Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi. Mazkur tadqiqot natijalari 9 ta xalqaro va respublika ilmiy-amaliy anjumanlarda muhokamadan o’tkazilgan.
Tadqiqot natijalarining e’lon qilinishi. Dissertatsiya mavzusi bo’yicha jami 16 ta ilmiy ish chop etilgan, jumladan, O’zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan ilmiy jurnallarda 5 ta va xorijiy jurnallarda 1 ta maqola chop etilgan.
Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmi. Dissertatsiya tarkibi kirish, uchta bob, to’qqizta paragraf, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati va ilovalardan tashkil topgan bo’lib, uning hajmi 156 betdan iborat.
DISSERTATSIYANING ASOSIY MAZMUNI
Dissertatsiya ishining kirish qismida o’tkazilgan tadqiqotlarning dolzarbligi va zarurati asoslangan, tadqiqotning maqsadi va vazifalari, obyekti va predmeti tavsiflangan, respublikada fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlariga mosligi ko’rsatilgan hamda tadqiqotlarning ilmiy yangiligi va amaliy natijalari bayon qilingan, olingan natijalarning ilmiy va amaliy ahamiyati ochib berilgan, tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish, nashr qilingan ishlar va tuzilishi bo’yicha ma’lumotlari keltirilgan.
Dissertatsiyaning «Qurilish materiallari bozori va uning nazariy-metodologik asoslari» deb nomlangan birinchi bobida qurilish materiallari bozori mohiyati va uning xususiyatlari, qurilish materiallari B2B bozori xususiyatlari, O’zbekiston qurilish materiallari bozorini Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bozorlariga integratsiyalashish yo’nalishlari yoritilgan.
Dissertatsiyada ta’kidlanishicha, bozor (ingl. Market)- insoniyatning tarixiy kashfiyoti bo’lib, u o’z taraqqiyotida iqtisodiy ahamiyati bilan birga, odamlarning ma’naviy yuksalishiga ham ta’sir ko’rsatib kelmoqda. Inson bozordagi savdo-sotiq orqali tovarlarni xarid qilish bilan mamlakat va jahon iqtisodiyotidagi o’zgarishlar va yangiliklardan bahramand bo’ladi, o’z mahorati va bilimini yanada oshirishga ilhomlanadi. Bu esa o’z navbatida ilmiy-texnika progressini rag’batlantiradi va takroran ishlab chiqarishni jadallashtirib uning ixtisoslashishiga zamin yaratadi10.
Bozorni tashkil etishning ilmiy-uslubiy asoslari, ulardagi iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlarni tadqiq etish va boshqarish bilan bog’liq munosabatlar «Marketing»-«Bozorshunoslik” fani obyekti va predmetini ifodalaydi. Mazkur fan asoschisi AQSh professori Filip Kotler bo’lib, hozir u tomonidan Marketingni XXI asr konsepsiyalari: «Marketing 4 - raqamli marketing» va «Marketing 5 – sun’iy intellektlar marketing» asoslandi.
Dissertatsiya ishida bozorlarni mahsulot turiga ko’ra turlarga ajratilgan va eng yiriklaridan biri bu qurilish materiallari bozori ekanligi asoslangan. Qurilish materiallari bozori murakkab, ko’p bo’g’inli tizim bo’lib, uning asosiy elementlarini qurilish materiallari va mahsulotlarining o’ziga xos turlari bilan ifodalanadi. Har bir material tashqi ko’rinishi, tarkibi va sifat ko’rsatkichlari bilan farqlanadi. Amaldagi xom ashyoning turi va tarkibiga, uni qayta ishlash texnologiyasiga qarab, qurilishda funksional maqsadi bilan farq qiluvchi ko’plab qurilish materiallari va buyumlari yaratiladi. Katta xilma-xillikka qaramay, qurilish materiallari ham umumiy xususiyatlarga ega.
Tadqiqotlar ko’rsatishicha bino va inshootlarni qurish xarajatlari tarkibida qurilish materiallari tannarxning 50-60 % va undan ortiqni tashkil qiladi. Qurilish materiallari tannarxini pasaytirish bilan bir vaqtda ularning sifatini oshirish bugungi kunda hududlardagi qurilish tashkilotlarining ehtiyojlarini qondirish, uy-joy tannarxini pasaytirish va uy-joy muammosini hal etishning asosiy yo’nalishlaridan biridir.
