaram «ku-ku».
Jahondin dil uzub, vayronalarda umr o’tkarsam,
Bo’lib zikringga qoyim, bumdek har dam qilib «hu-hu».
G’aribiy, dashti furqat ichra bo’lding mubtalo emdi
Etolmassan yugurgon birla tiflondek qilib «zu-zu».
[1, 71 b]
Keltirilgan she’riy parchaning avvalgi baytidagi «du-du» so’zi
boshqa
baytlardagi qofiyalar bilan shaklan mushtarak bo’lishi uchun takroriy ko’rinishda
qo’llangan. Bu – shakl taqozosi. Shu bilan birga «du-du» so’zi orqali
ma’shuqaning raqiblarga oshiqqa nisbatan ikki hissa ko’p lutf ko’rgizishiing bir
emas, bir necha bor qaytariluvchi hol ekanligi bildirilmoqda. Demak, «du-du»
so’zi nafaqat shakl, balki mazmun talabiga ko’ra ham takroriy ravishda ishlatilgan.
Keyingi baytlarda oshiqning hijron nolalari turli qushlarning xonishiga monandligi
aytiladi. Shunda bulbulning «chah-chah»i, qumrining «ku-ku»si qatorida bumning
«hu-hu»si ham tilga olinadi. «Hu-hu» taqlidiy so’zi «bum», ya’ni boyqush
chiqaradigan tovushni bildiradi. Bu uning yagona ma’nosi emas. «Hu-hu»
qalandarlar zikr – Haqni yodlash paytida takrorlaydigan so’zni ham anglatadi.
SHoir qofiya vazifasida kelgan bu so’zni bir marta qo’llash bilan uning ikki
ma’nosini nazarda tutgan. G’aribiyning ma’shuqasi yodida dunyodan
qalandarlarcha dil uzib, zikr aytuvchi oshiq ahvolini ifodalash uchun «bum»
timsolini taqqos vositasi qilib tanlangani juda o’rinli chiqqan. Qalandarning zikri
451
va boyqushning tovushi o’xshash bo’lishidan
tashqari, birining jahondan voz
kechib xilvatnishin bo’lganida, ikkinchisining gulistonda emas, vayronalarda umr
o’tkazishida mantiqiy muvofiqlik bor.
G’azal so’ngida G’aribiy o’zining ayriliq dashtida nochor qolganini, undan
chiqish imkonining yo’qligini yugurgani bilan marraga eta olmagan bolaga
qiyoslaydi. Baytda qofiya o’rnida kelgan «zu-zu» so’zi yosh bolalarning tez
yugurishi bilan bog’liq o’yini nomidir.
G’aribiyning bir talay she’rlaridagi qofiyadosh so’zlarda shoir she’riyatining
til xususiyatlari ham aks etgan. Quyidagi misolni nazardan o’tkazaylik:
Ey muhibi ahli dardlar, dil sirin izhorlay,
Borini yo’qlab, yo’g’imni emdi kam-kam borlay.
Vasli gar bo’lmas muyassar, zindalikdan xush mavt,
Hajrida tokay vujudimni tunu kun norlay.
Ahd qilmishdur magar ko’yimda sargardon etib,
Ranj xoristoni ichra oqibat ko’p xorlay.
O’ldurub, tirguzsa ham mayli, demasman o’zgani
Kim, bu yorimdin kechib, dahr ichra kimni yorlay?!
[1, 89 b]
Bu misol 7 baytli g’azaldan olingan bo’lib, undagi hamma qofiyalar -la
qo’shimchasi bilan yasalgan. Bu fe’l yasovchi qo’shimcha bildiradigan turli
grammatik ma’nolardan biri shuki, u o’zi qo’shilgan ot yoki otlashgan so’z
anglatuvchi predmet vositasida amalga oshgan harakatni ifodalaydi. YUqoridagi
parchadagi «izhorla», «borlay», «norlay», «xorlay», «yorlay» qofiyalari ana shu
grammatik munosabatdan hosil bo’lgan, ular orasida faqat xorlamoq so’zigina
mustaqil leksema sifatida o’zbek tili lug’atida mavjud. «Izhorlay», «borlay»,
«norlay», «yorlay» so’zlari esa G’aribiy tomonidan shakllantirilgan kontekstual,
ya’ni ma’nosi matn ichida muayyanlashuvchi fe’llardir.
