Eshitib his etish aspekti (perseptiv aspekt). Fonetikaning bu aspekti fonetik birliklarning eshitish a`zolariga ta`sirini his etish orqali so‘zning ma`nosini yoxud gap va nutq mazmunini idrok qilish qonuniyatlarini o‘rganadi.
Ma`lumki, inson tashqi dunyoni o‘zining sezgi a`zolari orqali his etadi: ko‘radi, eshitadi, sezadi. Fonetik birliklar ham moddiy-material hodisa sifatida insonning eshitish a`zolariga ta`sir qiladi, ammo bu ta`sir shunchaki moddiy hodisaning ta`sirigina emas, balki fonetik so‘zning (ma`noga ega bo‘lgan formaning) yoxud gapning ta`siri bo‘ladi. Shuning uchun har qanday so‘zni, so‘z shaklini yoki gapni eshitganimizda, ongimizda shu birliklarning ma`nosi yoki mazmuni, aniqrog‘i, ma`no yoki mazmun obrazi gavdalanadi. Bunday his etish, idrok qilishsiz tilning birorta funktsiyasi(nominativ funktsiya, kommunikativ funktsiya, emotive funktsiya va hokazolar) amalga oshirilmaydi.
Lingvistik-funksional aspekt.Fonetikaning bu aspekti fonetik birliklarning til mexanizmidagi rolini, demak, tilning ijtimoiy mohiyatini belgilashdagi axamiyatini o‘rganadi. Tilshunoslikda fonetikaning bu aspekti fonologiya deb ataladi
Fonologiya tilshunoslikning bir bo‘limi bo‘lib, u fonetik- fonologik birliklarning tildagi vazifalari, til mexanizmidagi roli haqida ma`lumot beradi. Tilshunoslikda fonologiyaning fan sifatidagi maqomi xususida ikki xil fikr mavjud. Birinchi fikrga ko‘ra fonologiya fonetikaning o‘zi emas, chunki fonetika nutq tovushlarini, fonologiya esa til tovushlarini o‘rganadi: nutq tovushlari haqidagi ta`limot (fonetika) aniq fizik hodisalarni, til tovushlari haqidagi ta`limot (fonologiya) esa shu tovushlarning lisoniy-vazifaviy xususiyatlarini tadqiq qiladi, shunga ko‘ra ularning tadqiqot metodlari ham har xil: fonetika tabiiy fanlarning tadqiqot metodlariga fonologiya esa lingvistik tadqiqot metodlariga, asoslanadi. Ikkinchi fikrga ko‘ra, fonologiyani fonetikadan ajratib bo‘lmaydi, chunki muayyan tilning fonemalari tizimini, bu tizimdagi har bir fonemaning «semantizatsiyalashgan» (fonologizatsiyalashgan) belgilarini shu tilning konkret talaffuz xususiyatlarini o‘rganmasdan tadqiq qilib bo‘lmaydi. Demak, fonologiya aslida fonetikaning o‘zi, faqat uning yuqori bosqichi, xolos. Binobarin, fonolog bir vaqtning o‘zida fonetist bo‘lmay iloji yo‘q, ayni paytda fonetist ham doimo (shu jumladan, fonologiya paydo bo‘lgan davrgacha ham) ma`lum darajada fonolog bo‘lgan, chunki u umuman tovushni emas, balki til tovushlarini o‘rgangan.