Urganch davlat pedagogika instituti umumiy filologiya kafedrasi "tasdiqlayman"


-§. Lisoniy paradigma va munosabatlarning asosiy turlari



Yüklə 1,17 Mb.
səhifə25/113
tarix03.10.2023
ölçüsü1,17 Mb.
#151654
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   113
til nazariyasi uchun ma\'ruza

2-§. Lisoniy paradigma va munosabatlarning asosiy turlari.
Til sistemasi birliklari biri boshqasi bilan bog‘liq tarzda yashar ekan, bunda ularning birinchi navbatda paradigmatik va sintagmatik munosabatlari namoyon bo‘ladi. Lisoniy paradigma til birliklarining paradigmatik munosabatda aloqaga kirishuvidir. Tilshunoslikda paradigma termini ikki xil ma’noni anglatadi.
1.Tilning sistemasi va strukturasi qoidalariga mos holda muayyan invariant doirasida mavjud bo‘lgan variantlar. Bu variantlardan biri kommunikativ jarayonda har so‘zlovchi tomonidan tanlanadi.
2.Nutq zanjirida til sistemasi unsurlarining tasniflanishi [R.Kobrin, 1987: 31].
Lisoniy paradigmada til birliklari bo‘lgan fonema, morfema, so‘z va gapning aloqaga kirishuvi orqali sintagmatik qatorda nutqiy faoliyatni shakllantirishini tushinamiz. Albatta, har qanday kichik birlik o‘zidan katta birlik ichida faollashadi. Masalan, fonemalar morfemada, morfemalar so‘zda, so‘zlar gapning ichida ham paradigmatik ham sintagmatik zanjirni hosil qiladi. Paradigmatik munosabatda kelgan til birliklari vertikal xarakterli bo‘ladi. Ba’zi olimlar paradigma tushunchasini tilga, sintagma tushunchasini esa faqat nutqqa tegishli deydi. Fonemalar vertikal holatda bog‘lanib sistema ichida makroparadigma holida shakllanadi. Ular amalda qo‘llanilganda sintagmatik munosabatni taqoza etadi.
Munosabat” tushunchasi haqida. Falsafada munosabat muayyan sistemadagi elementlarning joylashish tabiati va ularning bir-biri bilan o‘zaro bog‘liqligi sifatida qaraladi. Masalan, shaxs jamiyatdagi boshqa shaxslar bilan bog‘liq holda yashaydi. Ushbu bog‘liqlik shaxsning munosabatidir. Oila a’zolari orasidagi bog‘liqlik bunga yaqqol dalil bo‘la oladi. Oilada ota bilan ona, ular bilan farzandlar, farzandlar orasida o‘zaro o‘ziga xos munosabatlar oila sistemasining xususiyatini namoyon qiladi.
Oilada har bir a’zo (element)ning tutgan o‘rni bor. Bu o‘rin boshqa a’zolarga ta’sir qiladi. Bu oila yaxlitligini va mustahkamligini ta’minlovchi munosabatdir. Ahillik, hurmat-e’tibor, farosat, oilaga e’tiqod oila sistemasidagi munosabatlarning yorqin ko‘rinishlaridir.
Yoki ustoz-shogirdlik munosabatini olaylik. Ustoz shogirdiga ta’lim-tarbiya beradi, uning dunyoqarashini shakllantiradi. Ustoz ta’lim-tarbiya berishga ehtiyoj sezadi. Shuningdek, shogird ta’lim-tarbiya olishga ehtiyojmand bo‘ladi. Bu ta’lim-tarbiya hodisasining sistema, uning asosiy elementlari ustoz va shogird ekanligidan dalolat beradi. Ustoz-shogirdlik tizimida har bir elementning mavqeyi, roli, vazifasi, majburiyat va burchlari bor. Ularga tegishli element (ustoz va shogird) ning amal qilish darajasi, ya’ni munosabat bu sistemaning barqarorlik va bardavomlik darajasini belgilaydi.
Shaxs biror narsa yoki hodisaga nisbatan ma’lum bir mavqeda bo‘ladi: narsani o‘rganadi, uni vujudga keltiradi, isloh qiladi. Bu ham munosabatning bir ko‘rinishidir. Yoki kishi turli obyektlarni yoki biror obyektning turli tomonlarini fikran taqqoslaydi. Bunda ikki xil munosabat namoyon bo‘ladi: kishining obyektga va bir obyektning ikkinchi obyektga munosabati.
Bir narsaning ikkinchi narsaga munosabati masalasi haqida gap ketganda, kimyoviy elementlarning davriy jadvalini misol qilib keltirish mumkin. Kimyoviy elementlar jadvali mavhum (ongda mavjud) sistemaning bir ko‘rinishi. Bunda elementlar atom og‘irliklari asosida joylashgan. Boshqacha aytganda, ular atom og‘irliklari asosida tartiblangan. Bu tartib atom og‘irliklari asosidagi munosabat deyiladi. Yanada aniqroq tushunish uchun ko‘z oldimizga avtomobilni keltiraylik. Avtomobil muayyan (borliqda mavjud) sistema sifatida, avvalo, shassi, kuzov va dvigatel elementlaridan tashkil topgan. Bu elementlar bir-biri bilan zich bog‘langan. Biri boshqalarini taqozo etadi. Ulardan biri mavjud bo‘lmasa, sistema (avtomobil) harakatga kelmaydi.