Boshqa baytlardagi
«axborlay», «diydorlay», «absorlay» qofiyalari ham xuddi ular kabi shoir
she’riyatining o’ziga xos leksik xususiyatlarga ega bo’lishiga xizmat qilgan.
She’rdagi «xorlay» qofiyasida ikki xil ma’no mujassam bo’lgan. Bu so’z
ma’shuqaning oshiqqa nisbatan niyatini ifodalovchi «Ranj xoristoni ichra oqibat
ko’p xorlay» misrasida kelgan. U oshiqni mashaqqat tikanzori ichida xor etmoq
ma’nosini ham, mashaqqat tikanzori ichida tikanlamoq, ya’ni tikan bilan ozor
etkazmoq ma’nosini ham anglatadi. Ikkinchi ma’nodagi «xorlay»
misradagi
«xoriston» so’zi bilan o’zakdosh bo’lib, ishtiqoq asosida hosil qilingan.
Quyidagi g’azalning qofiya tizimi ham o’ziga xosligi bilan diqqatni tortadi:
Bordur bu qulda ham bir dilbari ayyorcha,
Qad chu sarve, qosh – qalam, gulrux, ko’zi xummorcha.
O’rtamiz bevosita, so’rsang qariblig’ haddini,
Bemubolig’ gar desam, Sarhinddin Totorcha.
452
So’rsalar mandin, nigoro, qurblig’in, buldur javob:
«Ko’zning oqidin yaqindur manga ul dildorcha».
Yotsamu qo’psam, yiqilsam, tursamu yursam, manga
Fikri dilda, zikri tilda maxfiyu izhorcha.
Do’stlar xaylida ko’rgaymu va yo xayli aduv:
Bilmadim, yo yorcha, qadrimni yo ag’yorcha.
Deb yubordim yorima bodi sabodin sad salom,
Har saloma sad itob etmish shakarguftorcha.
Zulfining har toridin yuz turli bo’y eltti mashom,
Har bo’ya sad nash’adur, har nash’a sad gulzorcha.
Hech g’am hijron g’amidek bo’lmagay olam aro,
Hech shodiy yo’q jahonda va’dai diydorcha.
Jon qushini toza zulfi birla band aylab yana
Sayd qilmish murg’i aqlim joduyi makkorcha.
Qona tabdil obi diyda gul yuzining yodida,
Hamchu lola dog’i dil bir xolidin asrorcha.
Vasfi yorimni, G’aribiy, to qiyomat kam, desam,
Yo’q saboti umr lekin soyai devorcha.
[1, 102 a]
G’azalning qofiyalar tizimini -cha qo’shimchasi bilan yasalgan so’zlar hosil
qilgan. Bu qo’shimcha qofiya vazifasida keluvchi «xummorcha», «dildorcha»,
«shakarguftorcha» so’zlarida suyish-erkalash ma’nosini, «Sarhinddin Totorcha»
birikmasida ayirish-chegaralash ma’nosini, «maxfiyu izhorcha», «makkorcha»
so’zlarida ish-harakatning amalga oshirish tarzini, «gulzorcha», «ag’yorcha»,
«devorcha» so’zlarida esa o’lchash-qiyoslash ma’nolarini bildirib kelgan. SHoir -
cha qo’shimchalari o’rtasidagi nahviy (sintaktik)
shakldoshlik munosabatini
e’tiborga olib, she’rda qofiyaning ifoda imkoniyatini kengaytirishga muvaffaq
bo’lgan. Bundan tashqari
Yotsamu qo’psam, yiqilsam, tursamu yursam, manga
Fikri dilda, zikri tilda maxfiyu izhorcha
baytida ichki qofiyalarning qo’llangani uning musiqiyligini orttirgan.
Chunonchi, birinchi misrada bunga «tursam» va «yursam» so’zlarini yonma-yon
keltirib erishilgan bo’lsa, keyingisida «fikri dilda», «zikri tilda» deb ichki qo’sh
qofiya yasalgan.
Bir so’z bilan aytganda, G’aribiy she’riyatining qofiya tarkibi tahlili uning
so’z qo’llash mahoratidan, g’oya ta’sirini shakl nafosati bilan mustahkamlay bilish
iste’dodini namoyon etganligidan dalolat qiladi.
Dostları ilə paylaş: