379
Metall to‘siqlarda o‘q tegishidan hosil bo‘lgan jarohat teshigi aylana
yoki oval shakliga ega bo‘ladi. Ana shu halqaning diametri yoki ovalning
kichik diametri o‘qning yetakchi qismining diametri bilan deyarli bir xil
bo‘ladi (75 a–rasm).
Yog‘och to‘siqda o‘q tegishidan hosil bo‘lgan jarohatning o‘lchami,
odatda, o‘qning diametridan kichik bo‘ladi, bundan tashqari,
yog‘ochning namligi qancha katta bo‘lsa, jarohatning diametri shuncha
kichik bo‘ladi (75 b–rasm). Bu holda qurolning kalibri to‘siqdagi mavjud
bo‘lgan ishqalanish halqasining tashqi diametridan aniqlanishi mumkin.
Qog‘oz to‘siqqa o‘q otilganda ham yuqoridagiga o‘xshash holat
kuzatiladi.
Matolarda o‘q tegishidan hosil bo‘lgan jarohatning shakli mato
tolalarining to‘qilish turiga ko‘ra aniqlanadi va aylana, rombsimon va
hokazo bo‘lishi mumkin. Jarohat teshigining o‘lchami o‘q diametridan
kichik bo‘ladi, qurol kalibriga esa ishqalanish halqasining tashqi diametri
mos keladi.
Elastik to‘siqlarga o‘q otilishida esa, masalan, rezina, charm va
boshqalarga — o‘q tegishidan hosil bo‘lgan jarohat teshigining diametri
o‘q diametridan anchagina kichik bo‘ladi, ishqalanish halqasining
diametri esa muayyan material xossalari, o‘qning bosh qismi shakliga
bog‘liq bo‘ladi hamda o‘q diametridan kichik ham, katta ham bo‘lishi
mumkin (75 v–rasm).
Mo‘rt materialli to‘siqlardagi o‘q tegishidan hosil bo‘lgan
jarohatlarga ko‘ra qurol kalibrini aniqlashning deyarli imkoni yo‘q,
chunki bu holda jarohat teshigining o‘lchami o‘q diametridan ancha katta
bo‘ladi (75 g–rasm).
Ta’kidlash joizki, oson deformatsiyalanadigan o‘qlar, masalan,
qobiqsiz o‘qlar, o‘zining diametridan ancha katta o‘lchamdagi o‘q teshigi
bo‘lgan jarohatlarni hosil qilishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: