Aylanuvchi (buriluvchi) transformator. Aylanuvchi transformator o‘zgaruvchan tok elektr mikromashinasi bo‘lib, u rotorning burilish burchagini kuchlanishga aylantirib beradi va bu kuchlanish shu burchakka yoki uning biror bir funksiyasiga mutanosib ravishda o‘zgaradi.
Aylanuvchi transformatorning tuzilishi (17.3-rasm) xuddi faza rotorli asinxron motorniki kabi bo‘ladi. Stator va rotorning har qaysiga bir-biriga nisbatan faza 90 ga siljigan ikkita bir fazali tarqalgan chulg‘amlar joylashgan. Magnit o‘zak bir-biridan izolyatsiyalangan elektrotexnik po‘lat tunukalardan yig‘ilgan bo‘ladi.
Aylanuvchi transformator burilish yoki aylanish rejimida ishlashi mumkin. Burilib ishlash rejimida rotorning statorga nisbatan holati buradigan mexanizm (reduktorli ijrochi motor) yordamida o‘zgartiriladi. Bunda stator chulg‘amining bittasi – qo‘zg‘atish chulg‘ami (QCH) o‘zgaruvchan tok manbaiga ulanadi, boshqa kompensatsiyalovchi chulg‘ami (K) esa qarshilikka ulanadi yoki qisqa tutashtiriladi. Ayrim hollarda statorning ikkala chulg‘amlari ham o‘zgaruvchan tok manbalariga mustaqil ravishda ulanadi.
Rotorning sinus (S) va kosinus (C) chulg‘amlari kontakt halqalarga cho‘tkalar orqali ulangan bo‘ladi. Aylanuvchi transformator uzluksiz aylanish ish rejimiga mo‘ljallanganda qo‘zg‘atish va kompensatsiyalovchi chulg‘amlar rotorda, sinus va kosinus chulg‘amlar esa statorda joylashgan bo‘ladi. Bunday holatda kompensatsiyalovchi chulg‘am qisqa tutashtiriladi, qo‘zg‘atish chulg‘ami esa ikkita kontakt halqa yordamida o‘zgaruvchan tok manbaiga ulanadi.
Selsinlar. Selsin ikkita chulg‘amdan: birinchisi birlamchi yoki qo‘zg‘atish chulg‘ami va ikkinchisi sinxronlovchi chulg‘amdan iborat. Selsinlar bir va uch fazali bo‘ladi. Uch fazali selsinning tuzilishi faza rotorli asinxron motorning tuzilishi kabi bo‘ladi. Ular elektr vali tizimlarida ishlatiladi. Avtomatika tizimlarida esa bir fazali selsinlar ishlatiladi. Sinxronlovchi chulg‘am statorda, qo‘zg‘atish chulg‘ami esa odatda rotorda joylashgan bo‘ladi.
Bir fazali selsin ham kam quvvatli asinxron mashinasi kabi tuzilishga ega. Ular ayon va ayon bo’lmagan qutbli bo‘ladilar. Selsinlar asosan indikator va transformator rejimlarida ishlaydi.
Indikator rejimida (17.4-rasm) selsin-qabul qilgichning rotori bosh o‘q 01 ga ulangan bo‘ladi. Bunda datchik D ning va qabul qilgich (priyomnik) P ning qo‘zg‘atish chulg‘amlari umumiy o‘zgaruvchan tok tarmog‘iga, sinxronlash chulg‘amlari esa bog‘lovchi liniya orqali o‘zaro ulanadi. Agar D va P rotorlari holatlari orasida nomuvofiqlik sodir bo‘lsa, unda sinxronlovchi chulg‘amlardan toklar o‘tib, ular qo‘zg‘atish oqimi bilan ta’sirlashib qarama-qarshi yo‘nalgan sinxronlovchi momentlarni hosil qiladi va, natijada nomuvofiqlik burchagi 0 ga teng bo‘ladi.