Ko‘rinadiki, muayyan sistema elementlari o‘zaro munosabatga kirishmasa, sistema o‘z vazifasini bajara olmaydi. Munosabat bo‘lmasa, narsa element bo‘la olmaydi va elementning funksiyasini bajara olmaydi. Element sistema tarkibida munosabatlar asosida o‘z mohiyatiga ega bo‘ladi. Masalan, insonning ko‘zi inson tanasidagina element bo‘lib, undan uzilsa, element bo‘la olmaydi va o‘zining elementar mohiyatini yo‘qtotadi.
Munosabatlar tegishli elementlardan turli darajadagi murakkab sistemalarni keltirib chiqaradi. Masalan, har qanday qonunlar jamiyatni sistema sifatida tartibga solib turadi. Agar bu qonunlar bo‘lmasa, jamiyat sistemasi ham mavjud bo‘lmaydi, sistema o‘z vazifasini to‘laqonli bajara olmaydi va barbod bo‘ladi. Shuning uchun mamlakatning xususiyati undagi asosiy munosabat – qonunlarga itoat qilish darajasi bilan belgilanadi.
Har bir narsa, shaxs ko‘p qirrali, ko‘p vazifali bo‘ladi. Shu boisdan ular har bir qirrasi asosida turli sistemalarga mansub bo‘la oladi va bu sistemalardagi munosabatlari ham turlicha bo‘ladi. Masalan, biror turmushga chiqqan talabani olaylik. U ta’lim sistemasida shogird, oila sistemasida turmush o‘rtog‘i/ona/kelin, ota-onasi oilasiga munosabatda farzand/opa/singil, yo‘l harakati tizimida yo‘lovchi, tushlik paytida xo‘randa. Har bir qirrasini namoyon qilganda u ma’lum bir sistema tarkibiga kirib, bu sistema tarkibidagi boshqa elementlar bilan o‘zaro munosabatda bo‘ladi. Bir sistemadagi munosabatlari boshqa sistemadagi munosabatlaridan farqlanadi.
Har qanday sistema (narsa)ni uni tashkil etuvchi elementlarning o‘zaro nisbati, munosabati deb qarash mumkin. Bu nisbat, munosabat o‘zgarishi bilan narsalar ham o‘zgaradi. Jamiyatda kishilarning faoliyati jarayonida yuzaga kelgan o‘zaro munosabatlar ijtimoiy munosabatlar sanaladi. Ijtimoiy munosabatlar jamiyat sistemasining o‘ziga xosligini keltirib chiqaradi.
Tillar ulardagi gaplarning ega va kesimi munosabatiga qarab turli sistemalar ekanligini namoyon qiladi. Masalan, agglyutinativ tillarda ega ma’nolari kesimdan anglashilib turadi va shuning uchun kesim egaga ko‘p ham ehtiyoj sezavermaydi. Flektiv tillarda kesim egasiz xabar ifodalishi qiyin. Demak, gap sistemasidagi elementlar (ega va kesim) munosabatining o‘ziga xosligiga qarab, tillar sistemalari farqlanadi. Shuning uchun ham agglyutinativ, flektiv va amorf tillar turli sistemali tillar deyiladi. Munosabatlar tillarning tabiatini belgilashini shunda ko‘rish mumkin.
Demak, aytish mumkinki, munosabat – keng qamrovli tushuncha. U butunning tarkibiy qismlari – birliklari orasidagi o‘zaro aloqa va bog‘lanishni anglatadi. Bunday aloqani tilimiz birliklari orasida ham kuzataylik. Quyidagi gapga diqqat qiling: Ularning otlari – Salim va Halim. Bundagi nutqiy birliklar turli munosabat bilan bog‘langan. Ular so‘zi otlari so‘zi bilan, u olmoshi -lar qo‘shimchasi bilan ketma-ket, zanjirsimon aloqada. Yoki otlari so‘zi 6 ta tovushning ketma-ketligidan iborat.
Gap ham, so‘z ham tarkibiy qismlarga bo‘linar ekan, butunlik, sistema sanaladi. Munosabat falsafada va xususiy fanlarda o‘ziga xos tushuniladi. Barcha fanlarda munosabat tushunchasi falsafiy munosabatning tor doiradagi ko‘rinishlari hisoblanadi.
Tilshunoslikda munosabatning bir necha ko‘rinishlari farqlanadi. Ulardan eng muhimlarini ko‘rib o‘tamiz.

Yüklə 1,17 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   113




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin