2-amaliy mashg’ulot: Farmakopiya, dorixona va veterinariya dorixonalari bilan tanishuv.
Darsning maqsadi: Talabalarga farmakopeya to’g’risida tushuncha berish, dorixonalar va ularning tuzilishi, A (zaharli), B (kuchli ta’sir ko’rsatuvchi) va boshqa ro’yxatiga kiruvchi dori vositalari to’g’risidagi ma’lumotlar bilan tanishtirish va o’rgatish. Darsning o’tkazish usuli –Darsga ta’luqli bo’lgan barcha ma’lumotlarni o’qituvchi tomonidan talabalarga tushuntiriladi va daftarga yozib o’rganiladi. Amaliy dars uchun kerakli jihozlar: farmakopeya, A, B va boshqa guruh dori vositalari ko’rsatilgan jadvallar, dori saqlash uchun maxsus idishlar, har bir guruhga kiruvchi dori vositalaridan namunalar. Farmakopeya (yunoncha so’z bo’lib pharmakon – dori va poieo – tayyorlayman) asosan dori shakllarini bir necha xil tayyorlanishini va ularni qo’llash uchun layoqatligini belgilab beruvchi to’plam hisoblanadi. Har bir davlatning o‘z farmakopeyasi bo‘ladi. Ular jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotiga qarashli Xalqaro farmakopeya talablari asosida ish ko‘radi. Farmakopeyaga o’xshash kitob birinchi bo’lib 840 yili arab vrachi Sabur-Ibn-Saxel tomonidan «Grabaddin» nomi bilan yozilganligi tarixdan ma’lum. Ammo davlat farmakopeyasi sifatida 1498 yili Italiyada «Resettario fiorentino» nomi bilan nashr qilingan bo’lsa, Germaniyada 1698 yil «Branderburg dispensatoriyasi» nomi bilan, Rossiyada esa birinchi davlat farmakopeyasi 1778 yili «Pharmacopola Rossica» nomi bilan lotin tilida nashr etilganligi tushuntirib o’tiladi.
Davlat farmakopeyasi rasmiy dastur bo‘lib, uning talablariga dori moddalar ishlab chiqaradigan, sotadigan va qo‘llaydigan muassasalar rioya qilishlari shart.
Farmakopeyada dori moddalarining nomlari, kimyoviy formulalari, fizik-kimyoviy xossalari, sifati, saqlash qoidalari, bir martalik va sutkalik miqdor (doza) lari beriladi. Farmakopeya 3 qismdan iborat bo’lib, kirish qismida dori vositalarning lotin nomlanishlari qisqartirilgan holatida ko’rsatilgan bo’lib, so’ngra A va B ro’yxatga kiruvchi zaharli va kuchli ta’sir ko’rsatuvchi vositalarning nomlanishi ro’yxati yozib berilgan. Farmakopeyaning asosiy qismida dori vositalari to’g’risidagi ma’lumotlar berilgan bo’lib unda kimyoviy farmasevtika sanoatida ishlab chiqarishdagi erishilgan yutuqlar, har bir dori preparatining lotincha va o’zbekcha nomlanishi, ularning sinonimi, fizikaviy va kimyoviy xususiyatlari, tozaligi va haqiqiyligini aniqlash uchun o’tkazilgan tajribalar, shuningdek ularni miqdor ko’rsatkichlari hamda saqlash holatlari va qanday shaklda ishlab chiqarilishi ko’rsatib o’tilgan. Farmakopeyaning keyingi xulosa qismida esa dorivor vositalarning fizik-kimyoviy, biologik izlanishlarning umumiy usullari, preparatlarning tozaligi va ularni tayyorlashdagi qo’shimcha vositalar miqdor ko’rsatkichlari, flyuorometrik, polyarografik va xromatografik tekshiruvlar, dori vositalarning aktivligini biologik usulda hamda bakterial preparatlarni aniqlash usullari va sterillash qoidalari ko’rsatib o’tilgan. Qo’shimcha qilib esa odamlar va hayvonlar uchun qo’llaniladigan preparatlarning eng yuqori zaharli va kuchli ta’sir etuvchi miqdor ko’rsatgichlari keltirilgan. Suyuq dori vositalarining tomchilab berilish jadvali hamda kislota va uyuvchi ishqorlar erituvchilar sig’imi to’g’risidagi ma’lumotlar berilgan. Barcha dori vositalari qabul qilingan standartlar asosida farmasevtika zavodlarida yoki retseptlarda yozib ko’rsatilgan bo’lsa maxsus dorixonalarda tayyorlanadi va iste’molga beriladi. Shu sababli dori shakllari ikki xil usul bilan tayyorlanadi.
1.Ofisinal usulda (officina–dorixona, ustaxona) – bu davlat farmakopeyasida ko’rsatilgan standartlar asosida farmasevtika zavodlarida ishlab chiqarilgan dori shakllaridir. 2.Magistral usulda (magister–o’qituvchi, rahbar) – bu usulda davolovchi vrach tomonidan yozib berilgan retseptlar asosida maxsus dorixonalarda tayyorlangan dori shakllari hisoblanadi.