Dissertatsiya ishida qurilish materiallari bozorining o’ziga xos xususiyatlarini belgilovchi quyidagi holatlar aniqlangan:
ma’lum turdagi va sifatdagi nisbatan bir xil tovarlar;
tovarning uzoq muddat xizmat qilishi;
tovar sifatiga va sertifikatlashtirishga qo’yiladigan o’ziga xos talablar;
bozor subyektlarining nisbatan kichik soni (iste’mol bozoriga nisbatan);
yuqori transport xarajatlari;
maxsus infratuzilma - sotuvchilar, tartibga soluvchilar va nazorat qiluvchi organlar.
Qurilish materiallari bozoridagi taklif - bu hududiy qurilish materiallari sanoati korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan qurilish materiallari va chetdan olib kelingan qurilish materiallarining ma’lum vaqt davomida muomalada bo’lgan umumiy hajmidir. Qurilish materiallari bozoridagi talab esa bu qurilish tashkilotlari va boshqa iste’molchilarning ham hududiy, ham mamlakatning boshqa subyektlaridan qurilish materiallariga bo’lgan umumiy ehtiyojning mablag’ bilan ta’minlangan qismidir.
Qurilish materiallari bozorining rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillar mavjud bo’lib, ularning barchasi mazkur bozorning rivojlanishida muhim ahamiyatga ega ekanligi dissertatsiyada qayd etilgan.
Dissertatsiya birinchi bobining ikkinchi qismida «B2B Marketingi» xususiyatlari yoritilgan. Marketing fanining asoschisi, AQSh professori F.Kotler, «B2B Marketing» ni ikki tomon (biznes vakillari) o’rtasidagi marketing munosabatlari sifatida ta’riflagan11. «B2B marketing» atamasini, tovar va xizmatlarni taqdim etish va bozor subyektlari o’rtasida foyda olish bilan bog’liq bo’lgan harakatlar va jarayonlar majmuini shakllantirish jarayoni yoki boshqacha ma’noda, «biznes uchun biznes» deb ham tushuniladi. Hozir mazkur atama rus tilida ham faol qo’llanilmoqda. Rus olimlari tomonidan «B2B marketing» atamasi, «Ikki biznes tashkiloti o’rtasida vujudga keladigan, biri tovar yoki xizmat sotuvchi vazifasini bajaruvchi, ikkinchisi-ularni sotib oluvchi tijorat munosabatlari tushuniladi» deb ta’riflamoqdalar. Shunday qilib, bizning fikrimizcha, «B2B bozori» deganda, tovarlar va xizmatlarni sotuvchi va iste’molchining yuzma-yuz uchrashuvi natijasida, ulgurjisiga oldi-sotdi jarayonini tashkil etishni tushunish lozim.
«B2B Marketing» - mahsulotni taqdim etish va bozor subyektlari o’rtasida foyda olish uchun bozor tadqiqotlari o’tkazish, marketing strategiyasini ishlab chiqish, reklama va ma’lumotlarni tahlil qilishni o’z ichiga olgan harakatlar va jarayonlar majmui hisoblanadi12.
B2B va B2C bozorlari va marketingi o’rtasidagi farqlar mavjud bo’lib, B2B – biznes bozori va marketingi bo’lib, B2C esa iste’mol bozori va marketingi deyiladi.
Qurilish materiallari B2B bozori xususiyatlari - bu tovarlarning yuqori sifati va belgilangan standartlar asosida ishlab chiqarilishi bilan ajralib turadi. Qurilish materiallari B2B bozorining rivojlanishi so’nggi yillarda qurilish ishlari hajmining oshishi va mamlakatda qurilish materiallari sanoatining rivojlanishi bilan bevosita bog’liq. Shu bilan bir qatorda yildan-yilga energiya tejamkor, import o’rnini bosuvchi, innovatsion va yangi turdagi qurilish materiallariga bo’lgan talab ham ortib bormoqda. Xususan, qurilish materiallariga bo’lgan talab nafaqat mahalliy balki jahon bozorlarida ham kun sayin o’sib bormoqda.
Qurilish materiallari B2B bozorida xaridlarni amalga oshirishda quyidagi xususiyatlar muhim hisobladi:
mahsulotning yuqori sifatliligi;
yaroqlilik muddati;
tovarlar reglamenti bo’yicha belgilangan standartlarga javob berishi;
xom-ashyolar maxsus test(loboratoriyalardan o’tkazilganligi);
qurilish materiallarining ta’minot zaxirasi mavjudligi;
transport xarajatlari.
B2B bozorida sotib olingan qurilish materiallari hajmi, murakkabligi va ahamiyati xaridorning ko’proq texnik bilim va tajribaga ega bo’lishini talab etadi. Qurilish materiallari sotuvida narx ko’pincha mahsulotning sotuv hajmi, o’zaro munosabatlar tarixi va to’lov shartlari hamda sotuvdan keyingi xizmat ko’rsatish kabi omillarga bog’liq bo’ladi.
