13.5§. Asinxron motorlarning ish xarakteristikalarini analitik hisoblash usuli Asinxron motorlarning ish xarakteristikalarini ularning o‘zgarmas elektr parametrlari uchun qurilgan toklarning doiraviy diagrammasini qo‘llab hisoblash usuli katta kamchilikka ega, masalan, o‘rta va katta quvvatli asinxron motorlarning ish rejimlari o‘zgarganda paz va differensial tarqoq magnit oqimlari tomonidan po‘lat o‘zakning chulg‘am joylashgan qismidagi tishlarning to‘yinishi tufayli mashina stator va rotor chulg‘amlarining induktiv qarshiliklari o‘zgaradi. Chulg‘amlardagi tokning oshishi bilan tarqoq oqimlar ham osha boradi va natijada magnit o‘zakning tish qismi to‘yina boshlaydi. Bunday holda tarqoq oqim uchun magnit o‘tkazuvchanlik kamayib, x1 va x2 induktiv qarshiliklar ham kamayadi. Motorning ish rejimi nominaldan uning rotori to‘xtagunga (s = 1) qadar o‘zgarganda uning induktiv qarshiliklari pazlarning shakliga bog‘liq holda 1,11,4 marta kamayadi. Sirpanishning oshishi rotor chulg‘ami o‘tkazgichlarida tokning siqib chiqarish effektining ta’siri tufayli aktiv qarshiligining ham oshishiga olib keladi. Demak, toklarning doiraviy diagrammasi bo‘yicha aniqlangan ish xarakteristikalarining yetarli darajada aniqligi sirpanishning juda ham kam qiymatlariga to‘g‘ri kelar ekan.
Asinxron motorning katta sirpanishlarga to‘g‘ri keladigan ishini xarakterlovchi kattaliklar, shu jumladan, ishga tushirish toki va ishga tushirish momentini aniqlashda katta xatoliklarga olib keladi. Doiraviy diagrammada qo‘shimcha grafik qurishlar va ulardan foydalanib kesmalarni o‘lchashlarda ham xatoliklar kelib chiqadi.
Asinxron motorning ish xarakteristikalarini analitik usulda hisoblaganda yuqorida ko‘rsatilgan kamchiliklar bo‘lmay, zamonaviy hisoblash texnikasida amalga oshirilishi tufayli aniqlik yuqori darajada bo‘ladi. Analitik hisoblash usuli asinxron motorning almashtirish sxemasiga (11.4,b-rasm) asoslangan. Bunda asinxron motorning pasportida ko‘rsatilgan ma’lumotlar (PN, U1N, nN) hamda salt ishlash va qisqa tutashuv tajribalaridan olingan natijalar hisoblashda dastlabki ma’lumot uchun yetarli bo‘ladi.