2. Soliq solish tizimini noto‘g‘ri qo‘llash. SKning 350-moddasiga muvofiq, 2008
yildan boshlab yagona soliq to‘lovi aktsiz solig‘i to‘lanadigan mahsulot ishlab
chiqarishni va er qa’ridan foydalanganlik uchun soliq solinadigan foydali qazilmalarni
qazib olishni amalga oshiruvchi mikrofirmalar va kichik korxonalarga tatbiq etilmaydi.
Biroq, amaliyotning ko‘rsatishicha, ko‘pchilik kichik korxonalar er qa’ridan
foydalanuvchi bo‘la turib, yagona soliq to‘lovini to‘lagan holda soliq solishning
soddalashtirilgan tizimida qolishni davom ettirmoqdalar, holbuki, soliq qonunchiligiga
binoan, ular umumbelgilangan soliqlarni, shu jumladan er qa’ridan foydalanganlik uchun
soliqni to‘lashlari kerak.
3. Foydali qazilmalar qazib olish hajmini kamaytirib ko‘rsatish.Masalan, kon
yuzini ochib foydali qazilmalarni olish ishlarida ularni qazib olish hajmini aks ettirmaslik
yo‘li bilan foydali qazilmalar hajmi yashiriladi. Buning natijasida ular Zaxiralarning
davlat balansida ham aks ettirilmaydi.
Bundan tashqari, g‘isht zavodlari ba’zida g‘isht tayyorlashning hisob-kitob hajmini
kamaytirib ko‘rsatadilar, tegishincha, er qa’ridan foydalanganlik uchun soliq solish
bazasi bo‘lgan sof tushum summasini kamaytiradilar.
Daryo qirg‘oqlarini tozalash, tekislash va mustahkamlash bilan shug‘ullanadigan
ayrim korxonalar qum-shag‘al aralashmasini chiqarib, qayta ishlaydilar, keyin esa er
qa’ridan foydalanganlik uchun soliqni to‘lamagan holda uni qurilish tashkilotlari yoki
xususiy shaxslarga sotadilar. Bunda ular kichik biznes sub’ektlari bo‘la turib
umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tmaydilar. Ba’zi fermer xo‘jaliklari erlarni
rejalashtirish, rekultivatsiya qilishdan olingan g‘isht-cherepitsa xom ashyosini sotadilar
yoki g‘isht ishlab chiqaruvchi mikrofirmalar va kichik korxonalarga ko‘rsatgan
xizmatlari evaziga tekinga beradilar. Bunda xo‘jaliklar er qa’ridan foydalanganlik uchun
soliqni to‘lamaydilar.