B2B bozorida qurilish materiallari sotib olish jarayonida korxona va firmalar ishlab chiqaruvchining brendi va ishlab chiqarish salohiyati hamda mazkur bozorda egallagan ulushiga qarab sotuvni amalga oshiradi.
Dissertatsiya birinchi bobining uchinchi qismida O’zbekiston qurilish materiallari bozorini Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bozorlariga integratsiyalashish yo’nalishlari yoritilgan. Mamlakatimiz qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bozorlarida mustahkam o’rin egallashida quyidagilarni amalga oshirilishi muhim deb hisoblaymiz:
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlarining qurilish materiallari importi
tarkibini tahlil qilish va mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarishda mavjud standartlarni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi talablariga moslashtirish;
Ishlab chiqarishda yangi texnika-texnologiyalarni joriy etish va zamonaviy
qurilish materiallari ishlab chiqarishni yanada takomillashtirish;
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari bilan innovatsion qurilish materiallari
ishlab chiqarish bo’yicha o’zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish , amaliy tajriba almashish va ilg’or texnologiyalarning o’zaro transferini amalga oshirish.
Dissertatsiyaning «Qurilish materiallari bozorini marketing tadqiqotlari asosida baholash» deb nomlangan ikkinchi bobida qurilish materiallarini bozorida taklif va uni shakllanishida marketing tadqiqotlari, qurilish materiallari sifati va raqobatbardoshligi o’rganilgan. Qurilish sanoatini rivojlanishi, aholini turmush darajasini ta’minlovchi muhim jarayon bo’lib, mamlakatdagi iqtisodiy-ijtimoiy siyosat natijasini ham ifodalaydi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 23 maydagi PQ-4335 sonli «Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi qarorida qayd etilganidek13, O’zbekistonda, keyingi yillarda raqobatbardosh qurilish mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilish bo’yicha barqaror o’sish suratlarini ta’minlash, shuningdek, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga qaratilgan qurilish materiallari sanoatidagi tarkibiy o’zgarishlarni yanada chuqurlashtirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur qaror bilan 2019 — 2025 yillarda mahalliy xom ashyo geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, qazib olish va qayta ishlash asosida qurilish industriyasining xom ashyo bazasini kengaytirish prognoz ko’rsatkichlari hamda 2019 — 2025 yillarda diversifikatsiya qilish va mahsulot turlarini kengaytirish hisobiga qurilish materiallari ishlab chiqarishning maqsadli ko’rsatkichlari tasdiqlangan. Shu bilan birga, mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarning eksport qilinayotgan mahsulotini sertifikatlashtirish bo’yicha xarajatlari O’zbekiston Respublikasi Investitsiyalar sanoat va savdo vazirligining Eksportni rivojlantirish agentligi tomonidan qoplanadi hamda boshqa soliq va bank foiz-stavkalaridan imtiyozlar ko’zda tutilgan. Qarorda qurilish materiallari sanoatini innovatsion rivojlantirish, talab yuqori bo’lgan sifatli mahsulot turlarini kengaytirish, shuningdek, tarmoqning eksport salohiyatini oshirishga doir ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish va boshqalar belgilab berilgan. Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 iyundagi № PF-6244-sonli «Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo’shimcha chora tadbirlar to’g’risida»gi farmonida qayd etilganidek, hududlarda mavjud sanoat salohiyatidan, ayniqsa, qurilish industriyasini rivojlantirishda noruda minerallarning xom ashyo bazasini o’zlashtirish imkoniyatlaridan to’liq foydalanilmayapti. Qurilish materiallari va boshqa mahalliy sanoat tarmoqlarini jadal rivojlantirishga ko’maklashuvchi yaxlit tizimni yaratish, shuningdek, hududlarning sanoat salohiyatini oshirish maqsadida:
mavjud tabiiy va iqtisodiy resurslarni jalb qilish, tumanlar (shaharlar)
salohiyatini ishga solish va ularning nisbiy ustunliklaridan foydalanish asosida mahalliy sanoatni rivojlantirish «drayverlari» bo’lgan tarmoqlarni aniqlash;
tarmoqlarning ichki va tarmoqlararo kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va
chuqurlashtirish, korxonalarni global ishlab chiqarish zanjirlariga jalb qilish va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni uchinchi davlatlarga hamkorlikda eksport qilishni yo’lga qo’yish;
«qo’shimcha qiymat zanjirlari»ni kengaytirish, tayyor mahsulotlar va
materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish;
uchun professional kadrlar tayyorlash, trening dasturlaridan keng foydalanish va boshqa bir qator vazifalar belgilangan14.
Dostları ilə paylaş: |