M – xolinoretseptorlarga ta’sir etuvchi moddalar Bu guruhga kiruvchi preparatlar asosan postganglionar xolinergitik sistemaga ta’sir ko‘rsatadi va qo‘yidagi guruhlari mavjud:
1. Xolinomimetiklar.
2. Antixolinesteraz moddalar.
3. Xolinolitiklar.
1- va 2- guruh preparatlari xolinergitik sistemani aktivlashtiradi, 3- guruh preparatlari esa bu sistemani blokada kiladi.
Xolinomimetik va antixolinesteraz moddalar bir-biriga o’xshash xolinergitik innervatsiyani aktivlashtiruvchi o‘zgarishlar chaqiradi. Jumladan, hazm sistemasining sekretor va qisqarish funksiyasini birdan aktivlashtirib yuboradi, ichak bezlari sekretsiyasi 2-8 marta, oshqozonda 3-12, so’lak bezlari 3-20 marta kuchayadi, bu holat o‘txo‘r hayvonlarda kuchli, go‘shtxo‘rlarda sust namoyon bo‘ladi. Hazm organlari sekretsiyasini oshirish, ovqat hazm qilishni yaxshilash maqsadida qo‘llash qiyin, lekin bezlar bilan zaharlarni va ozuqalarni hazm yo‘lidan chiqarishda yordam beradi.
Bu moddalar oshqozon va ichaklar peristaltikasini ham tez aktivlashtiradi. Bu holat 10- 20 daqiqa davom etadi va oshqozon, ichaklarni tezakdan tez tozalaydi. Lekin o‘txo‘r hayvonlarda bu juda xavfli, chunki ichaklarni yorib yuborishi mumkin. Shuning uchun bu dorilarni belgilangan dozada bo‘lib-bo‘lib yuborish (drob. doza) tavsiya etiladi.
Nafas organlarida sekretsiya kuchayadi va muskullar qisqarishi tezlashadi. Yurak ishini vaqtinchalik susaytirishi mumkin. Katta dozalarda mayda kapilyarlar kengayib, qon bosimi pasayishi mumkin. Eng ko‘zga ko‘rinadigan o‘zgarishlardan biri, bu ko‘z qorachig‘ining torayishi, ko‘z ichki bosimining pasayishi. Bunda hayvon yaqinni ko‘rib, uzoqni ko‘ra olmaydi.
Ushbu guruhga kiruvchi dorilar xolinergik sistemani sezilarli darajada aktivlashtirib, shu innervatsiyaga ega boshqa fiziologik sistemalarda ham murakkab o‘zgarishlar chaqiradi. Lekin hamma preparatlar bir xil ta’sir etmaydi, shuning uchun har biri har xil maqsadlarda qo‘llaniladi.
Xolinomimetik moddalar. Bu guruhga tabiiy xolinomimetik – atsetilxolin, uning stabillashgan preparati – karboxolin hamda atsetilxolin hosil bo‘lishini aktivlashtiruvchi moddalar – arekolin, piloxarbin, atseklidin va tenzamonlar kiradi.